PQ-145-son Qaror · 20.04.2026

Samarqand viloyatida mashinasozlik sanoatini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-145
  • Qabul qilingan sana:20.04.2026
  • Kuchga kirgan sana:20.04.2026
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/26/145/0388

Hududlarda mashinasozlik sanoatini rivojlantirish, shuningdek, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni tashkil etish orqali aholi bandligi va farovonligini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:

I. Maqsadlar

1. Quyidagilar mazkur qarorning asosiy maqsadlari etib belgilansin:

(a) Samarqand viloyatida mashinasozlik klasterini rivojlantirish, viloyat sanoatida mashinasozlik tarmogʻining ulushini 2030-yilgacha 15 foizga, sanoatda qoʻshilgan qiymat ulushini 40 foizga yetkazish;

(b) mazkur qarorga muvofiq tashkil etiladigan mashinasozlik sanoat zonasida yillik 10 ming dona tijorat transport vositalari (yuk avtomobillari, avtobus, mikroavtobus, pikap va maxsus transport vositalari, shu jumladan, elektrda harakatlanuvchi) ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish;

(v) ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar ishlab chiqarish hamda sanoat kooperatsiyasi asosida yillik “mahalliy kontent” hajmini 100 mln AQSH dollarigacha yetkazish;

(g) mashinasozlik sanoat zonasida ishlab chiqarilgan texnikalar eksporti boʻyicha Markaziy Osiyo va MDH davlatlari bozorlarini oʻzlashtirish, 2 mingdan ortiq yuqori daromadli ish oʻrinlari yaratish.

II. Mashinasozlik sanoat zonasini tashkil etish

2. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Samarqand viloyati hokimligining Kattaqoʻrgʻon tumani hududining 100 gektar yer maydonida Mashinasozlik sanoat zonasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

3. Belgilansinki:

(a) Mashinasozlik sanoat zonasi ishtirokchilari sifatida faqat N, M2, M3, O va L toifaga kiruvchi transport vositalari hamda ular uchun ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar ishlab chiqarishni tashkil etuvchi korxonalar roʻyxatdan oʻtkaziladi;

(b) Mashinasozlik sanoat zonasining faoliyati “Samarqand viloyati sanoat zonalarini boshqarish direksiyasi” davlat muassasasi tomonidan boshqariladi.

4. Samarqand viloyati hokimligi:

(a) Mashinasozlik sanoat zonasini tashkil etish uchun oʻrnatilgan tartibda 1-ilovaga muvofiq ajratiladigan konturlarda 100 gektar yer maydonini qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkazish boʻyicha Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasiga taklif kiritish;

(b) yer fondi toifasi oʻzgartirilishi munosabati bilan yuzaga keladigan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining oʻrni belgilangan tartibda qoplanishini taʼminlash;

(v) Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda 100 gektar yer maydonining yer fondi toifasi oʻzgartirilgandan soʻng yer uchastkalarini lotlarga boʻlgan holda realizatsiya qilishda N, M2, M3, O va L toifaga kiruvchi transport vositalari hamda ular uchun ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar ishlab chiqarish maqsadida ushbu yer uchastkalarini ijara huquqi asosida elektron onlayn auksion savdolariga chiqarish choralarini koʻrsin.

5. Mashinasozlik sanoat zonasida xorijiy hamkorlar tomonidan dastlabki bosqichda 116 mln AQSH dollari miqdoridagi 5 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha takliflar kelib tushganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

6. Mashinasozlik sanoat zonasida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining manzilli roʻyxati 2-ilovaga muvofiq maʼqullansin.

III. Mashinasozlik sanoat zonasini zarur infratuzilma va malakali kadrlar bilan taʼminlash choralari

7. Samarqand viloyati hokimligi:

(a) bir oy muddatda Mashinasozlik sanoat zonasining bosh rejasi ishlab chiqilishini hamda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlanishini taʼminlasin. Bunda bosh reja loyihasi Samarqand viloyati hokimligi huzuridagi Samarqand viloyatini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ishlab chiqiladi;

(b) Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgaztaʼminot” AJ va “Oʻzsuvtaʼminot” AJ bilan birgalikda Mashinasozlik sanoat zonasining bosh rejasi tasdiqlangandan soʻng bir oy muddatda ushbu bosh rejaga asosan 2026-2027-yillarda muhandislik-kommunikatsiya, avtomobil va temir yoʻl infratuzilmasi bilan taʼminlash lozim boʻlgan obyektlar roʻyxatini shakllantirsin va tasdiqlasin.

8. Belgilansinki, Mashinasozlik sanoat zonasining muhandislik-kommunikatsiya, avtomobil va temir yoʻl infratuzilmasini:

(a) qurish ishlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-dekabrdagi “Hududlarda muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4929-son qaroriga muvofiq moliyalashtiriladi;

(b) qurish ishlari boʻyicha buyurtmachi vazifasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi “Maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5101-son qarorida belgilangan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.

9. Samarqand viloyati sanoat zonalarini boshqarish direksiyasi, Mashinasozlik sanoat zonasi ishtirokchilari bilan birgalikda:

(a) ishlab chiqarishni tashkil etish bilan bir vaqtda kamida 3 yillik mahalliy kadrlar tayyorlash dasturini ishlab chiqsin;

(b) har yili ish oʻrinlarining kamida 5 foizi miqdorida dual taʼlim asosida tayyorlashni taʼminlasin.

IV. Qaror ijrosini taʼminlash va nazorat

10. Samarqand viloyati hokimligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda loyihalar toʻliq ishga tushirilgunga qadar tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlaridagi ish hajmining bajarilganligi va samaradorligini monitoring qilsin va natijasi boʻyicha har yarim yilda Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin.

11. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov va Samarqand viloyati hokimi A.M. Boboyev belgilansin.

12. Qaror ijrosiga masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2026-yil 20-aprel,

PQ-145-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-apreldagi PQ-145-son qaroriga1-ILOVA

Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon tumani hududidagi qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkazilishi taklif etilayotgan yer uchastkalari

T/rHudud nomiYerdan foydalanuvchi nomiKontur raqami *Jami yer maydoni, ga *Shundan:Oʻtkazilayotgan yer fondi toifasisugʻoriladigan yerlarlalmi, yaylov va boshqa yerlar1.Kattaqoʻrgʻon tumani “Yangihayot” massivi hududiKattaqoʻrgʻon tumani hokimligi zaxirasida149q16,5-16,5Sanoat, transport, aloqa,mudofaa va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar2.150q16,5-16,53.151q35,2-35,24.152q27,2-27,25.159q4,6-4,6Jami:100,0x100,0x

* Konturlar raqami va yer maydonlariga Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasining xulosasiga muvofiq oʻzgartirish kiritilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-apreldagi PQ-145-son qaroriga2-ILOVA

Mashinasozlik sanoat zonasida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining

T/rLoyihaning nomiLoyiha quvvatiLoyiha qiymati* (mln dollar)shundan, taʼsischilarning oʻz mablagʻlari (mln dollar)Ish oʻrniIshga tushish muddatiZarur yer maydoni**** (ga)JAMI:116,046,01050701.Tijorat transport vositalari (yuk avtomobillari, avtobus, mikroavtobus, pikap va maxsus transport vositalari) ishlab chiqarishni tashkil etish ***5 ming dona40,030,04002029-yil dekabr30Tijorat transport vositalari ishlab chiqarishni kengaytirish 5 ming dona45,0**3002031-yil dekabr2.Mototransport vositalari va bolalar aravachalarini ishlab chiqarish50 ming dona17,010,02002028-yil iyun123.Tijorat texnikalari uchun osma va tirkama texnikalar ishlab chiqarish5 ming dona5,03,0502028-yil dekabr104.Tijorat texnikalari uchun gidravlika uskunalari va tizimlari ishlab chiqarish5 ming dona7,02,0502029-yil mart85.Transport-logistika xizmatlari va yuklarni qayta ishlash boʻyicha zamonaviy logistika markazini tashkil etish200 ming tonna 2,01,0502028-yil mart10

* Loyihalar qiymatiga loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgandan soʻng oʻzgartirish kiritilishi mumkin.

** Tijorat texnikalarini ishlab chiqarishni kengaytirish loyihasi uchun muassislarning oʻz mablagʻlari miqdori loyihaning avvalgi bosqichi yakunlangandan soʻng aniqlanadi.

*** Loyihani amalga oshirishda belgilangan shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya qilgan holda qurilish-montaj va loyihalashtirish ishlarini parallel amalga oshirishga ruxsat beriladi.

**** 30 ga boʻsh yer maydonda kelgusida mashinasozlik yoʻnalishida yangi loyihalar joylashtiriladi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.