PQ-75-son Qaror · 03.03.2026

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida kibersport, dron va robot texnologiyalari yoʻnalishidagi sport turlarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-75
  • Qabul qilingan sana:03.03.2026
  • Kuchga kirgan sana:04.03.2026
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/26/75/0190

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida kibersport, dron va robot texnologiyalari yoʻnalishidagi zamonaviy sport turlarini rivojlantirish va ommalashtirish tizimini yaratish, musobaqalar va turnirlarni tizimli ravishda oʻtkazish orqali iqtidorli harbiy xizmatchilarni aniqlash, saralash hamda ularning qobiliyatlari roʻyobga chiqishiga koʻmaklashish, professional kibersportga yoʻnaltirish, axborot texnologiyalari sohasi uchun salohiyatli kadrlar tayyorlash va ularni sohaga jalb qilish ishlarini yanada kengaytirish maqsadida qaror qilaman:

I. Maqsadlar

1. Quyidagilar Qurolli Kuchlarda kibersport, dron va robot texnologiyalari yoʻnalishidagi zamonaviy sport turlarini rivojlantirish va ommalashtirishning asosiy maqsadlari etib belgilansin:

(a) kibersport, dron va robot texnologiyalari boʻyicha musobaqalar oʻtkazishni yoʻlga qoʻyish orqali yuqori darajali tahliliy, texnik va strategik fikrlash qobiliyatiga ega harbiy xizmatchilarni aniqlash, qoʻllab-quvvatlash, ularning salohiyatini kompleks baholash hamda maqsadli tayyorlash va rivojlantirish tizimini yaratish;

(b) axborot texnologiyalari, kiberxavfsizlik, dronlarni boshqarish, robototexnika va harbiylashgan raqamli tizimlar uchun istiqbolli harbiy xizmatchilarni saralash, elektron axborot tizimlari yordamida ularning hisobni yuritish va bosqichma-bosqich tayyorlash orqali strategik ahamiyatga ega kadrlar zaxirasini shakllantirish;

(v) iqtidorli ishtirokchilarning individual qobiliyatlari va ixtisoslashuvi asosida ularni professional kibersport, harbiy-texnik boʻlinmalar, IT va harbiylashgan raqamli tizimlar bilan bogʻliq lavozimlarga maqsadli yoʻnaltirishni tashkil etish;

(g) harbiy xizmatni zamonaviy texnologiyalar, innovatsion faoliyat va raqamli kompetensiyalar bilan uygʻunlashtirish orqali yoshlar uchun jozibador, nufuzli va intellektual rivojlanish imkoniyatiga ega kasb sifatida shakllantirish;

(d) raqamli tahdidlarni toʻgʻri anglaydigan, zamonaviy texnologiyalarni samarali boshqara oladigan va innovatsion yechimlar ishlab chiqishga qodir harbiy mutaxassislar tarkibini shakllantirish orqali mudofaa qobiliyatining texnologik barqarorligini mustahkamlash;

(j) kibersport — intellektual sport turi, dron va robot texnologiyalarini harbiy-amaliy innovatsion yoʻnalish sifatida amalga oshirish.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyaning kibersport, dron va robot texnologiyalari yoʻnalishidagi zamonaviy sport turlari boʻyicha musobaqani (keyingi oʻrinlarda — musobaqa)ni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha takliflariga rozilik berilsin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarda (keyingi oʻrinlarda — vazirlik va idoralar) kibersport, dron va robot texnologiyalari yoʻnalishidagi sport turlarini rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

II. Tashkiliy chora-tadbirlar

4. Musobaqalar quyidagi yoʻnalish va bosqichlarda oʻtkaziladi:

(a) yoʻnalishlar:

(i) kibersport yoʻnalishi — jamoaviy tarzda virtual, yaʼni kompyuter va raqamli muhitda oʻtkaziladigan, ishtirokchilarning strategik fikrlash, tezkor qaror qabul qilish, vaziyatni baholash, shaxsiy tarkibni jipslash, hamkorlik masalalarini amalga oshirish hamda liderlik va boshqaruv qobiliyatlarini shakllantirishga qaratilgan musobaqa;

(ii) dron texnologiyalari yoʻnalishi — uchuvchisiz uchish apparatlarini boshqarish, navigatsiya, vaziyatni baholash, aniq vazifalarni bajarish, xavfsiz parvozni taʼminlash hamda amaliy mashqlar orqali ishtirokchilarning texnikaviy va amaliy koʻnikmalarini aniqlashga qaratilgan musobaqa;

(iii) robot texnologiyalari yoʻnalishi — robototexnika vositalarini loyihalash, dasturlash, boshqarish va belgilangan texnik vazifalarni bajarish boʻyicha ishtirokchilarning muhandislik, algoritmik va innovatsion qobiliyatlarini baholashga qaratilgan musobaqa;

(b) bosqichlar:

(i) birinchi bosqich — vazirlik va idoralarda har yili avgust oyida “Harbiy qism (muassasa) komandiri (boshligʻi) kubogi” ichki musobaqasi;

(ii) ikkinchi bosqich — har yili oktabr oyida “Harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni kubogi” musobaqasi;

(iii) uchinchi bosqich — har yili dekabr oyida “Mudofaa vaziri kubogi” musobaqasi oʻtkaziladi.

5. Musobaqada gʻolib boʻlgan harbiy xizmatchilar quyidagicha ragʻbatlantiriladi:

(a) birinchi bosqichda gʻolib boʻlgan jamoaning har bir aʼzosi biryoʻla toʻlanadigan 10 million soʻm pul mukofoti hamda jamoa uchun harbiy qism (muassasa) komandiri (boshligʻi) kubogi;

(b) ikkinchi bosqichda gʻolib boʻlgan jamoaning har bir aʼzosi biryoʻla toʻlanadigan 30 million soʻm pul mukofoti hamda jamoa uchun harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni kubogi;

(v) uchinchi bosqichda gʻolib boʻlgan jamoaning har bir aʼzosi biryoʻla toʻlanadigan 50 million soʻm pul mukofoti hamda jamoa uchun mudofaa vaziri kubogi.

6. Belgilab qoʻyilsinki:

(a) Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi musobaqalarni tashkil etish va oʻtkazish, shuningdek, mazkur qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish, ishtirokchi vazirlik va idoralar faoliyatini hamda oʻzaro hamkorligini muvofiqlashtiruvchi organ hisoblanadi;

(b) musobaqalarni oʻtkazish uchun zarur boʻlgan moddiy-texnik vositalar, maxsus texnik qurilmalar va dasturiy taʼminotlar birinchi bosqichda ishtirokchi vazirlik va idoralarning oʻzlarida mavjud moddiy-texnik baza hisobidan, ikkinchi va uchinchi bosqichlarda esa Mudofaa vazirligining oʻz ixtiyoridagi mavjud moddiy-texnik baza hisobidan taʼminlanadi;

(v) musobaqalar gʻoliblarini biryoʻla toʻlanadigan pul mukofotlari bilan mukofotlash vazirlik va idoralarga ajratiladigan budjet mablagʻlari doirasida, vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari mablagʻlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

7. Musobaqada ishtirok etuvchi hamda saralab olingan harbiy xizmatchilar hisobini yuritish maqsadida xizmat doirasida foydalanish uchun moʻljallangan yagona elektron reyestr joriy etilsin. Bunda:

(a) vazirlik va idoralar oʻz tizimidan kibersport, dron va robot texnologiyalari yoʻnalishidagi zamonaviy sport turlari boʻyicha musobaqada ishtirok etgan hamda saralab olingan harbiy xizmatchilarning idoraviy elektron hisobini (ichki reyestrini) yuritadi;

(b) musobaqalarning birinchi va uchinchi bosqichlarida ishtirok etgan hamda gʻolib boʻlgan harbiy xizmatchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni umumlashtirish, markazlashtirilgan holda yuritish va idoralararo muvofiqlashtirish Mudofaa vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

8. Musobaqalar natijalariga koʻra yuqori natijalarga erishgan hamda alohida iqtidor va salohiyatini namoyon etgan harbiy xizmatchilardan iborat maqsadli kadrlar guruhi shakllantirilib, ularni ragʻbatlantirish, kasbiy rivojlantirish hamda xizmat faoliyatini rejalashtirish maqsadida quyidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar amalga oshirilsin:

(a) harbiy xizmatchilarni axborot texnologiyalari, kiberxavfsizlik, uchuvchisiz uchish apparatlari, robototexnika va raqamli harbiy tizimlar sohalari boʻyicha maqsadli magistratura va doktorantura taʼlim dasturlariga, shu jumladan, xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga tanlov asosida yuborish;

(b) ilgʻor xorijiy davlatlarning ixtisoslashgan taʼlim markazlari, ilmiy laboratoriyalari va texnologik platformalarida qisqa va oʻrta muddatli malaka oshirish kurslarida, treninglar va sertifikatlash dasturlarida ishtirok etishini taʼminlash;

(v) ushbu harbiy xizmatchilarning kasbiy salohiyati, egallagan bilim va koʻnikmalarini inobatga olgan holda xizmat faoliyatini rejalashtirishda hamda xizmat pogʻonalari boʻyicha oʻsishida ustuvorlik berish, zarur hollarda, lavozimga tayinlash va xizmatda ilgarilash jarayonlarini tezlashtirilgan tartibda amalga oshirish;

(g) harbiy sohada qoʻllanishi mumkin boʻlgan raqamli texnologiyalar, innovatsion yechimlar, dasturiy mahsulotlar va intellektual tizimlarni ishlab chiqishga qaratilgan ilmiy-amaliy, tajriba-konstruktorlik hamda eksperimental loyihalarga jalb etish, shuningdek, ularni amalga oshirishda ustuvor ishtirokchi sifatida belgilash.

9. Mudofaa vazirligi vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

(a) uch oy muddatda musobaqalarni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin hamda belgilangan tartibda tasdiqlasin;

(b) toʻrt oy muddatda musobaqalarni oʻtkazish belgilangan hududlarning moddiy-texnika bazasi inventarizatsiya qilinishini, zarur hollarda, uning samarali va maqbul taqsimlanishini taʼminlasin;

(v) musobaqalar yakuniga koʻra yuqori natijalarga erishgan hamda alohida iqtidorini namoyon etgan harbiy xizmatchilarning kasbiy salohiyati va ixtisoslashuvini inobatga olgan holda ularni axborot texnologiyalari, kiberxavfsizlik, uchuvchisiz uchish apparatlari va robototexnika sohalari bilan bogʻliq faoliyat yoʻnalishlariga jalb etish, shuningdek, xizmat faoliyatini rejalashtirish va xizmat pogʻonalari boʻyicha rivojlantirishda ustuvorlik berish choralarini koʻrsin;

(g) vazirlik va idoralarda kibersport, dron va robot texnologiyalari yoʻnalishidagi zamonaviy sport turlarini rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”da belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli ijrosini taʼminlasin.

III. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat

10. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul hamda shaxsan javobgar etib mudofaa vaziri Sh.G. Xalmuxamedov belgilansin.

11. Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2026-yil 3-mart,

PQ-75-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-martdagi PQ-75-son qarorigaILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarda kibersport, dron va robot texnologiyalari yoʻnalishidagi sport turlarini rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirish boʻyicha

T/rChora-tadbirlar nomiAmalga oshirish mexanizmiBajarish muddatlariMasʼul ijrochilar1.Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida kibersport, dron va robot texnologiyalari yoʻnalishidagi sport turlari boʻyicha musobaqa oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom loyihasini ishlab chiqish. 1. Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruhni shakllantirish.2. Musobaqa oʻtkazish yuzasidan qoʻshma qaror loyihasini ishlab chiqish va tasdiqlash.2026-yil iyunMudofaa vazirligi,Ichki ishlar vazirligi,Favqulodda vaziyatlar vazirligi,Davlat xavfsizlik xizmati,Milliy gvardiya2.Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarning musobaqa oʻtkazilishi belgilangan harbiy qism va muassasalarining moddiy-texnika bazasini shakllantirish va mustahkamlash.1. Mudofaa vazirligi harbiy qism va muassasalarining moddiy-texnika bazasini yaratish boʻyicha asoslangan takliflarni tayyorlash.2026-yil iyunMudofaa vazirligi,Ichki ishlar vazirligi,Favqulodda vaziyatlar vazirligi,Davlat xavfsizlik xizmati,Milliy gvardiya2. Mavjud qurilmalar, zaruriy dasturiy majmualar va kompyuter vositalari bilan jihozlash hamda dron musobaqalarini oʻtkazish boʻyicha jihozlash ishlarini amalga oshirish.2026-yil iyul3.Yosh mutaxassislarni kibersport, dron va robot texnologiyalari yoʻnalishidagi sport turlariga qiziqtirish hamda mazkur sport turlarini rivojlantirish maqsadida oliy harbiy taʼlim muassasalarida kibersport klublarini tashkil etish hamda ushbu klublar oʻrtasida musobaqalar oʻtkazish.1. Oliy harbiy taʼlim muassasalarida kibersport klublarini tashkil etish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish.2026-yil iyulMudofaa vazirligi,Ichki ishlar vazirligi,Favqulodda vaziyatlar vazirligi,Davlat xavfsizlik xizmati,Milliy gvardiya2. Kibersport klubida kibersport, dron va robot texnologiyalari yoʻnalishidagi sport turlari boʻyicha musobaqalarni oʻtkazish dasturini va nizom loyihasini ishlab chiqish.2026-yil sentabr3. Har bir vazirlik va idoralarda ichki tartibda tasdiqlash va yoʻlga qoʻyish.2026-yil dekabr4.Harbiy xizmatchilar kibersport, dron va robot texnologiyalari yoʻnalishidagi sport turlarini mustaqil oʻrganish uchun turli xil axborot materiallarini va interaktiv oʻquv qoʻllanmalarni ishlab chiqish.1. Kibersport, dron va robot texnologiyalari yoʻnalishidagi sport turlari boʻyicha turli xil axborot materiallari va interaktiv oʻquv qoʻllanmalarini shakllantirish.2026-yil mayMudofaa vazirligi,Ichki ishlar vazirligi,Favqulodda vaziyatlar vazirligi,Davlat xavfsizlik xizmati,Milliy gvardiya2. Oʻquv qoʻllanma ishlab chiqish va joriy etish.Doimiy5.Harbiy xizmatchilar oʻrtasida kibersport, dron va robot texnologiyalari yoʻnalishidagi sport turlari jamoalarini shakllantirish maqsadida yashirin iqtidor egalarini saralab olish.1. Harbiy xizmatchilar oʻrtasida mazkur sport turlariga qiziqish bildirgan va qobiliyatlilarni saralash mezonlarini ishlab chiqish hamda har bir vazirlik va idoralarda ichki tartibda tasdiqlash va yoʻlga qoʻyish.2026-yil iyunMudofaa vazirligi,Ichki ishlar vazirligi,Favqulodda vaziyatlar vazirligi,Davlat xavfsizlik xizmati,Milliy gvardiya2. Saralab olingan harbiy xizmatchilardan tegishli jamoalarni shakllantirish.Doimiy6.Harbiy xizmatchilar tarkibi bilan kibersport, dron va robot texnologiyalari yoʻnalishidagi sport turlarini oʻrganish boʻyicha qisqa muddatli kurslarni tashkil etish. 1. Harbiy xizmatchilar bilan kibersport, dron va robot texnologiyalari yoʻnalishidagi sport turlarini oʻrganish boʻyicha qisqa muddatli oʻquv kurslari dasturini ishlab chiqish.2026-yil mayMudofaa vazirligi,Ichki ishlar vazirligi,Favqulodda vaziyatlar vazirligi,Davlat xavfsizlik xizmati,Milliy gvardiya2. Oʻqitiladigan toifalarni aniqlash, oʻqitish reja-jadvalini har bir vazirlik va idoralarda ichki tartibda tasdiqlash va yoʻlga qoʻyish.Reja-jadvalga muvofiq7.Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarda kibersport, dron va robot texnologiyalari yoʻnalishidagi sport turlari boʻyicha musobaqada ishtirok etuvchi harbiy xizmatchilar reyestrini yuritish uchun yagona elektron platforma ishlab chiqish va undan foydalanish.1. Harbiy xizmatchilar reyestrini yuritish elektron platformasini texnik topshiriq asosida ishlab chiqish va kiberxavfsizlik talablariga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan oʻtkazish.2026-yil dekabrMudofaa vazirligi2. Platformada sportchilar roʻyxatini shakllantirish.2027-yil yanvar3. Platformada sportchilar reytingini yuritish.Doimiy4. Reyestr maʼlumotlari asosida ishtirokchilarning tayyorgarlik darajasi, natijalari va istiqbolini baholash hamda kadrlar zaxirasini shakllantirish boʻyicha tahliliy hisobotlar tayyorlash.Doimiy5. Sportchilarni qoʻllab-quvvatlash, jumladan, ularning xalqaro va mintaqaviy turnirlarda ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish.Doimiy

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.