PF-161-son Farmon · 08.09.2025

Islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlash samaradorligini oshirish hamda ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda vazirlik va idoralarning masʼuliyati va tashabbuskorligini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-161
  • Qabul qilingan sana:08.09.2025
  • Kuchga kirgan sana:09.09.2025
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/25/161/0813

Ijtimoiy munosabatlarni oʻz vaqtida hamda samarali huquqiy tartibga solish, islohotlarning huquqiy asoslarini mustahkamlash, davlat organlari masʼuliyati va tashabbuskorligini oshirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-iyuldagi “Davlat boshqaruvi tizimida samaradorlik, proaktivlik va natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-111-son Farmonida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida qaror qilaman:

I. Maqsadlar

1. Quyidagilar norma ijodkorligi faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirishning asosiy maqsadlari etib belgilansin:

(a) amalga oshirilayotgan islohotlar ijrosini tezkor taʼminlash va ijtimoiy munosabatlarni oʻz vaqtida va samarali huquqiy tartibga solish, huquqiy boʻshliqlarni bartaraf etish hamda norma ijodkorligi faoliyatining yanada samarali tizimini joriy etish;

(b) huquqiy mexanizmlarni idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar (keyingi oʻrinlarda — idoraviy hujjatlar) bilan belgilash amaliyotini kengaytirish orqali vazirlik va idoralarning institutsional mustaqilligini oshirish va ularning proaktiv siyosat yuritishini taʼminlash;

(v) idoraviy hujjatlar loyihalarini ekspertizadan oʻtkazish va kelishish tartib-taomillarini soddalashtirish orqali maʼmuriy byurokratiyani va murakkablashgan tartibotlarni bartaraf etish.

II. Norma ijodkorligi faoliyatining samaradorlikka yoʻnaltirilgan yangi tartibini joriy etish

2. Belgilansinki:

(a) vazirliklar va idoralar, agar ularga qonun hujjatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tegishli sohada davlat siyosatini amalga oshirish boʻyicha vakolatlar berilgan boʻlsa, idoraviy hujjatlar qabul qilishi mumkin;

(b) idoraviy hujjatlarni qabul qilish uchun yuqoriroq yuridik kuchga ega boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarda tegishli hujjatni qabul qilish vakolati aniq yozib qoʻyilgan boʻlishi talab etilmaydi;

(v) vazirlik va idoralar davlat siyosatini amalga oshirish vakolati doirasida huquqiy tartibga solish funksiyasini bajaradi;

(g) yangi islohotlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari qabul qilinganda, vazirlik va idoralar ularni hayotga tatbiq etish uchun oʻzlari tezkor idoraviy hujjatlar qabul qilishi mumkin;

(d) Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining hujjatlaridagi topshiriqlar ijrosi yuzasidan qabul qilingan idoraviy hujjatlarning Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi ushbu topshiriqlarni “Ijro.gov.uz” tizimida nazoratdan yechishga asos hisoblanadi;

(j) vazirlik va idoralar boʻysunuvidagi qoʻmita, agentlik va inspeksiyalar, agar ularga tegishli sohada davlat siyosatini yuritish vakolati yuklatilgan boʻlsa, idoraviy hujjatlar qabul qilishi mumkin, bunda zarur hollarda ushbu hujjat yuqori turuvchi organ bilan ham kelishiladi;

(z) idoraviy hujjatlarga, qonunchilikda belgilangan holatlardan tashqari, quyidagi qoidalarni kiritishga yoʻl qoʻyilmaydi:

(i) jismoniy va yuridik shaxslarga yangi imtiyoz hamda javobgarlik choralarini belgilaydigan;

(ii) amaldagi tartib-taomillarni asossiz murakkablashtiradigan, fuqarolarning huquq va erkinliklarini cheklaydigan;

(iii) asoslanmagan qoʻshimcha xarajat va toʻlovlarni, yangi turdagi soliq va yigʻimlarni, litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillarini joriy etadigan;

(i) ijtimoiy munosabatlarni haddan ziyod huquqiy tartibga solishga yoʻl qoʻymaslik maqsadida idoraviy hujjatlar loyihasi ishlab chiqilishidan oldin, hujjatni qabul qilishning yaqqol zarurati va uni qabul qilmasdan boshqa muqobil yechimlar orqali muammoni hal qilishning imkoniyatlari oʻrganiladi;

(k) barcha idoraviy hujjatlar loyihalari majburiy tartibda jamoatchilik muhokamasidan oʻtkaziladi, bundan yangi qabul qilingan qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi hamda davlat sirlariga oid maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan idoraviy hujjatlar loyihalari mustasno;

(l) qonunlar va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari loyihalarini ishlab chiqishda, ularni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan idoraviy hujjatlar ham bir vaqtning oʻzida tayyorlanadi va loyiha bilan birga yuqori instansiyalarga kiritiladi.

3. Belgilansinki, idoraviy hujjatlarni qabul qilish, ularni huquqiy ekspertiza va davlat roʻyxatidan oʻtkazish muddatlari boʻyicha quyidagi qatʼiy talablar oʻrnatiladi:

(a) idoraviy hujjatlarni qabul qilish muddati, agar Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining hujjatlarida bundan koʻp muddat belgilanmagan boʻlsa, ikki oy etib belgilanadi;

(b) idoraviy hujjat loyihasini jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazish muddati 10 kunni tashkil etadi, agar loyiha yuzasidan 5 kun ichida taklif kelib tushmasa, uni huquqiy ekspertizadan oʻtkazish uchun Adliya vazirligiga kiritish mumkin boʻladi;

(v) idoraviy hujjatlarni Adliya vazirligi tomonidan huquqiy ekspertiza va davlat roʻyxatidan oʻtkazish muddati 30 kundan 20 kunga, qoʻshimcha oʻrganishni talab qiladigan hujjatlar boʻyicha esa koʻrib chiqish muddatini uzaytirish 15 kundan 10 kunga qisqartiriladi;

(g) belgilangan talablarga rioya qilmasdan kiritilgan idoraviy hujjatlarni Adliya vazirligi tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etish muddati 30 kundan 15 kunga qisqartiriladi.

4. Idoraviy hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishda:

(a) Adliya vazirligi idoraviy hujjatlarni quyidagi hollarda qayta ishlash (tahrirlash) orqali davlat roʻyxatidan oʻtkazadi:

(i) Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, yuqoriroq yuridik kuchga ega boʻlgan boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiqlashtirish maqsadida;

(ii) qonunchilik texnikasi qoidalariga muvofiqlashtirish zarurati tugʻilganda;

(iii) havola qiluvchi normalar qoʻllanishining asosliligi va maqsadga muvofiqligi taʼminlanmaganda;

(b) qayta ishlangan (tahrirlangan) hujjatni davlat roʻyxatidan oʻtkazishga ushbu hujjatni qabul qilgan vazirlik yoki idoraning birinchi rahbari tomonidan yozma yoki elektron tizim orqali rozilik berilgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi;

(v) Adliya vazirligining davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi xulosasi imzolangan vaqtdan idoraviy hujjat bekor qilingani haqidagi belgi avtomatik tarzda elektron tizimda qayd etiladi, bunda ularni bekor qilish uchun alohida hujjat qabul qilish talab etilmaydi;

(g) Adliya vazirligiga jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazish jarayonida jismoniy va yuridik shaxslarning asosli eʼtirozlariga sabab boʻlgan idoraviy hujjat loyihalarini qayta ishlash uchun davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etish vakolati beriladi.

5. Qonunchilikdagi huquqiy boʻshliqlarni bartaraf etish hamda idoraviy hujjatlarni yuqoriroq yuridik kuchga ega boʻlgan qonunchilik hujjatlariga tezkor va toʻliq muvofiqlashtirish maqsadida:

(a) Ayrim qonunchilik hujjatlarini amalga oshirish mexanizmlari bilan taʼminlash boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishning 2025-2026-yillarga moʻljallangan dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) ilovaga muvofiq tasdiqlansin;

(b) vazirlik va idoralarning birinchi rahbarlari Dastur ijrosini samarali va oʻz vaqtida tashkil etish uchun shaxsan javobgar hisoblanishi qayd etilsin;

(v) yangi normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishi munosabati bilan belgilangan muddatda oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmagan yoki oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilmagan idoraviy hujjatlar:

(i) yuzaga kelishi mumkin boʻlgan salbiy oqibatlarni hisobga olgan holda Adliya vazirligi tomonidan Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestridan (keyingi oʻrinlarda — Reyestr) chiqariladi;

(ii) Reyestrdan chiqarilishi natijasida yuzaga keladigan oqibatlar uchun vazirlik va idoralar rahbarlari javobgar hisoblanadi.

6. Amalga oshirilayotgan islohotlarning ijrosini taʼminlashda professional boshqaruv va natijadorlikka asoslangan tizimni yoʻlga qoʻyish maqsadida:

(a) vazirlik va idoralarning rahbarlariga idoraviy hujjatlarni oʻz vaqtida va sifatli ishlab chiqish hamda amaliyotga joriy etish boʻyicha shaxsiy masʼuliyat va javobgarlik yuklatiladi;

(b) yangi tizim doirasida idoraviy hujjatlarning oʻz vaqtida kelishilishi, qabul qilinishi va davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlamagan vazirlik va idoralar rahbarlariga intizomiy javobgarlik choralari joriy etiladi;

(v) idoraviy hujjatlar oʻz vaqtida va sifatli ishlab chiqilishi hamda qabul qilinishi va davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi, shuningdek, ular loyihalarining oʻz vaqtida koʻrib chiqilishi va kelishilishi ustidan nazorat Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra Adliya vazirligi vazirlik va idoralar tomonidan idoraviy hujjatlar oʻz vaqtida ishlab chiqilishi, qabul qilinishi va davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini doimiy monitoring qilib boradi. Bunda:

(a) monitoring natijalari asosida oʻz muddatida amaliyotga joriy etilmagan idoraviy hujjatlar yuzasidan har chorakda Prezident Administratsiyasi va Hukumatga axborot kiritiladi;

(b) Prezident Administratsiyasi va Hukumat tomonidan belgilangan muddatlarda idoraviy hujjatlarni amaliyotga joriy etmaslik sabablari oʻrganiladi hamda masʼul vazirlik va idoralar rahbarlarining intizomiy javobgarligi masalasi koʻrib chiqiladi;

(v) Adliya vazirligi idoraviy hujjatlarni oʻz vaqtida amaliyotga joriy etmaslik sabablarini bartaraf qilish va masʼul xodimlarning javobgarlik masalasini koʻrib chiqish boʻyicha tegishli vazirlik va idoralarga bajarilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritadi;

(g) Vazirlar Mahkamasi va Hisob palatasi vazirlik va idoralar tomonidan idoraviy hujjatlar oʻz vaqtida ishlab chiqilishi, kelishilishi va davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi yuzasidan doimiy nazorat olib boradi.

8. Adliya vazirligining idoraviy hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilish jarayonlaridagi ortiqcha tartib-taomillarni bartaraf etishga qaratilgan quyidagi takliflari qoʻllab-quvvatlansin:

(a) idoraviy hujjatni u birinchi kelishilayotgan vazirlik va idora bilan kelishilgandan soʻng oʻttiz kun ichida qabul qilish talabi bekor qilinsin;

(b) yangi qabul qilingan qonunchilik hujjatlarining talablariga muvofiqlashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutuvchi idoraviy hujjatlarni manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishmasdan huquqiy ekspertiza va davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun Adliya vazirligiga kiritishga ruxsat berilsin.

III. Tashkiliy chora-tadbirlar

9. Adliya vazirining birinchi oʻrinbosari vazirlik va idoralar, shu jumladan, Adliya vazirligining norma ijodkorligi sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirishga, xususan:

(a) idoraviy hujjatlar oʻz vaqtida ishlab chiqilishi, qabul qilinishi va davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlashga;

(b) tartibga solish taʼsirini baholash tizimini keng joriy qilishga;

(v) milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga uygʻunlashtirish masalalariga masʼul etib belgilansin.

10. Adliya vazirligi bir hafta muddat ichida ushbu Farmon asosida vazir oʻrinbosarlari oʻrtasida vazifalar taqsimoti hamda vazirlik markaziy apparatining yangilangan tuzilmasini tasdiqlasin.

IV. Farmon ijrosini tashkil qilish, taʼminlash va nazorat

11. Adliya vazirligi:

(a) bir oy muddatda idoraviy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish qoidalarini qayta koʻrib chiqqan holda idoraviy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish, huquqiy ekspertizadan va davlat roʻyxatidan oʻtkazish qoidalarini tasdiqlasin;

(b) 2026-yil 1-martga qadar Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini quyidagilar asosida qayta koʻrib chiqsin va takliflarni Prezident Administratsiyasiga kiritsin:

(i) “aqlli tartibga solish” modeli doirasida zamonaviy tartibga solish usullarini keng qoʻllash;

(ii) muhim ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi ustidan maqsadli koʻrsatkichlar asosida tizimli monitoringni amalga oshirish;

(iii) idoraviy hujjatlar bilan huquqiy tartibga solish amaliyotini kengaytirish orqali soha regulatorlarining mustaqilligini va javobgarligini kuchaytirish;

(iv) normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda jamoatchilik ishtirokini manzilli kengaytirishga qaratilgan muqobil mexanizmlarni joriy etish;

(v) norma ijodkorligi jarayoniga zamonaviy IT texnologiyalarini keng joriy etish, shu jumladan, sunʼiy intellektni qoʻllash;

(v) ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

12. Adliya vazirligi (A. Tashkulov) Dasturni amalga oshirish doirasida ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari sifatli va oʻz vaqtida tayyorlanishi, kelishilishi va qabul qilinishi ustidan monitoring yuritsin hamda ijrosi boʻyicha Prezident Administratsiyasiga har chorakda axborot kiritib borsin.

13. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib adliya vaziri A.D. Tashkulov belgilansin.

14. Farmon ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Huquqiy ekspertiza va kompleks-tahlil qilish departamenti boshligʻi A.B. Samadov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2025-yil 8-sentabr,

PF-161-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PF-161-son FarmonigaILOVA

Ayrim qonunchilik hujjatlarini amalga oshirish mexanizmlari bilan taʼminlash boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishning 2025-2026-yillarga moʻljallangan

(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-apreldagi PF-69-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.04.2026-y., 06/26/69/0420-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.