PF-1932-son Farmon · 23.02.1998

Oʻzbekiston Pespublikasi harbiy qismlarida intizomni mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-1932
  • Qabul qilingan sana:23.02.1998
  • Kuchga kirgan sana:23.02.1998

Surxondaryo viloyatining “Oqtosh” chegara postida harbiy xizmatchilarni halokatga olib kelgan fojiali voqea munosabati bilan:

1. Ushbu fojiali hodisa sabablarini puxta oʻrganish uchun 1-ilovaga* muvofiq komissiya tuzilsin.

* 1-ilova berilmaydi.

Komissiya ikki hafta ichida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga oʻz ishi natijalarini taqdim etsin.

Harbiy intizomni boʻshashtirib yuborganligi, oʻq otish qurollarini saqlash va ulardan foydalanish qoidalarini buzganligi va bu juda ogʻir oqibatlarga olib kelganligi uchun ushbu harbiy qism qoʻmondonligiga nisbatan jinoiy javobgarlikka tortishgacha boʻlgan gʻoyat qattiq choralar qoʻllanib, jinoyat ishi keyinchalik harbiy sud tomonidan koʻrib chiqish uchun topshirilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, chegara va ichki qoʻshinlari harbiy qismlarida harbiy intizomning ahvolini chuqur oʻrganish uchun 2-ilovaga* muvofiq komissiya tuzilsin.

* 2-ilova berilmaydi.

Komissiya uch oy ichida harbiy qismlar harbiy xizmatchilari oʻrtasida nizomga zid oʻzaro munosabat hollarini bartaraf etishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar majmuini tayyorlab, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdim etsin.

Mazkur komissiya tarkibida ushbu masalani har bir harbiy qismda oʻrganish uchun 3-ilovaga* muvofiq ishchi guruhlari tuzilsin.

* 3-ilova berilmaydi.

3. Harbiy intizomning ahvoli va nizomga zid munosabat hollarini bartaraf etish chora-tadbirlari samaradorligi uchun harbiy qismlar komandirlari va tegishli qoʻshin turlari qoʻmondonlari shaxsan javobgar ekanliklari belgilab qoʻyilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi (X.K. Tursunov), Milliy Xavfsizlik Xizmati (R.R. Inoyatov), Ichki ishlar vazirligi (Z.A. Almatov) va Prokuratura (B.M. Mustafoyev) bir oy muddat ichida harbiy xizmatchilar oʻrtasida nizomga zid munosabat hollarining xizmat tekshiruvi tartiblari toʻgʻrisida va oʻzaro munosabatlarda nizomga zid har bir holat uchun guruhlar, raschyotlar, boʻlinmalar, vzvodlar, rotalar, batalonlar, brigadalar komandirlarining hamda ularning shaxsiy tarkib bilan ishlash boʻyicha oʻrinbosarlarining jinoiy javobgarlikka tortishgacha boʻlgan shaxsiy javobgarligini belgilash haqida Nizom tayyorlab, uni tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdim etsinlar.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qoʻmitasi (D.M. Gʻulomova) “Kamolot” Yoshlar jamgʻarmasi (X.M. Abduraimov) va Mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” jamiyati (J.J. Shohmardonov) bilan hamkorlikda oʻz faoliyatlarida harbiy qismlarda sogʻlom axloqiy muhitni yaratish maqsadida harbiy xizmatga chaqiriluvchilar va harbiy xizmatchilar oʻrtasida tarbiyaviy ishlarga alohida eʼtibor qaratsinlar.

Shu maqsadda Oʻzbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qoʻmitasi huzurida doimiy faoliyat koʻrsatuvchi komissiya tuzilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Milliy Xavfsizlik Xizmati va Ichki ishlar vazirligi ushbu komissiya oʻz faoliyatini amalga oshirishi uchun tegishli shart-sharoitlarni yaratsinlar.

5. Ushbu Farmonning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi B. Gʻulomov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

1998-yil 23-fevral,

PF-1932-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.