Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan V ochiq muloqotida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, shuningdek, biznesni boshlashda davlat xizmatlarini kompleks tarzda koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish hamda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini qisqartirish maqsadida qaror qilaman:
I. Asosiy maqsad
1. Ushbu Farmonni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsad etib tadbirkorlarning maʼmuriy xarajatlarini 90 milliard soʻmgacha qisqartirish, shuningdek, davlat organlari bilan oʻzaro hamkorlik jarayonlarida 15 kungacha vaqtini tejash belgilansin.
II. Biznesni kompleks tarzda roʻyxatdan oʻtkazish tizimini joriy etish
2. 2026-yil 1-yanvardan boshlab “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili asosida tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazishda bir vaqtning oʻzida quyidagi xizmatlarni koʻrsatish tartibi joriy etilsin:
(a) elektron raqamli imzo kalitini berish;
(b) bank hisobvaraqlarini ochishga ariza topshirish hamda ularni faollashtirish;
(v) ayrim faoliyat turlari boʻyicha litsenziya, ruxsatnoma olishga ariza yoki xabarnoma yuborish;
(g) koʻchmas mulk ijara shartnomasini rasmiylashtirish;
(d) qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi guvohnomasini olish (soliq xavfi darajasiga aniqlik kiritilmasdan turib avtomatik ravishda guvohnoma beriladigan soliq toʻlovchilarga);
(j) onlayn nazorat-kassa mashinalarini onlayn ravishda xarid qilish va ularni soliq organlarida roʻyxatdan oʻtkazish;
(z) yuridik shaxs rahbarini tayinlash va uni “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida hisobga qoʻyish.
3. Belgilansinki, “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili doirasida:
(a) tadbirkorlik subyekti har bir xizmatdan oʻz tanlovi asosida ixtiyoriy ravishda foydalanadi;
(b) tanlangan xizmatlar boʻyicha yagona QR kod orqali toʻlovni amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.
4. Belgilab qoʻyilsinki, 2026-yil 1-yanvardan boshlab:
(a) yakka tartibdagi tadbirkorlarga firma nomiga ega boʻlishga ruxsat beriladi;
(b) tadbirkorlik subyektlarining birlamchi maʼlumotlari (ismi, familiyasi, otasining ismi, firma nomi, manzili, tashkiliy-huquqiy shakli va h.q.) oʻzgarganda ushbu maʼlumotlar boʻyicha oʻzgartirishlar yakka tartibdagi tadbirkor guvohnomasiga, litsenziya, ruxsatnoma va xabarnomalarga avtomatik tarzda idoralararo elektron hamkorlik yoʻli bilan bepul kiritiladi. Bunda:
(i) yakka tartibdagi tadbirkorning ismi, familiyasi va otasining ismi oʻzgarganligi haqidagi maʼlumotlar — Ichki ishlar vazirligining “ID-karta” avtomatlashtirilgan axborot tizimidan;
(ii) boshqa maʼlumotlar — Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimidan oʻrnatilgan tartibda real vaqt rejimida “Litsenziya” axborot tizimiga taqdim etiladi.
III. Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish
5. 2026-yil 1-martdan boshlab:
(a) litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun yuridik shaxslarga jarima qoʻllanilganda, ularning mansabdor shaxslarini maʼmuriy javobgarlikka tortish tartibi bekor qilinsin;
(b) “Litsenziya” axborot tizimida litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni olishda quyidagilarni nazarda tutuvchi ixtiyoriy dastlabki baholash xizmati yoʻlga qoʻyilsin:
(i) dastlabki baholash doirasida talabgor litsenziya yoki ruxsatnoma olish uchun xarid qilishi rejalashtirgan bino-inshootlar, moddiy-texnika bazasi, asbob-uskunalar, yollash koʻzda tutilgan xodimlar toʻgʻrisidagi hamda boshqa maʼlumotlar litsenziya va ruxsat berish talab hamda shartlariga muvofiqligi oʻrganiladi va tegishli xulosa beriladi;
(ii) dastlabki baholash xizmati 20 kundan oshmagan muddatda koʻrsatiladi va tegishli litsenziya yoki ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatni berishda arizani koʻrib chiqqanlik uchun toʻlanadigan yigʻimdan ortiq boʻlmagan miqdorda toʻlov undiriladi.
IV. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
6. Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish yukini kamaytirish hamda byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi mazkur Farmonning maqsadi, vazifalari hamda undan kutilayotgan natijalarni ommaviy axborot vositalari, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish ishlarini tashkil qilsin.
8. Adliya vazirligi ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib adliya vaziri A.J. Tashkulov belgilansin.
10. Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 14-noyabr,
PF-214-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-noyabrdagi PF-214-son FarmonigaILOVA
Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish yukini kamaytirish hamda byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish boʻyicha