PQ-120-son Qaror · 01.04.2026

Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-120
  • Qabul qilingan sana:01.04.2026
  • Kuchga kirgan sana:03.04.2026
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/26/120/0302

Milliy suverenitet va davlat mustaqilligi har qaysi mamlakatning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy taraqqiyotining eng asosiy sharti va garovidir. Bu hal qiluvchi omillar davlatning xalqaro huquq subyekti sifatida dunyo hamjamiyatida munosib oʻrin egallashi, xalqning tinch va farovon hayotini taʼminlash, uning barcha manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.

Bizning milliy mustaqilligimiz mard va matonatli xalqimizning qatʼiy irodasi, istiqlol yoʻlida kurashgan fidoyi ajdodlarimiz orzu-umidlarining roʻyobi boʻlib, Yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaratilgan ezgu ishlarimizning mustahkam asosi, kelajak avlodlarimiz uchun bezavol yetkazishimiz shart boʻlgan buyuk va muqaddas qadriyatdir.

Mamlakatimizning milliy suvereniteti va davlat mustaqilligi gʻoyalarining siyosiy-huquqiy kafolatlarini oʻzida mujassam etgan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz hamda “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi asosidagi taraqqiyot yoʻlimiz inson qadr-qimmatini yuksaltirish, koʻp millatli jamiyatimizda doʻstlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, milliy urf-odat va anʼanalarni asrab-avaylash, yurtimizda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, uning mudofaa qobiliyatini kuchaytirish, mintaqada yaxshi qoʻshnichilikni rivojlantirish hamda Vatanimizning xalqaro obroʻ-eʼtiborini oshirishda mustahkam tayanch boʻlib kelmoqda.

Milliy istiqlolimizning davlatchiligimiz tarixi, hozirgi va kelajak hayotimiz uchun beqiyos ahamiyatini hisobga olib, Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini Yangi Oʻzbekistonning bugungi ulkan salohiyati va jahon maydonidagi nufuziga muvofiq yuksak darajada, munosib nishonlash maqsadida qaror qilaman:

1. Quyidagilar:

(a) “Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh gʻoyani oʻzida mujassam etgan gʻoyaviy-badiiy konsepsiya va dastur 1 va 2-ilovalarga muvofiq;

(b) Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish boʻyicha respublika komissiyasi tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Respublika komissiyasi (A. Aripov):

(a) mustaqillikning 35 yilligini Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri, viloyat va tuman (shahar) markazlarida, barcha mahallalar, qishloq va ovullarda, shuningdek, vazirlik va idoralar tizimida munosib nishonlash maqsadida konsepsiyaning mazmuni va asosiy yoʻnalishlariga muvofiq chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqish va ijro etishni taʼminlash.

Bunda quyidagi ustuvor yoʻnalishlarga alohida eʼtibor qaratish:

(i) Yangi Oʻzbekistondagi amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yuzaga kelgan ulkan imkoniyat va yutuqlarni keng yoritish;

(ii) mamlakatimiz iqtisodiyoti barqaror surʼatlarda jadal rivojlanib borayotganligi natijasida fuqarolarimizning turmush farovonligi ortib borayotganligini koʻrsatib berish;

(iii) yurtimizning tinchligi va chegaralar daxlsizligini taʼminlashga xizmat qiluvchi mudofaa salohiyatini mustahkamlash borasidagi islohotlarni yoritish;

(iv) istiqlol tufayli milliy qadriyatlar, davlatchilik, fuqarolik jamiyati institutlari, jumladan, mahalla tizimini rivojlantirish boʻyicha erishilgan yutuq va natijalar ahamiyatini taʼkidlash;

(v) nuroniylar, xotin-qizlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam manfaatlarini taʼminlashga, yoshlarning “Yangi Oʻzbekistonning bunyodkorlari” sifatida bilim va kasb egallashlari, tadbirkorlik tashabbuslari va isteʼdodlarini roʻyobga chiqarishga zarur sharoitlar yaratilganligiga urgʻu qaratish;

(vi) millatlararo doʻstlik va dinlararo bagʻrikenglik muhitini saqlash va kuchaytirishni barcha fuqarolarning muqaddas burchi sifatida targʻib qilish;

(vii) bayram tadbirlariga barcha yoshlar, ijtimoiy va etnik guruhlar hamda vatandoshlarning faol jalb etilishini taʼminlash;

(b) ilm-fan, taʼlim, madaniyat, adabiyot va sanʼat namoyandalari, sportchilar, jamoatchilik vakillaridan iborat badiiy-ijodiy guruhlar tuzish hamda ular ishtirokida aprel — sentabr oylari davomida respublika boʻylab keng koʻlamdagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar va ijtimoiy loyihalarni oʻz ichiga olgan “Mustaqillik toʻyi” (festivali) tadbirlarini oʻtkazish;

(v) Toshkent shahrida oʻtkaziladigan asosiy bayram tadbiriga tayyorgarlik koʻrishda taniqli ssenarist va rejissorlar, shoir va yozuvchilar, xonanda va bastakorlar, baletmeysterlar, sahna rassomlari, isteʼdodli yosh ijrochilarni jalb etish;

(g) mustaqillikning 35 yilligi arafasida mamlakatimizning yirik sanoat, madaniyat, taʼlim va sport muassasalarining tantanali ochilish marosimlarini yuqori saviyada tashkil etish choralarini koʻrsin.

3. Belgilansinki, Madaniyat vazirligi Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan asosiy bayram tadbiriga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha masʼul tashkilot hisoblanadi.

4. Badiiy akademiya, Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi 2026-yil 1-iyunga qadar milliy mustaqillik va suverenitet gʻoyalarini, Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari qiyofasini oʻzida aks ettirgan “Vatan fidoyilari” ramziy monumentining eskiz loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Ushbu monument Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, tuman va shaharlarda 2026 — 2030-yillarda barpo etilayotgan umummilliy birdamlik bogʻlarining markaziy qismida oʻrnatilishi hisobga olinsin.

5. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Yangi Oʻzbekiston taraqqiyoti tadqiqotlari instituti, “Yuksalish” umummilliy harakati, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan birgalikda 2026-yil 1-avgustga qadar har bir sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning natijalari va erishilgan yutuqlarga bagʻishlangan “Mustaqillik zafarnomasi” maxsus kitob-albomini tayyorlasin.

6. Yoshlar ishlari agentligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi 2026-yil aprel oyidan ijtimoiy tarmoqlarda #Mustaqillik35, #Uzb35 xeshteglari ostida targʻibot aksiyalarini (fleshmoblar, podkastlar, viktorina va boshqalar) boshlasin.

7. Kinematografiya agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston milliy media birlashmasi 2026-yil aprel oyidan boshlab “35 yillik Istiqlol yilnomasi” ruknida mustaqilligimizning tarixiy bosqichlari, erishilgan yutuqlar va bunyodkorlik ishlarini yorituvchi turkum hujjatli filmlar, koʻrsatuvlar tayyorlash va telekanallarda namoyish etilishini taʼminlasin.

8. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati, Adliya vazirligi hamda Qonunchilik va huquqiy siyosat institutining 2026-yil avgust oyida Toshkent shahrida “Mustaqil Oʻzbekiston — 35 yillik taraqqiyot yoʻli: islohotlar, natijalar va istiqbollar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyani oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

9. Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari boʻyicha qoʻmita “Vatandoshlar” jamoat fondi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Tashqi ishlar vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda 2026-yil avgust-sentabr oylarida xorijdagi vatandoshlar va oʻzbek diasporasi vakillari ishtirokida “Mustaqil Oʻzbekiston — gʻururim, iftixorim” shiori ostida madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etsin.

10. Markaziy bank 2026-yil 1-sentabrga qadar “Mustaqillikning 35 yilligi” esdalik oltin tangasini zarb etish choralarini koʻrsin.

11. Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Transport vazirligi 2026-yil 1-mayga qadar tegishlicha yangi tashkil etilgan mahallalardan hamda temir yoʻl stansiyalaridan biriga “Mustaqillikning 35 yilligi” nomini berish boʻyicha takliflarni kiritsin.

12. Belgilab qoʻyilsinki, oʻtkaziladigan bayram tadbirlari:

(a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda — tegishli mahalliy budjetlarning qoʻshimcha manbalari hamda homiylik mablagʻlari hisobidan;

(b) Toshkent shahrida — Respublika komissiyasi tomonidan tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti va Toshkent shahar mahalliy budjeti mablagʻlari hisobidan teng ulushlarda moliyalashtiriladi.

13. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligiga yurtimiz mustaqilligi, Yangi Oʻzbekistonning rivojlanish yoʻli va xalqimizning birdamligi haqida turkum materiallar tayyorlash va tarqatish tavsiya etilsin.

14. Respublika komissiyasi mazkur qaror ijrosini nazorat qilish, har oyda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borish, zarur hollarda, qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrishni taʼminlasin.

15. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2026-yil 1-aprel,

PQ-120-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-apreldagi PQ-120-son qaroriga1-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlashning gʻoyaviy-badiiy

I. Muqaddima

Ushbu konsepsiya Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yillik bayrami (keyingi oʻrinlarda — Mustaqillik bayrami)ning gʻoyaviy-badiiy mazmunini kuchaytirishga, shu orqali mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini keng targʻib qilish, istiqlol gʻoyalarini aholi, ayniqsa, yoshlar ongiga singdirish, fuqarolarda Vatan taqdiri va kelajagi uchun daxldorlik hamda masʼuliyat tuygʻusini mustahkamlashga xizmat qiladi.

II. Konsepsiyaning maqsad va vazifalari

Mazkur Konsepsiya maqsad va vazifalari Mustaqillik bayramini munosib nishonlash, uning gʻoyaviy mazmunini boyitish va keng jamoatchilik oʻrtasida samarali targʻibot ishlarini tashkil etishdan iborat.

Mustaqillik bayramining bosh gʻoyasi — “Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yarataylik!”.

Ushbu gʻoya jamiyatda milliy birdamlik va fuqarolik hamjihatligini kuchaytirish, turli millat va elat vakillari oʻrtasida oʻzaro hurmat, bagʻrikenglik va ijtimoiy hamkorlik muhitini shakllantirish, yosh avlodni vatanparvarlik va yuksak fuqarolik masʼuliyati ruhida tarbiyalash, milliy qadriyatlarning tiklanishi, mintaqaviy yakdillik va global hamkorlikdagi yutuqlarni ifodalaydi.

III. Mustaqillik bayramining bosh gʻoyasini keng jamoatchilikka yetkazish

Jahondagi geosiyosiy vaziyat va mamlakatimizning maʼnaviy-gʻoyaviy moʻljallaridan kelib chiqib, Mustaqillik bayrami munosabati bilan oʻtkaziladigan targʻibot va madaniy-maʼrifiy tadbirlarning syujet va ssenariylarida quyidagi gʻoyalar aks etishi maqsadga muvofiq:

Yangi Oʻzbekiston suveren taraqqiyot yoʻlidan ildam va ogʻishmay borayotganligi;

jahondagi tinchlik inqirozi sharoitida mustaqillik — milliy oʻzlik va davlatchilik asosi ekanligi;

Yangi Oʻzbekistondagi keng koʻlamli islohotlar Uchinchi Renessans yaratuvchilarini yuzaga chiqarishga qaratilganligi;

Yangi Oʻzbekistonning global siyosatning subyekti sifatidagi roli mustahkamlanib borayotganligi.

1. Yangi Oʻzbekiston suveren taraqqiyot yoʻlidan ildam va ogʻishmay borayotganligi

Mazkur gʻoya quyidagi vosita va shakllarda yetkaziladi:

har bir islohot “Inson qadri uchun” gʻoyasiga tayangan holda amalga oshirilayotganligi yuzasidan ochiq muloqotlar tashkil qilish;

iqtisodiy islohotlarning insonlar taqdirida aks etayotganligiga oid infografikalar, taqdimotlar, qiyosiy tahliliy hujjatli filmlar yaratish va namoyish etish;

islohotlar natijasida hayoti oʻzgargan fuqarolar ishtirokida media loyihalarni amalga oshirish;

hududlar kesimida “Kecha va bugun” formatida taqdimotlar oʻtkazish;

ommaviy axborot vositalari, raqamli platformalar va ijtimoiy tarmoqlarda muntazam targʻibot kampaniyasini amalga oshirish.

2. Jahondagi tinchlik inqirozi sharoitida mustaqillik — milliy oʻzlik va davlatchilik asosi ekanligi

Mazkur gʻoya quyidagi vosita va shakllarda yetkaziladi:

milliy qadriyat va anʼanalarni asrab-avaylash, davlatchilik tamoyillarini targʻib qilish, maʼrifiy va huquqiy savodxonlikni oshirish, milliy birlik va fuqarolik hamjihatligini mustahkamlash har qachongidan muhim ahamiyat kasb etishini milliy festivallar, xalq sayillari, madaniy-maʼrifiy tadbirlar, “Uch avlod” uchrashuvlari, koʻrgazmalar, tanlovlar, forumlar orqali keng jamoatchilikka yetkazish;

yurtimizning tinchligi va chegaralari daxlsizligini taʼminlashga xizmat qiluvchi mudofaa salohiyatini mustahkamlash borasidagi islohotlarni koʻcha yurishlari, filmlar, reportajlar, ruhlantiruvchi roliklar, koʻrgazmali chiqishlar orqali namoyish etish;

fuqarolarning oilaviy bayramlari oʻtkaziladigan joylarni, mahallalarda fuqarolarning xonadonlarini, tadbirkorlik subyektlari binolari va ularga tutash boʻlgan hududlarni davlat bayrogʻi bilan bezashni targʻib etish va shart-sharoitlar yaratish.

3. Yangi Oʻzbekistondagi keng koʻlamli islohotlar Uchinchi renessans yaratuvchilarini yuzaga chiqarishga qaratilganligi

Mazkur gʻoya quyidagi vosita va shakllarda yetkaziladi:

yoshlar uchun barcha sharoitlar yaratilayotganligi, ularning erishayotgan yutuqlari millatimiz qalbida iftixor va fidoyilik tuygʻusini shakllantirayotganligi tufayli yoshlarni keng jamoatchilikka Uchinchi renessans bunyodkorlari sifatida taqdim etish;

yoshlar va ijtimoiy faol qatlamlar oʻrtasida integratsiyani kengaytirish, ularning maʼnaviy-maʼrifiy va intellektual salohiyatni rivojlantirishga qaratilgan interaktiv treninglar, onlayn kurslar va mahorat darslari tashkil etish;

umumtaʼlim maktablari va oliy taʼlim muassasalari Yangi Oʻzbekistonning Uchinchi renesans yaratuvchilari qiyofasini oʻzida aks ettiruvchi ilmiy-ommabop, sport, novatorlik hamda volontyorlik loyihalarini tashkil etish;

maktabgacha taʼlim muassasalarida davlat ramzlarini yosh avlod ongida mustahkamlash maqsadida bayroq va gerbni chizish, madhiya kuylash, vatanni ardoqlash ruhidagi multiplikatsion asarlar namoyishini tashkil etish;

maktab oʻquvchilarining yozgi taʼtilini mazmunli tashkil etish boʻyicha dasturlarda mustaqillikka bagʻishlangan viktorinalar, koʻrik-tanlovlar, sport musobaqalarini tashkil etish, vatanparvarlik gʻoyalarini tarannum etuvchi konsert dasturlari va badiiy kechalar uyushtirish.

4. Yangi Oʻzbekistonning global siyosatning subyekti sifatidagi roli mustahkamlanib borayotganligi

Mazkur gʻoya quyidagi vosita va shakllarda yetkaziladi:

millatlararo hamkorlik, birdamlik va bagʻrikenglik muhitini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish;

turli millat va diniy konfessiya vakillarining ijtimoiy hamjihatlik va doʻstlik tajribalarini media va sanʼat orqali keng jamoatchilikka yetkazish;

badiiy va hujjatli filmlar, animatsiyalar, podkastlar va ijodiy loyihalar orqali tinchlik gʻoyalarini targʻib qilish.

IV. Mustaqillik bayramining gʻoyaviy taʼsirini oshirish uchun quyidagi ramzdan foydalanish maqsadga muvofiq:

Milliy bayrogʻimiz ranglari aks etgan, Humo qushi silueti bilan uygʻunlashtirilgan “35” raqamidan asosiy ramz sifatida foydalanish tavsiya etiladi.

Mazkur ramz quyidagi vosita va shakllarda yetkaziladi:

1-iyundan — 1-oktabrga qadar “35” raqami ramzidan barcha davlat, nodavlat telekanallar, bosma nashrlar va LED ekranlarda leybl sifatida foydalanish;

Mustaqillikning 35 yilligi haqida sheʼr va qoʻshiqlar tanlovini tashkil qilish, televideniye va ijtimoiy tarmoqlarda yoritish;

bayram tadbirlari ishtirokchilari koʻksiga “35” raqami ramzini taqish;

bayram munosabati bilan shahar va qishloqlardagi guzarlar, davlat tashkilotlari binolari, markaziy koʻchalar, xiyobonlar va istirohat bogʻlarini bezatishda “35” raqami ramzidan foydalanish.

V. Mustaqillik bayramining gʻoyaviy taʼsirini oshirish uchun quyidagi shiorlardan foydalanish tavsiya etiladi:

“Vatan manfaati — xalq manfaati!”

(aholi vakillari ishtirokida oʻtkaziladigan madaniy-maʼrifiy tadbirlar, uchrashuvlar, muloqotlarda foydalanish tavsiya etiladi);

“Yangi Oʻzbekiston — ezgu maqsad, yangi harakat!”

(tuman (shahar)lardagi istirohat bogʻlarida oʻtkaziladigan umummilliy xalq sayillarida foydalanish tavsiya etiladi);

“Yangi Oʻzbekiston — Uchinchi Renessans sari!”

(Mustaqillik bayramini tarannum etuvchi ijodiy tanlovlar, fleshmoblar oʻtkazishda, qisqa metrajli filmlar va videokontentlar tayyorlashda foydalanish tavsiya etiladi);

“Mustaqillik — 35 yillik sharafli yoʻl!”

(Markaziy Osiyo xalqlarining birligini mustahkamlashga qaratilgan mintaqaviy yakdillikka oid tadbirlar hamda xorijdagi vatandoshlar bilan oʻtkaziladigan Mustaqillik bayrami tadbirlarida foydalanish tavsiya etiladi);

“Bir Vatan — bir taqdir!”

(bayram arafasida tashkil etiladigan oʻzaro yordam, ijtimoiy koʻmak va mehr-muruvvat aksiyalarida foydalanish tavsiya etiladi);

“Yagona xalq, yagona Vatan, yagona maqsad!”

(milliy qadriyatlarni tiklash va yosh avlodga yetkazishga bagʻishlangan madaniy tadbir va aksiyalarda foydalanish tavsiya etiladi);

“Mustaqil Oʻzbekiston — gʻururim, iftixorim!”

(xorijdagi vatandoshlar ishtirokida madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etishda foydalanish tavsiya etiladi).

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-apreldagi PQ-120-son qaroriga2-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yillik bayrami munosabati bilan “Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh gʻoyani oʻzida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, maʼnaviy-maʼrifiy hamda targʻibot-tashviqot chora-tadbirlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-apreldagi PQ-120-son qaroriga3-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha respublika komissiyasi

Izoh. Respublika komissiyasi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.