PQ-278-son Qaror · 08.09.2025

Yangi avlod muhandislarini tayyorlash va muhandislik taʼlimini rivojlantirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-278
  • Qabul qilingan sana:08.09.2025
  • Kuchga kirgan sana:18.09.2025
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:ҚММБ 07/25/278/0839

Muhandislik yoʻnalishini maktab taʼlimida ustuvor yoʻnalish sifatida joriy etish, mazkur yoʻnalishda taʼlim sifatini oshirish va malakali pedagoglarni taʼlim jarayoniga jalb qilish maqsadida qaror qilaman:

I. Asosiy maqsad

1. Ushbu qarorning asosiy maqsadi etib muhandislik taʼlimini rivojlantirish orqali quyidagilarni nazarda tutuvchi “Oʻzbekiston — ilgʻor muhandislar mamlakati” tashabbusini amalga oshirish belgilansin:

(a) mamlakatda yangi avlod muhandis kadrlar tayyorlash, oliy taʼlim tashkilotlarining sanoat bilan uzviy integratsiyasiga asoslangan muhandislik maktablari tarmogʻini tashkil etish;

(b) respublika miqyosida umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari (keyingi oʻrinlarda — umumtaʼlim maktablari) oʻrtasida muhandislikka oid fanlarni oʻqitish boʻyicha raqobat muhitini yaratish hamda umumtaʼlim maktablarini ragʻbatlantirish tizimini joriy etish.

II. Muhandislik maktablari tarmogʻini tashkil etish va muhandislik taʼlim dasturini joriy qilish

2. Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tizimida 1-ilovaga muvofiq faoliyati tugatiladigan oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlari negizida “Yangi Oʻzbekiston” universiteti hamda Mirzo Ulugʻbek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab tajribasi asosida muhandislik maktablari tashkil etilsin.

3. Belgilab qoʻyilsinki:

(a) muhandislik maktablariga oʻquvchilarni saralab olish va qabul qilish 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab bosqichma-bosqich Agentlik tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar uchun belgilangan tartib asosida amalga oshiriladi. Bunda bir sinfda oʻquvchilar soni 24 nafardan oshmasligini hisobga olgan holda:

(3-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi PF-58-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)

(i) birinchi oʻquv yilida, istisno tariqasida, 7 — 10-sinflarga, ikkinchi oʻquv yilidan boshlab umumtaʼlim maktablarining 6-sinf bitiruvchilari orasidan 7-sinfga qabul qilinadi;

(ii) muhandislik maktablarida Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan oʻqitiladigan oʻquvchilarning umumiy cheklangan soni 240 nafar etib belgilanadi;

(iii) muhandislik maktablariga oʻz quvvatidan kelib chiqqan holda pulli taʼlim xizmatlarini koʻrsatish, shu jumladan, qoʻshimcha sinflar ochish va oʻqish uchun toʻlov miqdorini belgilash huquqi beriladi;

(b) muhandislik maktablarida “Yangi Oʻzbekiston” universiteti va Mirzo Ulugʻbek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab tajribasi asosida quyidagilarni nazarda tutuvchi muhandis kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim tashkilotlari (keyingi oʻrinlarda — muhandislik oliygohlari) bilan integratsiyalashgan muhandislik taʼlim dasturi joriy etiladi:

(i) oʻquv jarayonini 5 yillik dastur asosida STEM modeli boʻyicha tashkil etish, dastlabki 3 yilda fizika, matematika va xorijiy til fanlaridan, keyingi 2 yilda muhandislik fanlari boʻyicha boshlangʻich tayyorgarlikka eʼtibor qaratish;

(ii) muhandislik maktabining 10-11-sinf hamda muhandislik oliygohlari tegishli taʼlim yoʻnalishining 1-kurs oʻquv rejalarini integratsiya qilish. Bunda oʻquvchi muhandislik oliygohining oʻquv rejasiga oid fanlar (keyingi oʻrinlarda — oliy taʼlim fanlari) boʻyicha qoʻshimcha oʻqitiladi;

(iii) oliy taʼlim fanlarini oʻqitishni kredit-modul tizimi asosida tashkil etish va ushbu fanlar boʻyicha akademik koʻrsatkichlarni (Academic Performance) belgilangan tartibda tan olish;

(v) muhandislik maktablarida muhandislik taʼlim dasturini joriy etish 2-ilovada koʻrsatilgan muhandislik oliygohlari tomonidan amalga oshiriladi. Bunda:

(i) muhandislik taʼlim dasturini joriy etish hamda muhandislik oliygohlari va muhandislik maktablariga uslubiy yordam koʻrsatish uchun mutanosib ravishda “Yangi Oʻzbekiston” universiteti va Mirzo Ulugʻbek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab tayanch oliygoh va tayanch maktab sifatida belgilanadi;

(ii) muhandislik taʼlim dasturlari doirasida integratsiya qilinadigan taʼlim yoʻnalishlari muhandislik oliygohi tomonidan mustaqil belgilanadi;

(iii) oliy taʼlim fanlari muhandislik oliygohining professor-oʻqituvchilari tomonidan oʻqitiladi va ushbu jarayonga oid barcha xarajatlar ushbu muhandislik oliygohining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qoplanadi;

(g) quyidagi talablarni bajargan muhandislik maktablari bitiruvchilariga muhandislik taʼlim dasturi boʻyicha tegishli taʼlim yoʻnalishida bir yillik qoʻshimcha davlat granti asosida 2-kursdan test sinovlarisiz va qoʻshimcha imtihonlarsiz oʻqishni davom ettirish huquqi beriladi:

(i) Scholastic Assessment Test (SAT) xalqaro imtihon tizimi boʻyicha eng kamida 1 300 ball toʻplash yoki Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan taqdim etiladigan muhandislik oliygohi taʼlim yoʻnalishiga qarab matematika, fizika va kimyo fanlaridan biri boʻyicha eng kamida B2 darajadagi davlat namunasidagi sertifikatga ega boʻlish;

(ii) oliy taʼlim fanlari boʻyicha akademik koʻrsatkichlarni (Academic Performance) oʻrnatilgan talab boʻyicha oʻzlashtirganlik.

Bunda kelgusi oʻquv yilidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda davlat grantini taqdim etish tabaqalashtirilgan tartibda qayta taqsimlash tizimi boʻyicha davom ettiriladi;

(d) 11-sinf muhandislik maktablari oʻquvchilari uchun ikki oylik majburiy ishlab chiqarish amaliyoti (stajirovka) joriy etiladi. Bunda oʻquvchi muhandislik taʼlim dasturi boʻyicha tahsil olayotgan tegishli taʼlim yoʻnalishiga oid ishlab chiqarish korxonasida amaliyot (stajirovka) oʻtashi lozim;

(j) muhandislik maktablari binolarini kapital taʼmirlash, rekonstruksiya qilish, jihozlash va obodonlashtirish ishlari 3-ilovaga muvofiq 2026 — 2028-yillar davomida Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida moliyalashtiriladi.

III. Muhandislik maktablari faoliyatini tashkil etish

4. Muhandislik maktablarida quyidagi boshqaruv lavozimlari joriy etilsin:

(a) oʻquv jarayonini tashkil etish va boshqarish boʻyicha akademik direktor;

(b) maʼmuriy-moliyaviy faoliyatni muvofiqlashtirish boʻyicha ijrochi direktor;

(v) muhandislik maktablarining soha korxonalari bilan yaqindan hamkorligini taʼminlash boʻyicha sanoat bilan aloqalar menejeri.

5. Belgilab qoʻyilsinki:

(a) akademik direktor lavozimi muhandislik oliygohining shtatlar jadvalida nazarda tutiladi hamda Agentlik bilan kelishilgan holda muhandislik oliygohi direktori tomonidan tayinlanadi;

(b) mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlariga koʻra:

(i) akademik direktor — muhandislik oliygohi dekaniga;

(ii) sanoat bilan aloqalar menejeri — Agentlik tizimidagi hududiy ixtisoslashtirilgan maktabning direktor oʻrinbosariga;

(iii) qolgan barcha maʼmuriy-boshqaruv, pedagogik, oʻquv-yordamchi, texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar — Agentlik tizimidagi hududiy ixtisoslashtirilgan maktabning tegishli xodimlariga tenglashtiriladi;

(v) akademik direktor, ijrochi direktor va sanoat bilan aloqalar menejeri faoliyatining eng muhim samaradorlik koʻrsatkichi bitiruvchi oʻquvchilar oʻqishni muhandislik oliygohida belgilangan tartibda 2-kursdan davom ettirishi hisoblanadi va bir martalik ragʻbatlantirish mexanizmlari joriy qilinadi;

(g) muhandislik maktablarini saqlash xarajatlari Davlat budjeti hisobidan amalga oshiriladi.

IV. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Ilgʻor muhandislik maktabi” milliy tanlovi

6. 2026-yil 1-yanvardan boshlab har yili umumtaʼlim maktablari oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Ilgʻor muhandislik maktabi” milliy tanlovi (keyingi oʻrinlarda — Tanlov) oʻtkazilsin.

7. Quyidagilar Tanlovni oʻtkazishning asosiy maqsadlari etib belgilansin:

(a) umumtaʼlim maktablari oʻrtasida STEM fanlarini oʻqitishda raqobat va yangilikka intilish muhitini yaratish;

(b) umumtaʼlim maktablarida STEM fanlari boʻyicha taʼlim jarayonining samaradorligi va sifatini oshirishga koʻmaklashish;

(v) pedagog oʻqituvchilarning STEM fanlarini oʻqitishga boʻlgan qiziqishi va intilishini kuchaytirish.

8. Belgilab qoʻyilsinki:

(a) Tanlov 3 bosqichda — tuman (shahar), Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda respublika miqyosida oʻtkaziladi;

(b) Tanlov natijalariga koʻra uning gʻoliblari quyidagi koʻrinishda ragʻbatlantiriladi:

(i) 4-ilovaga muvofiq tanlov gʻoliblarini moddiy ragʻbatlantirish;

(ii) Tanlovning respublika bosqichi gʻoliblari uchun xorijiy davlatlarga taʼlim sayohatini tashkil etish;

(iii) Tanlovning respublika bosqichida 1-oʻrinni egallagan maktabga Davlat budjeti hisobidan muhandislikka oid laboratoriyalar jamlanmasini oʻz ichiga olgan innovatsion texnopark tashkil etish uchun 1 milliard soʻm miqdorida mablagʻ ajratish.

Bunda innovatsion texnoparkka ega boʻlgan maktablarda mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlariga koʻra fizika oʻqituvchisiga tenglashtirilgan 1 ta shtat birligida laborant lavozimi kiritiladi.

V. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat

9. “Oʻzbekiston — ilgʻor muhandislar mamlakati” tashabbusini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

10. Mazkur qarorda belgilangan tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar 2026-yildan boshlab har yili Davlat budjeti parametrlarida negizida muhandislik maktablari tashkil etilayotgan oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlaridan boʻshagan mablagʻlar hisobidan nazarda tutiladi.

11. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

12. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri E.G. Karimova hamda oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov belgilansin.

13. Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining oʻrinbosari X.U. Umarova zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2025-yil 8-sentabr,

PQ-278-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PQ-278-son qaroriga1-ILOVA

Faoliyati tugatiladigan va negizida “Yangi Oʻzbekiston” universiteti hamda Mirzo Ulugʻbek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab tajribasi asosida muhandislik maktablari tashkil etiladigan oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlari

Izoh: faoliyati tugatiladigan akademik litsey va texnikumlarda oʻquv jarayoni amaldagi oʻquvchilar uni bitirib olgunga qadar amalga oshirilishi inobatga olinadi.

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-dekabrdagi PQ-390-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2025-y., 07/25/390/1228-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PQ-278-son qaroriga2-ILOVA

Muhandis kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim tashkilotlariga biriktiriladigan muhandislik maktablari

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-dekabrdagi PQ-390-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2025-y., 07/25/390/1228-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PQ-278-son qaroriga3-ILOVA

Muhandislik maktablarini 2026 — 2028-yillarda kapital taʼmirlash, rekonstruksiya qilish, jihozlash va obodonlashtirish boʻyicha

Izohlar:

1) muhandislik maktablari 2026 — 2028-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida kapital rekonstruksiya qilinadi;

2) muhandislik maktablarini rekonstruksiya qilish va jihozlash loyihalari Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi bilan majburiy tartibda kelishiladi;

3) * Mirzo Ulugʻbek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab uchun zamonaviy laboratoriya va 200 oʻrinli yotoqxona binolari quriladi.

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi PF-58-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PQ-278-son qaroriga4-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Ilgʻor muhandislik maktabi” milliy tanlovi gʻoliblarini ragʻbatlantirish

(bazaviy hisoblash miqdorida)T/rBosqich1-oʻrin2-oʻrin3-oʻrin1.Tuman (shahar)2001501002.Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri3002502003.Respublika600450300

Izoh: ragʻbatlantirish toʻlovlari Davlat budjetining tegishli darajadagi budjetlari hisobidan moliyalashtiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PQ-278-son qaroriga5-ILOVA

“Oʻzbekiston — ilgʻor muhandislar mamlakati” tashabbusini amalga oshirish boʻyicha

T/rChora-tadbirlar nomiAmalga oshirish shakliIjro muddatiMoliyalashtirish manbalariMasʼul ijrochilarI. Muhandislik maktablari tarmogʻini tashkil etish1.Negizida muhandislik maktablari tashkil etilishi reja qilingan oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlari balansida boʻlgan bino va inshootlarni Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tasarrufiga oʻtkazish hamda Agentlik tizimida muhandislik maktablarini tashkil etish. Bunda:muhandislik maktablari ustavini tasdiqlash;muhandislik maktablarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish choralarini koʻrish.Idoraviy hujjat loyihasi2026-yil mart-Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi,Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi,Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari2.Muhandislik maktablarining ijobiy imijini yaratish va pulli taʼlim xizmatlarini koʻrsatish hajmini oshirishga qaratilgan muhandislik maktablari tarmogʻining marketing strategiyasini tasdiqlash hamda strategiya asosida targʻibot-tashviqot ishlarini tashkil etish.Idoraviy hujjat loyihasi va kompleks chora-tadbirlar2026-yil aprelMaktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining budjetdan tashqari mablagʻlari va Agentlik huzuridagi jamgʻarma mablagʻlariMaktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi 3.Muhandislik maktablarining maʼmuriy boshqaruv, oʻquv-yordamchi xodimlarining lavozim majburiyatlarini ishlab chiqish. Bunda akademik direktor, ijrochi direktor va sanoat bilan aloqalar menejeri lavozimlarini inobatga olish.Mazkur lavozimlarni tanlov asosida yuqori malakali kadrlar bilan toʻldirish choralarini koʻrish.Tashkiliy chora-tadbirlar2026-yil iyul-avgust-Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi 4.Muhandislik maktablarining taʼlim dasturini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish. Tashkiliy chora-tadbirlar2026-yil iyun-Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi,Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi5.Muhandislik maktablari oʻquvchilarining amaliyot oʻtash tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash.Tashkiliy chora-tadbirlar2026-yil dekabr-Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda masʼul vazirlik va idoralar6.Akademik direktor, ijrochi direktor va sanoat bilan aloqalar menejeri faoliyatining eng muhim samaradorlik koʻrsatkichi asosida bir martalik ragʻbatlantirish mexanizmlarini joriy etish. Bunda:bitiruvchilarning 100 foizi biriktirilgan oliy taʼlim tashkilotining muhandislik yoʻnalishida oʻqishni davom ettirganda — bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 100 baravari;bitiruvchilarning 75 foizi biriktirilgan oliy taʼlim tashkilotining muhandislik yoʻnalishida oʻqishni davom ettirganda — BHMning 75 baravari;bitiruvchilarning 50 foizi va undan yuqorisi biriktirilgan oliy taʼlim tashkilotining muhandislik yoʻnalishida oʻqishni davom ettirganda — BHMning 50 baravari miqdorida ragʻbatlantirishni nazarda tutish.Normativ-huquqiy hujjat loyihasi2026-yil dekabrDavlat budjeti mablagʻlariMaktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi 7.Muhandislik maktablarini kapital taʼmirlash, rekonstruksiya qilish va jihozlash ishlarini 2026 — 2028-yillardagi ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritish choralarini koʻrish.Normativ-huquqiy hujjat loyihasi2026 — 2028-yillar davomidaDavlat budjeti mablagʻlariMaktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi,Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariII. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Ilgʻor muhandislik maktabi” milliy tanlovini tashkil etish8.Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Ilgʻor muhandislik maktabi” milliy tanlovini oʻtkazish tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash. Bunda: tanlov ishtirokchilarini moddiy ragʻbatlantirish;tanlovning respublika bosqichi gʻoliblari uchun xorijiy davlatlarga taʼlim sayohatini tashkil etish;innovatsion texnopark tashkil etish uchun 1 mlrd soʻm miqdorida mablagʻ ajratishni nazarda tutish.Normativ-huquqiy hujjat loyihasi2025-yil dekabrDavlat budjeti mablagʻlariMaktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi 9.Innovatsion texnoparkning namunaviy loyihasini ishlab chiqish va tasdiqlash.Tashkiliy chora-tadbirlar2026-yil dekabrDavlat budjeti mablagʻlariMaktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi,Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi,Raqamli texnologiyalar vazirligi

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.