Keyingi yillarda mamlakatimizda barcha sohalar qatori diniy-maʼrifiy yoʻnalishda ham ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, islom dini va madaniyati ravnaqiga beqiyos hissa qoʻshgan ulugʻ allomalarimizning muborak nomlarini tiklash, xotirasini eʼzozlash, abadiy orom topgan maskanlarini obod qilish, ilmiy-maʼnaviy merosini har tomonlama chuqur oʻrganish va targʻib etishga alohida ahamiyat berilmoqda.
Yangi Oʻzbekiston durdonalari sifatida eʼtirof etilayotgan Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazining qurib foydalanishga topshirilgani, Samarqandda butunlay yangi qiyofada qad rostlagan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, Margʻilonda “Burhoniddin Margʻinoniy” majmuasining bunyod etilgani bu boradagi ishlarimiz sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilayotganidan dalolat beradi.
Insonlarni yaxshilikka, iymon-eʼtiqodga daʼvat etuvchi oʻlmas asarlari bilan butun islom olamida shuhrat qozongan ulugʻ ajdodlarimiz orasida benazir olim va mutafakkir, hadis va tasavvuf ilmining yetuk namoyandasi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali ibn Hasan ibn Bishr Hakim Termiziy (keyingi oʻrinlarda — Hakim Termiziy) alohida oʻrin tutadi.
Mustaqillik yillarida bu tabarruk siymoning Termiz shahri yaqinidagi ziyoratgohi obodonlashtirilgani, asarlari oʻzbek tiliga ilmiy-izohli tarjima qilinib nashr etilgani, 1993-yildan buyon kurash boʻyicha Hakim Termiziy xotirasiga bagʻishlangan anʼanaviy xalqaro turnir oʻtkazib kelinayotgani va boshqa ezgu ishlar xalqimizning u zotga boʻlgan yuksak ehtiromining amaliy ifodasidir.
Yangi Oʻzbekistonning maʼnaviy-maʼrifiy asoslari tobora mustahkamlanib borayotgan hozirgi sharoitda Hakim Termiziyning ibratli hayot yoʻlini, uning islomiy tafakkur rivojiga qoʻshgan munosib hissasi va boy ilmiy merosini milliy va xalqaro miqyosda yanada chuqur oʻrganish hamda targʻib etish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsad
1. Belgilansinki, ushbu qarorni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsad yurtimizda islom taʼlimoti va diniy ilmlar rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan Hakim Termiziyning ibratli hayot yoʻli hamda ilmiy-maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish, xalqimiz va jahon hamjamiyati oʻrtasida keng targʻib etishni yoʻlga qoʻyish hisoblanadi.
II. Tashkiliy va amaliy chora-tadbirlar
2. Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Surxondaryo viloyati hokimligining joriy yilda Hakim Termiziy tavalludining 1200-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
3. Hakim Termiziy tavalludining 1200-yilligiga bagʻishlangan tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinda — Tashkiliy qoʻmita) tashkil etilsin hamda uning tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Tashkiliy qoʻmita (A. Aripov) bir hafta muddatda Hakim Termiziy tavalludining 1200-yilligini nishonlash boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar dasturini masʼul ijrochilar va moliyalashtirish manbalarini belgilagan holda tasdiqlasin:
(a) Termiz shahrida 2026-yil noyabr oyida “Hakim Termiziy ilmiy-maʼnaviy merosining bugungi kundagi ahamiyati” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazish;
(b) Hakim Termiziyning “Navodirul usul” va “Bahrut tafsir” asarlari hamda allomaning ilmiy merosiga oid boshqa manbalarning oʻzbek va xorijiy tillardagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini nashr etish;
(v) 2026-yil davomida Hakim Termiziy ilmiy merosiga oid turkum risolalarni nashrga tayyorlash va chop etish;
(g) Hakim Termiziy tavalludining 1200-yilligiga bagʻishlangan esdalik buyumlarni muomalaga chiqarish hamda pochta markalari, taqvimlar, allomaning hayoti va ilmiy merosini yoritib beradigan boshqa koʻrgazmali axborot vositalari turkumini yaratish;
(d) Hakim Termiziy yodgorlik majmuasi va unga tutash hududlarni obodonlashtirish.
5. Fanlar akademiyasi, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Madaniy meros agentligi bilan birgalikda Hakim Termiziy ilmiy merosiga mansub qoʻlyozmalar, qadimiy kitoblar, noyob asarlar va boshqa madaniy boyliklar tadqiq etilishi va restavratsiya qilinishini hamda ularning lozim darajada saqlanishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondiga Hakim Termiziy va termiziy allomalar ilmiy merosi, ular targʻib etgan bagʻrikenglik, insonparvarlik, maʼnaviy poklik kabi gʻoyalarni oʻrganish va ommalashtirish, yoshlarni ilm olish va kasb-hunarga ragʻbatlantirish, shuningdek, termiziyshunoslikka oid tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2026-yildan boshlab davlat ijtimoiy buyurtmalarini eʼlon qilib borish tavsiya etilsin.
7. Din ishlari boʻyicha qoʻmita:
(a) Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan birgalikda termiziy allomalar merosiga doir dolzarb mavzularni tizimli tadqiq etish va ommalashtirishni yoʻlga qoʻysin;
(b) Oʻzbekiston musulmonlari idorasi bilan birgalikda diniy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida “Hakim Termiziy asarlari bilimdoni” tanlovini oʻtkazish va gʻoliblarni munosib taqdirlash choralarini koʻrsin.
8. Sport vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston kurash federatsiyasi, Surxondaryo viloyati hokimligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar:
(a) alloma tavalludining 1200-yilligi munosabati bilan Hakim Termiziy xotirasiga bagʻishlangan kurash turnirini 2026-yil noyabr oyida “Mardlar maydoni” shiori asosida yuqori saviyada oʻtkazish;
(b) Xalqaro kurash assotsiatsiyasi bilan kelishilgan holda mazkur turnirning maqomini yanada oshirish hamda xalqaro brendini yaratish choralarini koʻrsin.
9. Surxondaryo viloyati hokimligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi va Turizm qoʻmitasi uch oy muddatda tegishli tashkilotlar bilan birgalikda Hakim Termiziy yodgorlik majmuasini zamonaviy maʼrifat va ziyorat maskaniga aylantirish, mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish choralarini koʻrsin.
10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi bilan birgalikda joylarda 2026-yil davomida Hakim Termiziyning ilmiy merosiga bagʻishlangan davra suhbatlarini tashkil etsin.
11. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston milliy media birlashmasiga Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan hamkorlikda “Termiziy hikmatlari” rukni ostida koʻrsatuv, eshittirish va infografikalar tayyorlash va eʼlon qilib borish tavsiya etilsin.
III. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
12. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston milliy media birlashmasi va “Dunyo” axborot agentligiga Hakim Termiziy tavalludining 1200-yilligini nishonlash bilan bogʻliq tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish tavsiya etilsin.
13. Mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarga ajratilgan budjet mablagʻlari, ularning budjetdan tashqari mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi belgilansin.
14. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-maʼrifiy masalalar boʻyicha maslahatchisi M.M. Kamilov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 24-iyul,
PQ-275-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyuldagi PQ-275-son qarorigaILOVA
Hakim Termiziy tavalludining 1200-yilligiga bagʻishlangan tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita
1.A.N. Aripov—Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Tashkiliy qoʻmita raisi2.M.M. Kamilov—Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-maʼrifiy masalalar boʻyicha maslahatchisi, Tashkiliy qoʻmita raisi oʻrinbosari3.X.M. Sultonov—Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi — Spichrayter 4.J.A. Qoʻchqorov—Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri5.S.D. Toshboyev—Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi6.U.B. Qosimov—Surxondaryo viloyati hokimi7.B.O. Saidov—tashqi ishlar vaziri8.A.A. Tashpulatov—ichki ishlar vaziri9.K.A. Sharipov—oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri10.I.R. Maxkamov—transport vaziri11.O.A. Nazarbekov—madaniyat vaziri12.Sh.S. Xidoyatov—qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri13.Sh.X. Shermatov—raqamli texnologiyalar vaziri14.N.M. Xoliqnazar—Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy15.A.Oʻ. Aqqulov—Turizm qoʻmitasi raisi16.A.V. Nuridinov—Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi17.F.F. Abduxalikov—Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori18.B.A. Abduxalimov—Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti19.O.A. Xasanov—Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari20.J.O. Axmedov—madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari — Kinematografiya agentligi direktori21.B.G. Abdikarimov—Madaniy meros agentligi direktori22.S.S. Saidov—Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi23.A.A. Djurabayev—Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi24.A.X. Xamidov—“Davlat belgisi” MCHJ bosh direktori25.Sh.Sh. Xudaykulov—“Uzbekistan Airways” AJ boshqaruvi raisi26.A.X. Toshqulov—Termiz davlat universiteti rektori27.G.Sh. Rixsiyeva—Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori28.M.F. Joniyev—Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, Tashkiliy qoʻmita kotibi
Izoh. Tashkiliy qoʻmita aʼzosi boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxs kiritiladi.