PQ-348-son Qaror · 19.11.2025

Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish va turizm sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-348
  • Qabul qilingan sana:19.11.2025
  • Kuchga kirgan sana:21.11.2025
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/25/348/1073

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-noyabrdagi “Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-217-son Farmoniga muvofiq, iqtisodiyotning strategik jihatdan muhim sektori sifatida turizm sohasining tizimli va barqaror rivojlanishini taʼminlash, sohada davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish, koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish hamda milliy turistik mahsulotlarning jahon bozorida raqobatbardoshligini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:

I. Maqsadlar

1. Quyidagilar 2030-yilgacha turizm sohasini rivojlantirishning asosiy maqsadlari etib belgilansin:

(a) turizm sohasining yalpi ichki mahsulotdagi ulushini amaldagi 3,5 foizdan 7 foizgacha yetkazish;

(b) chet ellik turistlarning yillik sonini amaldagi 10 mln nafardan 20 mln nafargacha yetkazish, shu jumladan, toʻlov qobiliyati yuqori boʻlgan turistlar oqimini koʻpaytirish;

(v) turizm xizmatlari yillik eksporti hajmini 6 mlrd AQSH dollaridan oshirish;

(g) Oʻzbekistonning turistik shaharlari oʻrtasidagi transport bogʻlanishini yaxshilash, ichki aviaqatnovlar sonini koʻpaytirish hamda yoʻlga sarflanadigan vaqtni kamida 3 baravarga qisqartirish;

(d) 4 va 5 yulduzli mehmonxonalar sonini 2 baravarga oshirish;

(j) turistik xizmatlar va mahsulotlarni diversifikatsiya qilish orqali respublikaning turistik salohiyatini toʻliq ishga solish;

(z) jahonda keng taniladigan Oʻzbekistonning turistik brendini yaratish va milliy turistik mahsulotlarni ommalashtirish uchun yangi instrumentlarni joriy etish.

II. Sohada davlat boshqaruvini takomillashtirish

2. Quyidagilar:

(a) Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari 1-ilovaga muvofiq;

(b) Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasining tashkiliy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Belgilansinki:

(a) Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Qoʻmita) turizm sohasini tartibga solish va rivojlantirish boʻyicha davlat siyosatini amalga oshiruvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi;

(b) Qoʻmita oʻz vakolatlari doirasida umummajburiy boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilishga haqli;

(v) Qoʻmita raisi:

(i) belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi;

(ii) Qoʻmita va uning tizimidagi tashkilotlar ishini toʻgʻri va samarali tashkil etish, bu orqali ularning faoliyatini natijadorlikka yoʻnaltirish, shuningdek, ushbu yoʻnalishda belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarga soʻzsiz va toʻlaqonli erishishni taʼminlash uchun masʼul hamda shaxsan javobgar hisoblanadi;

(g) Qoʻmita Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qoʻmitasining huquq va majburiyatlari boʻyicha vorisi hisoblanadi.

III. Turistik oqimni oshirish

4. Milliy turistik mahsulotlarni jahonda ommalashtirish maqsadida:

(a) Qoʻmita raisining milliy turistik mahsulotlarni ommalashtirish boʻyicha oʻrinbosari lavozimi kiritilsin;

(b) Qoʻmitaning xorijiy mamlakatlardagi vakolatxonalari (keyingi oʻrinlarda — vakolatxonalar) 3-ilovaga muvofiq tashkil etilsin;

(v) vakolatxonalar oʻzi faoliyat yuritadigan davlatlarda 4-ilovada nazarda tutilgan vazifalarni bajarishi belgilansin;

(g) Qoʻmita raisining milliy turistik mahsulotlarni ommalashtirish boʻyicha oʻrinbosari “Milliy PR-markazi” davlat muassasasi va vakolatxonalar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda milliy turistik mahsulotlarning samarali marketingi uchun shaxsan masʼul va javobgar etib belgilansin.

5. Qoʻmita:

(a) Tashqi ishlar vazirligi, Transport vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

(i) Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirish uchun vizasiz rejim joriy etiladigan davlatlar roʻyxatini kengaytirish, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirish va uning hududida boʻlish bilan bogʻliq tartib-taomillarni soddalashtirish;

(ii) respublikaning turizm-transport logistikasini rivojlantirish boʻyicha puxta ishlab chiqilgan takliflarni;

(b) Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi bilan birgalikda 2026-yil 1-martga qadar Oʻzbekiston Respublikasi turizm sohasini 2040-yilgacha rivojlantirish strategiyasi loyihasini;

(v) Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2026-yil 1-iyunga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi 2030-yilgacha moʻljallangan turistik xizmatlar bozorlarida marketing dasturi loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

(5-band “v” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-apreldagi PQ-161-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.05.2026-y., 07/26/161/0437-son)

(i) milliy turistik mahsulotlarni faol sayohat qiluvchi aholiga ega xorijiy davlatlarda ommalashtirish;

(ii) turizm sohasida targetlangan reklama tizimini keng joriy etish.

6. Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi Madaniy meros agentligi, Qoʻmita bilan birgalikda turistlarni jalb qilish boʻyicha qoʻshimcha imkoniyatlarni ishga solish maqsadida 2026 — 2028-yillarda quyidagi loyiha va chora-tadbirlarni amalga oshirsin:

(a) Samarqand shahridagi eng muhim tarixiy obyektlarni bogʻlovchi 6,6 km uzunlikdagi turistik marshrutni tashkil etish boʻyicha “Samarqandning meros yoʻli” loyihasini;

(b) aholining turmush tarzi, savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalari va kommunikatsiya tizimini tarixiy muhit bilan uygʻunlashtirgan holda Xiva shahridagi Ichan-qalʼa majmuasini jahonda yagona boʻlgan immersiv va “aqlli” muzey-shaharga aylantirish;

(v) Toshkent shahri boʻyicha:

(i) modernizm yodgorliklarini YUNESKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritish boʻyicha materiallar taqdim etish;

(ii) eng koʻp mozaikalar bor shahar sifatida jahon miqyosida eʼtirof etilishiga erishish.

7. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Qoʻmita hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda quyidagi tartibda jahonga mashhur kiyim-kechak brendlarini savdo-koʻngilochar majmualarga jalb qilish hamda shaharlar chetlarida (atroflarida) milliy arxitektura uslubiga asoslangan zamonaviy autlet markazlarni tashkil etish choralarini koʻrsin:

(a) birinchi bosqichda (2030-yilgacha) — Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarida;

(b) ikkinchi bosqichda (2030-yildan boshlab) — turistik salohiyati yuqori boʻlgan boshqa aholi punktlarida.

IV. Turizm sohasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash

8. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

(a) 2026-yil 1-apreldan boshlab chet el fuqarolari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketishda avval xarid qilingan tovarlar uchun toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini qaytarish ularning xohishiga koʻra naqd pul shaklida amalga oshirilishi mumkin;

(8-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-martdagi PQ-78-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.03.2026-y., 07/26/78/0201-son)

(b) 2026-yil 1-martdan boshlab Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlari hisobidan:

(i) turistik startaplarni — yangi turdagi turizm xizmatlarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish bilan bogʻliq xarajatlarning 50 foizi, biroq 1 mlrd soʻmdan koʻp boʻlmagan miqdorda har yili eng yaxshi 10 tagacha loyihalarga subsidiyalar ajratiladi;

(ii) mehmonxonalarning Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatda nazarda tutilgan xalqaro eʼtirof etilgan “yashil” sertifikatlarni olish bilan bogʻliq xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi;

(v) 2026-yil 1-apreldan boshlab xalqaro konferensiyalar va tadbirlarni (MICE turizm) tashkil qilib, unga kamida 100 nafar chet ellik turistni jalb qilgan tadbirkorlik subyektlariga ushbu tadbirlarni tashkil qilishda ular tomonidan toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻi summalarining 50 foizini qaytarish tartibi joriy etiladi;

(g) 2028-yil 1-yanvarga qadar ushbu qarorga 5-ilovada nazarda tutilgan tartibga rioya qilgan holda:

(8-band “g” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-avgustdagi PF-175-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2026-y., 06/26/175/0878-son)

(i) turizm sohasi subyektlari tomonidan import qilinadigan avtobus, elektrobus hamda haydovchi oʻrindigʻidan tashqari sakkizdan ortiq oʻrindiqlarga ega boʻlgan mikroavtobuslar bojxona bojidan va utilizatsiya yigʻimidan ozod etiladi (bunda utilizatsiya yigʻimidan ozod qilishga oid imtiyoz faqat oʻxshashi Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan avtobus, elektrobus va mikroavtobuslarga nisbatan tatbiq etiladi);

(8-band “g” kichik bandining “i” xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-avgustdagi PF-175-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2026-y., 06/26/175/0878-son)

(ii) Qoraqalpogʻiston Respublikasida roʻyxatga olinib, litsenziyaga ega boʻlgan turoperatorlarga, istisno tariqasida, ekstremal turlarni tashkil qilish uchun dvigatel hajmi 2,4 litrdan kam boʻlmagan yuqori oʻtish qobiliyatiga ega transport vositalari import qilinayotganda bojxona boji va utilizatsiya yigʻimini amaldagi stavkaning 25 foizi miqdorida 3 yil muddatga boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat etiladi;

(iii) turizm sohasi subyektlari tomonidan import qilinadigan avtobus, elektrobus va mikroavtobuslarning sonidan qatʼi nazar, ularga bitta sertifikat berishga ruxsat etiladi;

(d) 2030-yil 1-yanvarga qadar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan roʻyxatga kirgan mehmonxona brendlarini jalb qilgan holda brend bilan dastlabki kelishuvlarga ega tadbirkorlik subyektlari tomonidan mehmonxonani qurish va jihozlash uchun mazkur brendning talabiga muvofiq olib kelinadigan asbob-uskunalar, texnika, transport vositalari, mebel va inventarlar bojxona bojidan ozod etiladi.

(8-bandning “d” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-apreldagi PQ-161-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.05.2026-y., 07/26/161/0437-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-sentabr)

9. Belgilansinki:

(a) Qoʻmita respublika hududida oʻz filmlarini yaratishda xorijiy kinokompaniyalarga xarajatlarning bir qismini qaytarishni (Rebate) muvofiqlashtiruvchi masʼul davlat organi hisoblanadi;

(b) ushbu bandning “a” kichik bandida nazarda tutilgan xarajatlar summasi:

(i) 3 milliard soʻmgacha boʻlsa — 10 foiz;

(ii) 3 milliard soʻmdan 5 milliard soʻmgacha boʻlsa — 15 foiz;

(iii) 5 milliard soʻmdan 10 milliard soʻmgacha boʻlsa — 20 foiz;

(iv) 10 milliard soʻmdan ortiq boʻlsa — 25 foiz, biroq bitta film uchun 4 milliard soʻmdan oshmagan miqdorda Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi;

(v) 2026-yil 1-martdan boshlab nufuzli xorijiy kinokompaniyalar bilan muzokaralar oʻtkazgan holda Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan filmlarning bevosita yoki bilvosita Oʻzbekiston Respublikasi turistik jozibadorligi, tarixiy-madaniy merosi va boshqa muhim ijobiy jihatlarini namoyish qiluvchi qismini (epizodini) yaratganlik (shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida, oʻz pavilyonlarida yoki kompyuter grafikasi yordamida) uchun haq toʻlash tartibi joriy etiladi.

V. Turizm sohasini raqamlashtirish

10. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2026-yil 1-iyuldan boshlab:

(a) ishga tushiriladigan Milliy turizm yagona platformasi va uning mobil ilovasi orqali:

(i) xorijiy turistlarning roziligi asosida Davlat chegarasini kesib oʻtishda yigʻiladigan maʼlumotlarni integratsiya qilgan holda turistik elektron SIM-karta bilan ulash va vaqtincha boʻlish joyi boʻyicha roʻyxatga olish proaktiv shaklda amalga oshiriladi;

(ii) mulkchilik shaklidan qatʼi nazar transportning barcha turlari integratsiya qilingan holda sayohat yoʻnalishini tuzish, eng maqbul yoʻnalish va transport turini tanlash, chiptalarni onlayn band qilish va sotib olish imkoniyati yaratiladi;

(iii) chipta xoʻjaligi joriy qilingan barcha turizm obyektlari, shu jumladan, muzeylar, madaniy meros obyektlari, madaniyat, koʻngilochar va dam olish obyektlariga biletlarni onlayn sotib olish imkoniyatiga ega boʻlgan yagona chipta tizimi joriy qilinadi;

(iv) ekskursiyalar oʻtkazish uchun interaktiv xaritalar, planshetlar, audioyordamchi, videoyordamchi hamda onlayn translyatsiyalar vositasida turistik obyektlar haqida axborot berish imkonini beruvchi raqamli gid tizimi ishga tushiriladi;

(v) joylashtirish vositalari tomonidan xorijiy va mahalliy turistlardan undiriladigan turistik (mehmonxona) yigʻim billing tizimi orqali avtomatik tarzda toʻgʻridan-toʻgʻri Jamgʻarmaga oʻtkaziladi;

(b) aholi tomonidan dala hovlilarini ijaraga berish “Soliq” mobil ilovasi orqali “men bilan birga” shaklida bir nafar shaxs nomiga birga dam oluvchilar sonini koʻrsatgan holda soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirish orqali amalga oshiriladi.

11. 2026-yil yakuniga qadar Milliy turizm yagona platformasi doirasida “Xavfsiz shahar” apparat-dasturiy kompleksi bilan integratsiya qilgan holda respublika hududlariga turistlar oqimlari (toifalarga qarab) va ularning xohishlarini tahlil qilish, personallashtirilgan marshrutlar va takliflarni yaratish, shuningdek, narx shakllanishi va resurslar taqsimlanishi kabi imkoniyatlarni nazarda tutuvchi sunʼiy intellekt va katta hajmdagi maʼlumotlarni tahlil qilish tizimi joriy etilsin.

VI. Sohada kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish

12. Turizm xizmatlari sifatini oshirish maqsadida Butunjahon turizm tashkiloti shafeligida Xalqaro turizm akademiyasi Samarqand kampusida turizm sohasi subyektlari xodimlarining malakasini oshirish (1 oygacha) hamda ularni qayta tayyorlash (8 oygacha) oʻquv kurslari tashkil etilsin.

VII. Jamgʻarma xarajatlarini maqbullashtirish

13. Belgilansinki, 2026-yil 1-yanvardan boshlab:

(a) Jamgʻarma kengashi tuzilib, uning ijobiy qarori boʻlmagan loyihalarni moliyalashtirish budjet hamda smeta-shtat intizomini buzish hisoblanadi, bundan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlarida Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilishi belgilangan loyihalar hamda Qoʻmita, shu jumladan, uning tizim tashkilotlari va hududiy boʻlinmalarini saqlash bilan bogʻliq xarajatlar mustasno;

(b) Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarning natijadorligi Jamgʻarma kengashi tomonidan doimiy ravishda baholab boriladi;

(v) Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Xavfsiz turizmni taʼminlash jamgʻarmasiga turistik (mehmonxona) yigʻimdan kelib tushadigan tushumlardan oʻtkaziladigan mablagʻ miqdori amaldagi 10 foizdan 5 foizga kamaytiriladi.

14. Qoʻmita Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Jamgʻarma manbalari hisobidan vazirlik va idoralarga ajratmalarni bekor qilish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga taklif kiritsin.

VIII. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat

15. Turizmni jadal rivojlantirish va ushbu sohada davlat boshqaruvini takomillashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kreativ iqtisodiyot va turizm boʻyicha departamenti huzurida Turizm sohasidagi islohotlar shtabi faoliyati yoʻlga qoʻyilsin.

17. Belgilansinki:

(a) Turizm sohasidagi islohotlar shtabi hududlar, tarmoqlar hamda yirik turistik obyektlar kesimida turizm sohasidagi masalalarni monitoring qilish va hal qilish, yangi imkoniyatlarni aniqlash hamda ishga solish choralarini koʻrib boradi;

(b) Turizm sohasidagi islohotlar shtabiga jalb qilingan (xizmat safariga yuborilgan) davlat organlari va tashkilotlari xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish miqdorlari va shartlari toʻliq saqlab qolinadi hamda xizmat safari davomida ularning asosiy ish joyi boʻyicha budjet tashkilotlarining mavjud tasdiqlangan budjet parametrlari va budjetdan tashqari mablagʻlari doirasida oylik ish haqiga 20 foiz miqdorida ustama toʻlanadi.

18. Qoʻmita:

(a) bir oy muddatda Turizm qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizomni;

(b) ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

19. Qoʻmita Toshkent shahri Amir Temur shohkoʻchasi 107b-uy manzili boʻyicha joylashtirilsin.

20. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Turizm qoʻmitasi raisi belgilansin.

21. Ushbu qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kreativ iqtisodiyot va turizm boʻyicha departamenti boshligʻi G.O. Umerova zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2025-yil 19-noyabr,

PQ-348-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-noyabrdagi PQ-348-son qaroriga1-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi faoliyatining

1. Turizm turlarini diversifikatsiya qilish, eng avvalo, ichki va ziyorat turizmi, ekologik turizm, etnoturizm, ishbilarmonlik turizmi, sport, gastronomik, tibbiy, taʼlim va ilmiy turizmni har tomonlama rivojlantirish, tashqi va ichki turizmni har tomonlama kengaytirish, yangi turizm yoʻnalishlarini ishlab chiqish hamda ularni turizm bozorlarida joriy qilish.

2. Turistik xizmatlarning tashqi va ichki bozorlarida marketing tadqiqotlarini olib borish, mamlakatning turistik nufuzini yanada rivojlantirish, bebaho turizm salohiyatini ommalashtirish va targʻib qilish, milliy turistik mahsulotlar va turizm brendlarining xalqaro turizm bozorlariga kirib borishiga yoʻnaltirilgan faol reklama-axborot siyosatini amalga oshirish.

3. Turistik infratuzilmani shakllantirish, shu jumladan, turistik obyektlarni joylashtirish uchun imkoniyat yuqori boʻlgan hududlarda rejalashtirish va loyihalashtirish ishlarini tashkil etish, investorlarni jalb qilish, turizm sohasida tadbirkorlik faolligi oshishiga har tomonlama koʻmaklashish, turistik obyektlarni davlat-xususiy sheriklik asosida samarali boshqarish hamda sohani bosqichma-bosqich toʻliq raqamlashtirish.

4. Turizm sohasini davlat tomonidan va bozor orqali tartibga solishni maqbullashtirish, turistik xizmatlar bozorida raqobatni rivojlantirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish.

5. Turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlash boʻyicha takliflar kiritish, turizm sohasi subyektlari xodimlarini muntazam qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni yuqori darajada tashkil etish, sohada ilm-fanini rivojlantirishga koʻmaklashish.

6. Mamlakatning turizm salohiyatini tubdan oshirish, turizmga iqtisodiyotning strategik sektori maqomini berish, turizm sohasida yagona davlat siyosatini olib borish maqsadida turizmni rivojlantirishning yaxlit konsepsiyasini ishlab chiqish va amalga oshirishni taʼminlash.

7. Respublika hududlarining turizm salohiyatidan kelib chiqib, turizmning istiqbolli yoʻnalishlarini belgilash, yangi turistik mahsulotlarni yaratish, ularni pasportlashtirish, turizm sohasidagi yagona reyestrlarni shakllantirish.

8. Turistik obyektlarda, ovqatlanish joylarida, respublika hududi boʻylab harakatlanish vaqtida va tashriflarni tashkil etishda turistlar xavfsizligi hamda sogʻligʻini taʼminlashga yoʻnaltirilgan turistik xizmatlarni koʻrsatish sifati va xavfsizligining standartlarini ishlab chiqishni muvofiqlashtirish.

9. Respublika kinolokatsiyalarini, shu jumladan, jamoat tashkilotlari va tadbirkorlik subyektlarini jalb qilgan holda xorijda targʻib qilish.

10. Turizm boʻyicha nufuzli xalqaro va milliy tashkilotlar, birinchi navbatda, BMTning Butunjahon turizm tashkiloti, shuningdek, xorijiy kompaniyalar bilan xalqaro hamkorlikni kengaytirish, xalqaro va davlatlararo standartlar hamda normalarni turizm faoliyati va amaliyotiga joriy etish.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-noyabrdagi PQ-348-son qaroriga2-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasining

Turizm qoʻmitasiQoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri turizm boshqarmalari“Turizm xizmatlarini sertifikatlashtirish markazi” davlat muassasasi“Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetiXorijiy mamlakatlardagi vakolatxonalar *“Milliy PR-markazi” davlat muassasasiXalqaro turizm akademiyasi Samarqand kampusi“Beldirsoy-Chimyon-Nanay” xalqaro umummavsumiy kurortini qurish va ekspluatatsiya qilish boʻyicha loyiha ofisi“Turistlarga xizmat koʻrsatish markazi” davlat muassasasiTurizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti“Ipak yoʻli” ofisi” unitar korxonasi

Izoh: Qoʻmita boshqaruv xodimlarining cheklangan shtatlar soni 275 tani tashkil etadi.

* Shtat birliklari soni tegishli vakolatxonalar faoliyati yoʻlga qoʻyilganda belgilanadi va ajratiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-noyabrdagi PQ-348-son qaroriga3-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasining xorijiy mamlakatlardagi vakolatxonalari

T/rVakolatxona joylashadigan shaharFaoliyat olib boriladigan mintaqaShtat birliklari soni1.Abu Dabi shahriKoʻrfaz davlatlari32.Jakarta shahriJanubiy va Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlari33.Parij shahriYevropa davlatlari54.Pekin shahriXitoy Xalq Respublikasi, Koreya Respublikasi, Yaponiya55.Nyu-York shahriAQSH, Kanada, Lotin Amerikasi davlatlari3

Izohlar:

Vakolatxonalar faoliyati tegishli davlatlar bilan kelishish tartib-taomillari amalga oshirilgandan soʻng 2027-yil 1-yanvardan keyin tashkil etiladi.

Vakolatxonalar shtat birliklarini saqlash bilan bogʻliq xarajatlar Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-noyabrdagi PQ-348-son qaroriga4-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasining xorijiy mamlakatlardagi vakolatxonalari tomonidan bajariladigan vazifalar

I. Milliy turistik mahsulotlar marketingi

1. Tegishli davlatning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda maqsadli marketing strategiyalarini (televideniye, internet va ijtimoiy tarmoqlar, bosma nashrlar, tashqi reklama orqali) ishlab chiqish va amalga oshirish.

2. Ommaviy axborot vositalari va fikr yetakchilari (inflyuyenserlar) bilan ishlash, shu jumladan, jurnalistlar, blogerlar va turoperatorlar uchun matbuot anjumanlari va press turlar tashkil etish, ijobiy axborot fonini yaratish.

3. Mahalliy tillarda raqamli marketing oʻtkazish, shu jumladan, milliy turizm yagona platformasi va ijtimoiy tarmoqlarni ommalashtirish, onlayn kampaniyalarni yoʻlga qoʻyish.

4. Mahalliy tillarda milliy turizm imkoniyatlari haqida dolzarb kataloglar, broshyuralar, xaritalar va videomateriallar tayyorlash va tarqatish.

5. Xalqaro turistik koʻrgazmalar va yarmarkalarda milliy stendni tashkil etish, yangi mahsulotlar va yoʻnalishlarni taqdimot qilish.

II. Turistik biznes vakillari va tashkilotlar bilan hamkorlik qilish

1. Milliy turistik mahsulotlarni oʻz turistik paketlariga qoʻshish uchun yetakchi turoperatorlar bilan hamkorlik oʻrnatish va rivojlantirish.

2. Mahalliy turistik biznes vakillari uchun “B2B” tadbirlarini tashkil etish, shu jumladan, roud-shoular, taqdimotlar va vorkshoplar oʻtkazish.

3. Respublika bilan ishlashdan manfaatdor boʻlgan chet ellik turistik kompaniyalar uchun “yagona darcha” tamoyilini yoʻlga qoʻyish.

4. Mahalliy bozordagi talabni oʻrgangan holda Turizm qoʻmitasi uchun yangi turistik mahsulotlarni yaratish va moslashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish.

III. Axborot va tahliliy faoliyat

1. Tegishli davlatdagi tendensiyalar, raqobat muhiti, turistik xizmatlar isteʼmolchilarining harakati va ularga boʻlgan talabini doimiy ravishda tahlil qilish.

2. Turistlar, turoperatorlar va ommaviy axborot vositalaridan milliy turistik mahsulotlar sifati va ulardan foydalanishga boʻlgan qiziqishi toʻgʻrisida maʼlumotlar olish.

3. Turizm qoʻmitasiga oʻz faoliyati, marketing kampaniyalari samaradorligi va strategiyani takomillashtirib borish boʻyicha hisobotlarni doimiy ravishda taqdim etib borish.

4. Qonunchilikdagi, shu jumladan, turistik oqimga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan viza va respublikaga kirishga oid talablardagi oʻzgartirishlarni kuzatib borish.

IV. Ijobiy milliy imijni yaratish va ommalashtirish

1. Mamlakatning muhim turizm yoʻnalishi sifatidagi barqaror, jozibador va xavfsiz imijni shakllantirish.

2. Umumiy maqsadlarga erishish uchun Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari bilan oʻzaro hamkorlik qilish.

3. Vizaga oid tartib-taomillarni soddalashtirish, aviaqatnovlarni va turistik oqimni oshirishga xizmat qiladigan boshqa omillarni yaxshilashga qaratilgan choralarni ishlab chiqish va amalga oshirish.

4. Mamlakatning taniqliligi va jozibadorligini oshirish uchun madaniy tadbirlar, festivallar va madaniyat kunlarini tashkil etish.

V. Milliy turistik mahsulot haqidagi xabardorlikni oshirish

1. Milliy turistik mahsulotlarning oʻziga xos xususiyatlari boʻyicha chet ellik turoperatorlar uchun oʻquv seminarlari va vebinarlar oʻtkazish.

2. Dolzarb takliflar, chegirmalar va maxsus turlar haqida axborot taqdim etish.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-noyabrdagi PQ-348-son qaroriga5-ILOVA

Turizm sohasi subyektlari uchun ayrim imtiyozlarni qoʻllash

I. Mazkur qaror 8-bandi “g” kichik bandining ikkinchi xatboshisi boʻyicha

1. Imtiyoz Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga olib kirilayotgan yangi ishlab chiqarilgan, “Yevro-5” va undan yuqori ekologik standart talablariga mos keladigan avtobus va haydovchi oʻrindigʻidan tashqari sakkizdan ortiq oʻrindiqlarga ega boʻlgan mikroavtobuslar uchun taqdim etiladi.

(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-avgustdagi PF-175-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2026-y., 06/26/175/0878-son)

2. Imtiyoz Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga olib kirilayotgan yangi ishlab chiqarilgan elektrobuslar uchun ham taqdim etiladi.

3. Import qilingan avtobuslar, elektrobus va mikroavtobuslar import qilingan kundan boshlab 3 yil davomida boshqa shaxsga sotilgan yoki oʻtkazilgan yoxud ijaraga berilgan taqdirda, taqdim etilgan imtiyoz bekor qilinadi hamda bojxona boji va utilizatsiya yigʻimi belgilangan tartibda toʻliq hajmda import qilgan shaxsdan undirib olinadi.

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-avgustdagi PF-175-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2026-y., 06/26/175/0878-son)

II. Mazkur qaror 8-bandi “g” kichik bandining uchinchi xatboshisi boʻyicha

4. Transport vositasi import qilingan kundan boshlab 3 yil davomida Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududidan tashqarida foydalanilgani, boshqa shaxslarga sotilgani yoki oʻtkazilgani yoxud ijaraga berilgani aniqlangan taqdirda, bojxona boji va utilizatsiya yigʻimi toʻliq hajmda import qilgan shaxsdan undirib olinadi.

III. Mazkur qaror 8-bandi “g” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi boʻyicha

5. Imtiyoz Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga olib kirilayotgan yangi ishlab chiqarilgan, “Yevro-5” va undan yuqori ekologik standart talablariga mos keladigan avtobus va haydovchi oʻrindigʻidan tashqari sakkizdan ortiq oʻrindiqlarga ega boʻlgan mikroavtobuslar uchun taqdim etiladi.

(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-avgustdagi PF-175-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2026-y., 06/26/175/0878-son)

6. Imtiyoz Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga olib kirilayotgan yangi ishlab chiqarilgan elektrobuslar uchun ham taqdim etiladi.

7. Import qilingan avtobus, elektrobus va mikroavtobuslar import qilingan kundan boshlab 3 yil davomida boshqa shaxsga sotilgan yoki oʻtkazilgan yoxud ijaraga berilgan taqdirda, taqdim etilgan imtiyoz bekor qilinadi hamda qonunchilikda belgilangan tartibda transport vositasini import qilgan shaxsga moliyaviy sanksiya qoʻllanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-noyabrdagi PQ-348-son qaroriga6-ILOVA

Turizmni jadal rivojlantirish va ushbu sohada davlat boshqaruvini takomillashtirish boʻyicha

(6-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-martdagi PQ-78-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.03.2026-y., 07/26/78/0201-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.