PF-95-son Farmon · 19.05.2026

Soliq organlari faoliyatini institutsional jihatdan takomillashtirish va soliq maʼmuriyatchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-95
  • Qabul qilingan sana:19.05.2026
  • Kuchga kirgan sana:20.05.2026
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/26/95/0508

Mamlakatimizda soliq maʼmuriyatchiligini zamonaviy bosqichga olib chiqish, soliq siyosatini yanada takomillashtirish, soliq organlari faoliyatini institutsional jihatdan transformatsiya qilish, soliqlarning yigʻiluvchanligini oshirish, soliq nazoratining samaradorligini kuchaytirish hamda soliq toʻlovchilarga koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini yaxshilash maqsadida qaror qilaman:

I. Asosiy maqsadlar

1. Quyidagilar ushbu Farmonni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsadlar etib belgilansin:

(a) 2030-yilga qadar:

(i) Jahon bankining “Business ready” reytingida soliq yoʻnalishi boʻyicha birinchi darajaga chiqish;

(ii) huquqbuzarliklar profilaktikasi ustuvorligi prinsipini qoʻllash orqali soliqlarni ixtiyoriy toʻlash ulushini 98 foizga yetkazish;

(iii) soliq qonunchiligini buzish holatlarining oldini olish va yuqori xavflarni ikki barobar kamaytirish;

(iv) jami soliq tushumlari miqdorini ikki barobarga oshirish;

(b) soliq xizmatlari sifatini yaxshilash va soliq toʻlovchilarning soliq organlariga boʻlgan ishonchini mustahkamlash.

II. Soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish yoʻnalishlari

2. Quyidagilar soliq maʼmuriyatchiligi va soliq organlari faoliyatini rivojlantirishning asosiy ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:

(a) soliq organlari tomonidan soliq toʻlovchilarga jahon standartlari talablari darajasida xizmat koʻrsatish va soliq xizmatlaridan foydalanish uchun qulay shart-sharoit yaratish;

(b) tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida soliq xavflarini boshqarishda “Compliance risk management” (CRM) tizimini yanada takomillashtirish;

(v) raqamlashtirish va innovatsion yechimlar orqali sunʼiy intellektdan foydalangan holda soliq maʼmuriyatchiligi samaradorligini oshirish hamda soliq toʻlovchilarga moliyaviy va maʼmuriy yukni kamaytirish;

(g) soliq organlarida oʻrta va uzoq muddatga moʻljallangan kadrlar siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish.

3. 2026 — 2030-yillarda soliq maʼmuriyatchiligi va soliq organlari faoliyatini rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

III. Soliq toʻlovchilarga xizmat koʻrsatishda zamonaviy yondashuvlarni joriy etish

4. Belgilansinki:

(a) 2026-yil 1-iyuldan boshlab:

(i) tekshiruvdan oldingi tahlil doirasida aniqlangan tafovutlar boʻyicha aniqlashtirilgan soliq hisobotini yoki asoslovchi hujjatlarni taqdim etish majburiyati bekor qilinadi;

(ii) soliq xavfi oʻrta boʻlgan soliq toʻlovchilarga aniqlangan xavflar toʻgʻrisida xabarnoma yuborish tizimi joriy etiladi. Bunda aniqlangan kamchiliklar bir oy ichida bartaraf etilgan taqdirda, soliq tekshiruvlari oʻtkazilmaydi;

(iii) yangi tashkil etilgan tadbirkorlik subyektlariga ularning ixtiyoriga koʻra dastlabki 6 oy davomida soliq va moliyaviy hisobotlarni yuborish xizmati “Soliq-servis” AJ tomonidan bepul amalga oshiriladi;

(iv) tuman fermerlari kengashlari huzuridagi Fermer xoʻjaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazlari amaldagi moliyalashtirish tartibi va moddiy-texnika bazasini saqlab qolgan holda “Soliq-servis” AJ tasarrufiga oʻtkaziladi;

(b) 2026-yil 1-avgustdan boshlab soliq organlarining mijozlarga yoʻnaltirilganlik indeksi joriy etiladi. Bunda soliq toʻlovchilar tomonidan:

(i) soliq xizmatlaridan foydalanish imkoniyati va qulayligi, shuningdek, soliq organlari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini;

(ii) soliq majburiyatlarini bajarish uchun sarflanadigan vaqt hamda soliq organlarining soliq toʻlovchilar bilan oʻzaro hamkorligi darajasini baholash imkoniyati yaratiladi;

(v) 2027-yil 1-yanvardan boshlab:

(i) yakuniy isteʼmolchilarga realizatsiya qilinadigan neft va gaz mahsulotlari boʻyicha aksiz soligʻi va noruda qurilish materiallari boʻyicha yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq, qishloq xoʻjaligi yerlari uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq hisobotlari proaktiv tartibda shakllantiriladi;

(ii) qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar boʻyicha soliq vakolatli organlarning soliq organlariga taqdim etgan maʼlumotlari asosida hisoblab chiqariladi va soliq toʻlovchi tomonidan soliq hisobotini taqdim etish majburiyati bekor qilinadi;

(iii) jismoniy shaxslarning ipoteka kreditlarini qoplashga yoʻnaltirilgan daromadlari boʻyicha soliq imtiyozlarini qoʻllash idoralararo axborot tizimi maʼlumotlari asosida proaktiv tartibda amalga oshiriladi. Bunda imtiyoz qoʻllash natijasida yuzaga kelgan ortiqcha summa jismoniy shaxsning murojaatiga asosan 10 ish kuni ichida qaytariladi.

5. Belgilansinki, quyidagi soliq toʻlovchilarning soliq maʼmuriyatchiligi, soliq hisobini yuritish va nazorati tegishincha tumanlar (shaharlar) soliq inspeksiyalarida amalga oshiriladi, bundan yirik soliq toʻlovchilar mustasno:

(a) 2026-yil 1-iyuldan boshlab bozorlar va savdo komplekslari, shuningdek, savdo, umumiy ovqatlanish, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligi korxonalari, yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar;

(b) 2027-yil 1-yanvardan boshlab barcha soliq toʻlovchilar.

IV. Soliq xavflarini boshqarish tizimini takomillashtirish

6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

(a) 2027-yil 1-yanvardan boshlab soliq xavfi darajasi past boʻlgan soliq toʻlovchilarga nol darajali soliq stavkasini qoʻllash va koʻchmas mulklar xaridi hisobidan hosil boʻlgan qoʻshilgan qiymat soligʻining salbiy farq summasini qoplash (qaytarish) 3 kun muddatda avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshiriladi. Bunda soliq toʻlovchilarning ayrim toifalari uchun qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi oʻrnini tezlashtirilgan tarzda qoplashning amaldagi tartibi saqlab qolinadi;

(b) qarz (moliyaviy yordam) va omborda omonat saqlash shartnomalari soliq organlarida hisobga qoʻyiladi.

7. Soliq qoʻmitasi:

(a) 2026-yil 1-sentabrga qadar soliq organlarining biznes jarayonlarini xavflarni boshqarish boʻyicha xalqaro standartlarga (ISO 22301 va ISO 31000) muvofiqlashtirsin;

(b) 2026-yil 1-noyabrga qadar Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti tavsiyalari hamda xalqaro standartlarga asosan soliq toʻlovchilarning soliq xavflarini oldindan bartaraf etishga qaratilgan “Xavflarni toifalash (Risk Differentiation Framework)” va “Xavflarni koʻrib chiqish (Risk Review)” axborot tizimlarini ishlab chiqsin. Bunda:

(i) 2027-yil 1-yanvardan boshlab kimyo sanoati sohasida faoliyat yuritayotgan yirik soliq toʻlovchilarga nisbatan;

(ii) 2027-yil 1-iyuldan boshlab barcha yirik soliq toʻlovchilarga nisbatan joriy etilsin.

8. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2026-yil 1-iyuldan boshlab davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori boʻlgan dehqon bozorlari va savdo komplekslari balansidagi noturar joy obyektlarini ijaraga berish faqat “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali amalga oshiriladi.

V. Yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish

9. 2026-yil 1-iyuldan boshlab soliq toʻlovchilarni yirik soliq toʻlovchilar toifasiga kiritish mezonlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

10. Belgilansinki:

(a) 2027-yildan 1-yanvardan boshlab avvalgi yilning 1-iyul holatiga ketma-ket keladigan oxirgi oʻn ikki oylik davr boʻyicha Davlat budjetiga toʻlangan soliqlar, yigʻimlar va davlat boji, shuningdek, soliq boʻlmagan toʻlovlari hajmi bazaviy hisoblash miqdorining 500 ming baravaridan ortiq boʻlgan korxonalar va tijorat banklari yirik soliq toʻlovchilar toifasiga kiruvchi oʻta yirik soliq toʻlovchilar deb eʼtirof etiladi hamda ularning roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tasdiqlanadi;

(b) oʻta yirik soliq toʻlovchilarning soliq maʼmuriyatchiligi yirik soliq toʻlovchilar uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

11. Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026-yil 15-iyulga qadar Yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha hududlararo soliq inspeksiyasi va hududiy soliq organlari maʼmuriyatchiligidagi korxonalar roʻyxatining oʻzgarishi munosabati bilan 2026-yil uchun Davlat budjeti daromadlarining prognoz koʻrsatkichlarini ularga belgilangan tartibda tegishli oʻzgartirishlarni kiritgan holda qayta tasdiqlasin. Prognoz koʻrsatkichlarini qayta tasdiqlashda soliq toʻlovchilar kesimida daromadlar rejasini ishlab chiqish uchun foydalanilgan choraklik koʻrsatkichlarga oʻzgartirish kiritishga yoʻl qoʻyilmaydi.

12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari ushbu Farmonning 11-bandiga muvofiq tasdiqlangan prognoz koʻrsatkichlaridan kelib chiqib, uch ish kuni ichida tuman (shahar) prognoz koʻrsatkichlarini qayta tasdiqlasin.

VI. Soliq organlarida kadrlar salohiyatini oshirish va xodimlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash

13. Belgilansinki:

(a) 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarida kadrlar tayyorlash, shuningdek, qayta tayyorlash va malakasini oshirish maqsadida Soliq qoʻmitasi huzurida Soliq oliy maktabi hamda uning tarkibida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Malaka oshirish va kompetensiyalarni rivojlantirish markazi hamda Soliqqa oid tadqiqotlar markazi tashkil etiladi;

(b) Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi balansida boʻlgan Toshkent shahri Kichik halqa yoʻli koʻchasi 3 va 3a-uy manzillaridagi bino va inshootlar operativ boshqaruv huquqi asosida Soliq oliy maktabiga bepul oʻtkazib beriladi. Bunda Turkiy davlatlar xalqaro universiteti tomonidan ushbu bino va inshootlardan tekin foydalanish huquqi saqlab qolinadi;

(v) 2026-yil 1-iyundan boshlab:

(i) 3-ilovaga muvofiq xalqaro malaka darajalari va (yoki) sertifikatlariga ega boʻlgan barcha darajadagi soliq xizmati xodimlariga har oylik ish haqiga qoʻshimcha ravishda lavozim maoshining 100 foizi miqdorida ustama haqi toʻlanadi. Bunda ushbu ustama haqi toʻlovlari Soliq qoʻmitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, soliq organlarini rivojlantirish va koʻzda tutilmagan xarajatlar maxsus jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Maxsus jamgʻarma) mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;

(ii) soliq xizmati xodimlariga koʻp yil ishlaganlik uchun toʻlanadigan har oylik ustama miqdori 4-ilovaga muvofiq 150 foizgacha oshiriladi;

(g) soliqlarni toʻlash muddatini buzganlik uchun penyalar, shu jumladan, davlat soliq xizmati organlari tomonidan oʻtkazilgan tekshiruvlar natijasida qoʻshimcha undirilgan summalar boʻyicha penyalar hamda soliq qonunchiligini buzganlik uchun qoʻllangan moliyaviy jazo choralari summalarining Maxsus jamgʻarmani shakllantirishga yoʻnaltiriladigan qismi 40 foiz etib belgilanadi;

(d) 2027-yil 1-yanvardan boshlab soliq sohasida alohida tashabbus koʻrsatgan, soliq tizimi rivojiga hissa qoʻshgan shaxslarni ragʻbatlantirish maqsadida “Soliq xizmati fidoyisi” koʻkrak nishoni taʼsis etiladi.

14. Soliq qoʻmitasi:

(a) ikki oy muddatda Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda Soliq oliy maktabi faoliyatini yoʻlga qoʻyish, soliq sohasida taʼlim, ilm-fan va amaliyotni oʻzaro integratsiyalovchi kadrlar tayyorlash tizimini joriy etish yuzasidan normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

(b) Boshqaruv samaradorligi agentligi bilan birgalikda 2027-yil 1-yanvarga qadar inson resurslarini rivojlantirish va boshqarishda meritokratiya tamoyiliga asoslangan Inson resurslari salohiyatini oshirish (HR Capacity Development) strategiyasini ishlab chiqib, tasdiqlasin.

15. Soliq qoʻmitasining tashkiliy tuzilmasi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Bunda Soliq qoʻmitasining tashkiliy tuzilmasiga kiritilgan tashkilotlar davlat mulki boʻlgan bino va inshootlarga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.

VII. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat

16. Mazkur Farmonda nazarda tutilgan soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirishda yangi instrumentlarni joriy etish bilan bogʻliq dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish va texnik imkoniyatlarni yaratish xarajatlari Soliq qoʻmitasining Maxsus jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 6-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

18. Soliq qoʻmitasi ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

19. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Soliq qoʻmitasi raisi F.J. Pulatov belgilansin.

20. Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2026-yil 19-may,

PF-95-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 19-maydagi PF-95-son Farmoniga1-ILOVA

2026 — 2030-yillarda soliq maʼmuriyatchiligi va soliq organlari faoliyatini rivojlantirish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 19-maydagi PF-95-son Farmoniga2-ILOVA

Soliq toʻlovchilarni yirik soliq toʻlovchilar toifasiga kiritish

1. Quyidagilar yirik soliq toʻlovchilar toifasiga kiritiladi:

(a) Davlat budjetiga toʻlanadigan soliqlar, yigʻimlar va davlat boji, shuningdek, soliq boʻlmagan toʻlovlar hajmidan qatʼi nazar:

(i) tijorat banklari, sugʻurta tashkilotlari, tovar-xomashyo, valyuta va fond birjalari, tamaki mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar, mobil aloqa xizmatlarini koʻrsatuvchi yuridik shaxslar;

(ii) “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ, “Olmaliq KMK” AJ, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ, “Oʻzkimyosanoat” AJ, “Oʻzbekiston metallurgiya kombinati” AJ, “Oʻzavtosanoat” AK hamda ularning taʼsischiligidagi tashkilotlar;

(iii) Oʻzbekiston Respublikasining havo boʻshligʻidan yoʻlovchilarni tashish maqsadlarida foydalanuvchi, xalqaro havo aloqalarini amalga oshiruvchi va ularning tarkibiga kiruvchi yuridik shaxslar;

(iv) Oʻzbekiston Respublikasi hududi realizatsiya qilish joyi deb eʼtirof etiladigan elektron shakldagi xizmatlarni koʻrsatuvchi chet el yuridik shaxslari;

(v) mahsulot taqsimotiga oid bitim boʻyicha ishlarni bajarishda ishtirok etayotgan tashkilotlar;

(vi) uglevodorod xomashyosi va mineral resurslarni qazib oluvchi, qayta ishlovchi, yetkazib beruvchi va sotuvchi hamda elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi yuridik shaxslar (bundan avtomobillarga yonilgʻi quyish shoxobchalari, elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari va faoliyat yuritayotganiga 2 yildan koʻp boʻlmagan yuridik shaxslar mustasno), shuningdek, ularga tovar (xizmat) yetkazib beruvchi chet el yuridik shaxslarining Oʻzbekiston Respublikasidagi doimiy muassasalari (boʻlinmalari);

(vii) bir vaqtning oʻzida yirik soliq toʻlovchilar toifasiga kiritilgan yuridik shaxslar tomonidan ustav fondida (ustav kapitalida) 20 foiz miqdorida va undan ortiq ulush bilan yangi tashkil etilgan hamda oʻzaro hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirgan yuridik shaxslar, bundan nodavlat notijorat tashkilotlar va aylanmadan olinadigan soliqni toʻlovchi korxonalar mustasno;

(b) bir vaqtning oʻzida Davlat budjetiga toʻlangan soliqlar, yigʻimlar va davlat boji, shuningdek, soliq boʻlmagan toʻlovlari hajmi bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz qirq ming baravaridan va doimiy ishchilar soni yuz nafardan kam boʻlmagan yuridik shaxslar, bundan paxta-toʻqimachilik klasterlari, toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar, alkogol mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi va ulgurji savdosi bilan shugʻullanuvchi korxonalar, sement va qurilish materiallarini ishlab chiqaruvchi korxonalar hamda ulgurji va chakana savdo korxonalari mustasno. Bunda:

(i) mazkur yuridik shaxslar 2026-yilda 1-aprel holatiga hamda kelgusi yillarda 1-iyul holatiga ketma-ket keladigan oxirgi oʻn ikki oylik davr boʻyicha soliq organlari axborot tizimidagi koʻrsatkichlarga asosan aniqlanadi;

(ii) ushbu mezonga toʻgʻri keladigan yuridik shaxslar har yili 1-yanvardan Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Soliq qoʻmitasi tomonidan yirik soliq toʻlovchilar toifasiga oʻtkaziladi.

2. Mazkur ilovaning 1-bandi “a” kichik bandida nazarda tutilgan mezonlarga toʻgʻri keladigan yuridik shaxslar ushbu mezonga toʻgʻri kelgan yildan keyingi yilning 1-sanasidan (Oʻzbekiston Respublikasi hududi realizatsiya qilish joyi deb eʼtirof etiladigan elektron shakldagi xizmatlarni koʻrsatuvchi chet el yuridik shaxslari soliq organida hisobga qoʻyilgan sanadan) eʼtiboran yirik soliq toʻlovchilar toifasiga oʻtkaziladi.

3. Soliq qoʻmitasi 2026-yil 1-iyulga qadar yirik soliq toʻlovchilarning roʻyxatini qayta shakllantirgan holda oʻzining rasmiy veb-saytiga joylashtiradi, ushbu roʻyxat oʻzgargan taqdirda, yangilab borilishini, shuningdek, roʻyxatdagi oʻzgarishlar boʻyicha soliq toʻlovchilarni bir ish kuni ichida soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali xabardor qilishni taʼminlaydi.

Izoh: Soliq qoʻmitasi, zarur hollarda, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda ushbu mezonlarga oʻzgartirish kiritishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 19-maydagi PF-95-son Farmoniga3-ILOVA

Soliq xizmati xodimlarining har oylik ish haqiga qoʻshimcha ustama haqi toʻlanadigan xalqaro malaka darajalari va (yoki) sertifikatlar

1. Sertifikatlangan ichki auditor (CIA)

2. Boshqaruv hisobi boʻyicha xalqaro professional kvalifikatsiya (CIMA)

3. Sertifikatlangan global boshqaruv buxgalteri (CGMA)

4. “Sertifikatlangan diplomli buxgalter (ACCA Membership)” xalqaro sertifikati yoki barcha ACCA imtihonlarini muvaffaqiyatli tamomlagan xodim (F3 va undan yuqori)

5. Xalqaro moliyaviy hisobot boʻyicha diplom (DipIFR) sertifikati

6. “Moliyaviy risk menejeri (FRM)” tavakkalchilikni boshqarishga oid xalqaro sertifikati yoki barcha (Part I — Part II) FRM imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan xodim

7. Sertifikatlangan xalqaro professional buxgalter (CIPA)

8. Sertifikatlangan diplomli auditor-buxgalter (ACA)

Izoh:

1. Mazkur roʻyxatda keltirilgan xalqaro malaka darajalari va (yoki) sertifikatlar amalda boʻlgan davrda ustama toʻlanadi.

2. Ushbu xalqaro malaka darajalari va (yoki) sertifikatlardan bir nechtasi mavjud boʻlgan taqdirda, bittasi boʻyicha ustama toʻlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 19-maydagi PF-95-son Farmoniga4-ILOVA

Soliq xizmati xodimlariga koʻp yil ishlaganlik uchun toʻlanadigan har oylik ustama miqdorlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-maydagi PF-95-son Farmoniga5-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasining

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 19-maydagi PF-95-son Farmoniga6-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi “Kambagʻallikni qisqartirishda tadbirkorlik subyektlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik oʻrnatishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-93-son Farmonida:

(a) 3-bandning “g” kichik bandi “vakil” soʻzidan keyin “hamda Soliq qoʻmitasi” soʻzlari bilan toʻldirilsin;

(b) 7-bandda:

(i) “v” kichik bandda:

uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar chiqarib tashlansin;

beshinchi xatboshi uchinchi xatboshi deb hisoblansin;

(ii) “g” kichik band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;

(v) 1-ilovada:

(i) 4-pozitsiya quyidagi tahrirda bayon etilsin:

(ii) 5-pozitsiya chiqarib tashlansin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi “Lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni tashkil etish va oʻtkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-68-son Farmonida:

(a) 3-bandda:

(i) birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“3. 2026-yil 1-iyuldan boshlab uch yil muddatga huquqiy eksperiment tariqasida lotereyalarni tashkil etish, Internet tarmogʻidagi oʻyinlar va bukmekerlik faoliyatini soliqqa tortishning quyidagi tartiblari oʻrnatilsin”;

(ii) quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“Agentlik Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qoʻmitasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2027-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga lotereyalarni tashkil etish, Internet tarmogʻidagi oʻyinlar va bukmekerlik faoliyatini soliqqa tortish mexanizmini belgilashga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin”;

(b) 4-bandning “b” kichik bandidan “Soliq kodeksi,” soʻzlari chiqarib tashlansin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan V ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-138-son Farmonining 14-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“14. Soliq qoʻmitasi:

(a) Iqtisodiyot va moliya vazirligi, tegishli vazirlik va idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda 2026-yil 1-iyuldan 2027-yil 1-iyulga qadar huquqiy eksperiment doirasida Navoiy viloyatida soliqlar boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirish, ortiqcha toʻlov va qarzdorlik summalarini yagona gʻaznachilik hisobvaragʻi orqali oʻzaro hisobga olish tizimini joriy qilsin;

(b) 2027-yil 1-sentabrga qadar huquqiy eksperiment natijalari asosida yagona gʻaznachilik hisobvaragʻini boshqa hududlarda joriy etish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin”.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-iyuldagi “Soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4389-son qaroriga 1-ilovaning 4-bobida:

(a) 3-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“3. Soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish orqali soliq tushumlarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 17,3 foizga yetkaziladi”;

(b) quyidagi mazmundagi 15-band bilan toʻldirilsin:

“15. Faoliyat yuritayotgan kichik va oʻrta biznes subyektlari orasida uch va undan ortiq yil faoliyat koʻrsatayotgan subyektlar ulushi 60 foizga yetkaziladi”.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 15-iyuldagi “Davlat organlari xodimlarining formali kiyim-bosh kiyib yurishi tartibini maqbullashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4394-son qarorida:

(a) muqaddimaning ikkinchi xatboshisidagi “Davlat soliq qoʻmitasi” soʻzlari “Soliq qoʻmitasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

(b) 1-bandda birinchi xatboshidagi “Davlat soliq qoʻmitasi” soʻzlari “Soliq qoʻmitasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

(v) 2-band quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“soliq organlari xodimlari”;

(g) 4-bandda:

(i) uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin;

(ii) toʻrtinchi xatboshi uchinchi xatboshi deb hisoblansin;

(d) 5-bandning birinchi xatboshisidagi “Davlat soliq qoʻmitasi” soʻzlari “Soliq qoʻmitasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-iyundagi “Koʻchma savdo faoliyatiga axborot texnologiyalarini joriy etish va savdo avtomati orqali chakana savdo faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5136-son qarorining 2-bandi uchinchi xatboshisi “36 oy muddatga” soʻzlaridan keyin “, Qoraqalpogʻiston Respublikasida esa 60 oy muddatga” soʻzlari bilan toʻldirilsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat koʻrsatish faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5168-son qarori 6-bandining ikkinchi xatboshisi “bundan maʼmuriy javobgarlik va maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi,” soʻzlaridan keyin “soliq tekshiruviga oid,” soʻzlari bilan toʻldirilsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-oktabrdagi “Chakana savdo va xizmat koʻrsatish sohasida nazorat-kassa texnikasidan foydalanishni takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5252-son qarori 1-bandining “a” kichik bandi ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat koʻrsatish obyektlarida xaridni amalga oshirgan va ushbu xaridni soliq organlarining maxsus mobil ilovasida xarid chekining fiskal belgisini matritsali shtrix kod (QR-kod) yordamida skanerlash orqali roʻyxatdan oʻtkazgan jismoniy shaxslarning bank kartalariga oy yakuni bilan xarid summasining bazaviy hisoblash miqdorining 60 baravaridan oshmagan qismidan 1 foizi respublika budjetidan qaytariladi, bundan avtomobil sotib olganlik uchun, temir yoʻl va avia chipta xaridi, kommunal va aloqa xizmati uchun toʻlov hamda oʻzini-oʻzi band qilgan shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan raqamli platformalarda generatsiya qilingan maxsus QR kod orqali berilgan xarid cheklari mustasno”.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-dekabrdagi “Yer osti suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishni tartibga solish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-439-son qarorining 7-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“7. Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi:

yer osti suvlaridan foydalanuvchilar tomonidan suv olish inshootlarida oʻrnatilgan suvni hisobga olish vositalari plombalanishi, roʻyxatga olinishi va ishchi holatining monitoringini taʼminlab borsin;

Soliq qoʻmitasi bilan birgalikda yer osti suvlaridan foydalanuvchilar tomonidan suvni hisobga olish vositalarisiz suv olinganida soliq toʻlovini belgilangan soliq stavkasining besh baravari miqdorida undirish choralarini koʻrsin”.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-yanvardagi “Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-39-son qarori 4-bandining “a” kichik bandi quyidagi mazmundagi jumla bilan toʻldirilsin:

“Mazkur tartib tadbirkorlik subyektini qayta tashkil etish natijasida huquqiy vorisda hosil boʻlgan qoʻshilgan qiymat soligʻining salbiy farq summasiga nisbatan tatbiq etilmaydi”.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 13-martdagi “Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish toʻgʻrisida”gi PQ-96-son qaroriga 1-ilovaning 10-pozitsiyasi “Amalga oshirish mexanizmi” ustuni 2-bandidagi “budjet oldidagi” soʻzlari “soliq” soʻzi bilan almashtirilsin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.