Iqtisodiy faollikni oshirish, kichik biznesni rivojlantirish, yangi tadbirkorlik subyektlari va barqaror ish oʻrinlarini yaratish, biznes yuritish xarajatlarini kamaytirish hamda ushbu choralar natijasida aholi daromadlarini oshirish va kambagʻallikni qisqartirish maqsadida qaror qilaman:
I. Tashkiliy chora-tadbirlar
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari rahbarligida barqaror ish oʻrinlarini yaratish va aholi daromadlarini oshirish boʻyicha tegishlicha hududiy shtablar, tuman (shahar) hokimlari rahbarligida — tuman (shahar) shtablari tashkil etilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Hududiy va tuman (shahar) shtablarining asosiy vazifalari 1 va 1a-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
3. Hududiy va tuman (shahar) shtablarining oʻz vakolati doirasidagi qarorlari davlat organlari, tashkilotlar va davlat ulushi mavjud banklar hamda ularning boʻlinmalari uchun majburiy etib belgilansin.
II. Moliyalashtirish mexanizmlari va manbalari
4. 2026-yil yakuniga qadar tuman (shahar) shtablari ixtiyoriga quyidagi manbalar hisobidan jami 3,2 trillion soʻm resurs yoʻnaltirilsin:
(a) oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari boʻyicha 1 trillion 370 milliard soʻm;
(b) yoshlar tadbirkorligi dasturlari boʻyicha 450 milliard soʻm;
(v) Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasidan foiz xarajatlari kompensatsiyasi uchun nazarda tutilgan 300 milliard soʻm;
(g) “Saxovat va koʻmak”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamgʻarmalarining 760 milliard soʻm;
(d) Kambagʻallikni qisqartirish davlat maqsadli jamgʻarmasining 240 milliard soʻm;
(j) Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasining 100 milliard soʻm.
5. Tuman (shahar) shtabi qaroriga asosan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarni kooperatsiyaga jalb qilgan lider tadbirkorlarga 5 milliard soʻmgacha (jalb qilingan har bir oila uchun 50 million soʻm hisobda) garov taʼminotisiz kredit ajratilishiga ruxsat berilsin.
6. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va yoshlar tadbirkorligi dasturlarining imtiyozli kredit resurslarini boshqarish vakolati tuman (shahar) shtablariga oʻtkazilsin. Bunda ular mahalliy sharoit va loyiha xususiyatidan kelib chiqib, moliyalashtirish yoʻnalishi va miqdorini, naqd yoki naqdsiz shaklini, muddati, imtiyozli davri va toʻlov grafigini, ularni asoslangan hollarda uzaytirish yoki qayta koʻrib chiqishni, shuningdek, moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyati cheklangan aholi uchun maxsus shartlarni mustaqil belgilaydi.
7. 2026-yil 1-oktabrdan boshlab oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar hamda kichik va oʻrta tadbirkorlik subyektlariga tuman (shahar) shtablari qarorlari asosida tijorat banklari kreditlari boʻyicha foiz xarajatlarining bir qismini “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati (keyingi oʻrinlarda — Kompaniya) tomonidan yoki belgilangan boshqa manbalar hisobidan kompensatsiya qilish mexanizmi joriy qilinsin. Bunda:
(a) tuman (shahar) shtablari mahalliy sharoit, loyihalarning samaradorligi va ustuvor yoʻnalishlardan kelib chiqib, kompensatsiya taqdim etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi, kompensatsiyadan maqsadli va samarali foydalanish uchun masʼul hisoblanadi;
(b) tuman (shahar) shtablarining qarorlari kompensatsiya taqdim etish uchun asos hisoblanadi. Kompensatsiya taqdim etishda kredit tarixi, tadbirkor toifasi, barqarorlik reytingi va boshqa talablarning joriy etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi;
(v) tadbirkorlik subyektlarining qonunchilikda belgilangan umumiy tartibda Kompaniyaga kompensatsiya olish uchun bevosita murojaat qilish huquqi saqlab qolinadi. Bunda kompensatsiya xarajatlari tuman (shahar) shtablariga ajratilgan mablagʻlar hisobidan toʻlanadi;
(g) bir moliyalashtirish boʻyicha bir xil foiz xarajatlarini ikki marta kompensatsiya qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
8. Respublikadan biriktirilgan masʼullar mahallalarda amalga oshirilayotgan loyihalarni monitoring qilib boradi va har chorakda tahlil qilib hududiy shtablarga axborot kiritib boradi.
Bunda loyihalarning iqtisodiy samaradorligi, biznes-reja asosida faoliyat yuritayotgani, ish oʻrinlari tahlillarini amalga oshiradi va shular asosida keyingi davrlar uchun sunʼiy intellektdan keng foydalangan holda ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha takliflar kiritadi.
9. Belgilansinki, kredit, subsidiya, ssuda va kompensatsiya mablagʻlaridan foydalanish shartlari va qoidalarini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari bilan belgilash amaliyoti bekor qilinadi. Bunda Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bank ushbu mablagʻlarni moliyalashtirish shartlari va qoidalarini tasdiqlaydi, shuningdek, zaruratga koʻra, hududlar salohiyatidan kelib chiqqan holda har chorakda oʻzgartirishlar kiritib boradi.
10. “Saxovat va koʻmak”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamgʻarmalari saqlab qolingan holda ularning mablagʻlarini tasarruf etish hamda ular hisobidan ijtimoiy yordam va xizmatlar koʻrsatishni tashkil etish vakolatlari tuman (shahar) shtablariga oʻtkazilsin. Bunda “Saxovat va koʻmak”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamgʻarmalari mablagʻlaridan foydalanishning quyidagi yangi tartibi joriy etilsin:
(a) “Saxovat va koʻmak”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamgʻarmalarining amaldagi moliyaviy instrumentlari saqlab qolingan holda ularning mablagʻlari hisobidan kambagʻal va kambagʻallikka tushish xavfi bor hamda boshqa ehtiyojmand oilalarga tuman (shahar) shtablari qarorlari asosida ushbu va boshqa turdagi ijtimoiy yordam koʻrsatish va tadbirlarni amalga oshirish yoʻlga qoʻyiladi;
(b) “Saxovat va koʻmak”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan yordam va tadbirlarning yangi yoʻnalishlari hamda ularning miqdorlari va tartiblari, shu jumladan, amaldagi moliyaviy instrumentlarni taqdim etishning soddalashtirilgan tartibi Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov tomonidan tasdiqlanadi.
11. Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov, Markaziy bank raisi T.A. Ishmetov, Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori M.P. Olloyorov, kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B.E. Zaxidov hamda Bosh prokuror oʻrinbosari I.M. Adxamov uch kun muddatda:
(a) mazkur Farmonning 4-bandida nazarda tutilgan resurslarni kambagʻal va ishsiz aholi soni, hududning iqtisodiy salohiyati hamda loyihalarning tayyorlik darajasidan kelib chiqib tuman (shahar)lar kesimida taqsimlasin;
(b) hududiy va tuman (shahar) shtablari, “mahalla yettiligi”, hokim yordamchilari, mahalla bankirlari va boshqa masʼullarning har bir oila va loyiha bilan ishlashi boʻyicha yagona amaliy koʻrsatmani tasdiqlasin. Bunda koʻrsatmada:
(i) moliyalashtirishdan oldin real bozor, xaridor, buyurtma va qaytarish manbasini aniqlash, tadbirkorlar faoliyatini kengaytirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish, aholi va kichik biznesni ular bilan kooperatsiya va yetkazib berish zanjirlari orqali bogʻlash;
(ii) davlat resurslari hisobidan amalga oshiriladigan loyihalar boʻyicha shtabning qaror qabul qilish vakolati va tavakkalchiligi, tijorat bankining moliyaviy operator sifatidagi vazifalari, shuningdek, bankning oʻz mablagʻlari va tavakkalchiligi hisobidan moliyalashtirish masalasida mustaqilligi;
(iii) loyihaning xususiyati va pul oqimidan kelib chiqib, moliyalashtirish vositasi, muddati, imtiyozli davri va toʻlov grafigini tanlash, istiqbolli loyihalarning zaruratga qarab toʻlov grafigini oʻzgartirish, muddatni uzaytirish (prolongatsiya) va restrukturizatsiya qilish;
(iv) yer, infratuzilma, elektr energiyasi, ruxsat berish, xomashyo, bozor bilan bogʻliq hamda boshqa muammolarni masʼul organlar tomonidan tezkor bartaraf etish hamda quyi darajada hal etilmagan masalalarni yuqori bosqichga olib chiqish;
(v) natijani ajratilgan mablagʻ yoki berilgan kredit hajmi bilan emas, ishga tushgan loyihalar, faoliyati kengaygan bizneslar, yaratilgan barqaror ish oʻrinlari va daromadi oshgan oilalar soni asosida baholash nazarda tutilsin.
12. Belgilangan tartib-taomillarga rioya etilgan, korrupsiya, manfaatlar toʻqnashuvi, hujjatlarni qalbakilashtirish yoki boshqa noqonuniy harakatlar mavjud boʻlmagan taqdirda, loyiha boʻyicha kredit yoki tadbirkorlik tavakkalchiligining yuzaga kelishi, jumladan, mablagʻning qaytmasligi, loyihadan kutilgan natijaga erishilmasligi, muddatining uzaytirilishi yoki restrukturizatsiya qilinishi oʻz-oʻzidan qaror qabul qilgan shaxsni javobgarlikka tortish uchun asos hisoblanmasligi belgilansin.
III. Ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy himoya qilishning yangi mexanizmlari
13. Belgilansinki, 2027-yil 1-yanvardan boshlab:
(a) aholining ijtimoiy yordam va xizmatlarga muhtojligini oʻrganish hamda Ijtimoiy reyestrga kiritish ularning moliyaviy holatidan tashqari oila aʼzolaridagi surunkali kasalliklar, nogironlik, tashqi mehnat migratsiyasi, oilaning koʻp bolali ekanligi kabi mezonlar asosidagi koʻp oʻlchovli baholash tizimi orqali amalga oshiriladi;
(b) koʻp oʻlchovli baholash tizimi doirasida oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holati balli skoring tizimi orqali baholanib, uning natijalariga koʻra oilalar tegishli toifalarga ajratilgan holda ijtimoiy yordam va xizmatlar bilan qamrab olinadi.
14. Ijtimoiy himoya milliy agentligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2026-yil 1-dekabrga qadar oilalarni koʻp oʻlchovli baholash tizimi orqali Ijtimoiy reyestrga kiritish, ularni toifalarga ajratish va tegishli xizmatlarga yoʻnaltirishning yangi tizimini amaliyotga joriy etishga doir normativ-huquqiy hujjat loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.
15. Belgilansinki, 2027-yil 1-yanvardan boshlab:
(a) mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan xotin-qizlarga ularga berilgan homiladorlik va tugʻish taʼtili tugagan kundan boshlab farzandi bir yoshga toʻlgunga qadar Davlat ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi tomonidan bolani parvarishlash nafaqasini toʻlash tartibi joriy etiladi;
(b) mazkur Farmonning 2-ilovasida nazarda tutilgan davlat ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralari vaucher orqali taqdim etiladi.
16. Belgilab qoʻyilsinki, Ijtimoiy reyestrning “davlat taʼminotidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalar aʼzolariga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 2026-yilda qoʻshimcha ravishda 100 milliard soʻm, 2027-yilda 300 milliard soʻm foizsiz kreditlar ajratiladi. Bunda ajratilgan kreditlarning foiz xarajatlarini tijorat banklariga qoplash uchun Kambagʻallikni qisqartirish davlat maqsadli jamgʻarmasiga Davlat budjetidan 50 milliard soʻmgacha mablagʻ ajratiladi.
17. Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov, iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi oʻrinbosari I.I. Norqulov, kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B.E. Zaxidov ikki hafta muddatda korxonalarning xodimlari, birinchi navbatda, Ijtimoiy reyestrga kirgan xodimlari uchun amalga oshirgan quyidagi xarajatlari foyda soligʻi bazasidan chegirilishini hamda yer va mol-mulk soliqlaridan ozod etilishini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini kiritsin:
(a) xodimlarining farzandlari uchun maktabgacha taʼlim obyektlarini qurish va ushbu obyektlarni topshirilgandan keyin 3 yil muddatgacha saqlash xarajatlari;
(b) xodimlari uchun korxonada ishlagan davrida vaqtinchalik yashash uchun uy-joylarni qurish, shuningdek, ushbu xodimlarning ijara va uy-joydan foydalanish toʻlovlarini qoplab berish xarajatlari.
IV. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
18. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senatiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar, tuman va shahar xalq deputatlari kengashlariga — ushbu Farmon ijrosi hamda ajratilayotgan moliyaviy resurslardan foydalanish samaradorligi ustidan muntazam parlament va deputatlik nazoratini amalga oshirish tavsiya etilsin.
19. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi kompensatsiyadan foydalanishning natijadorligi va samaradorligini muntazam monitoring qilib borsin. Bunda tadbirkorlik subyektlarining faoliyat koʻrsatkichlari, tushumi va ish oʻrinlari soni hamda faoliyati kengayganligiga alohida eʼtibor qaratilsin.
20. Belgilansinki, mazkur Farmonda nazarda tutilgan moliyalashtirish mexanizmlari qonunchilikda nazarda tutilgan davlat tomonidan moliyalashtirish dasturlarining umumiy nizom va tartiblarida oʻzgacha qoidalar va cheklovlar belgilangan holatlarda ham toʻgʻridan-toʻgʻri va soʻzsiz qoʻllanadi.
21. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi Markaziy bank va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
22. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsan javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) hokimlari, Markaziy bank raisi T.A. Ishmetov, kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B.E. Zaxidov hamda davlat ulushi mavjud tijorat banklari boshqaruvi raislari belgilansin.
23. Ushbu Farmon ijrosi uchun masʼul vazirlik va idoralar, hokimliklar hamda tijorat banklari faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 11-sentabr,
PF-193-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-sentabrdagi PF-193-son Farmoniga1-ILOVA
Barqaror ish oʻrinlarini yaratish va aholi daromadlarini oshirish boʻyicha hududiy shtablarning
1. Tuman (shahar) shtablari faoliyatini muvofiqlashtirish, ular uchun hududiy maqsadli koʻrsatkichlarni belgilash va resurslarning natijadorligini nazorat qilish.
2. Tuman (shahar) darajasida hal etib boʻlmaydigan hududlararo, infratuzilmaviy, yer, muhandislik tarmoqlari va ruxsat berish bilan bogʻliq masalalarni joyida hal etish.
3. Hokim yordamchilari faoliyatini qayta baholash va lavozimga tayinlash jarayonini tashkil etish, mahalla bankirlari faoliyati boʻyicha banklarga majburiy koʻrib chiqiladigan takliflar kiritish.
4. Tuman (shahar) shtablari qarorlari yuzasidan kelib tushgan murojaatlarni koʻrib chiqish va qonuniylik hamda mablagʻlardan maqsadli foydalanilishini taʼminlash.
5. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va yoshlar tadbirkorligi dasturlari doirasidagi resurslarni taqsimlash, umumiy shartlarini belgilash, shundan resurslarni naqd yoki naqdsiz berish masalasini hal etish.
6. Har oy yakuni boʻyicha ish oʻrinlari, aholi daromadi va kambagʻallikdan chiqarilgan oilalar natijalarini tanqidiy muhokama qilish.
7. Tuman (shahar) shtablariga belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarning bajarilish holatini doimiy tahlil qilish, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va loyihalarning natijadorligini baholash.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-sentabrdagi PF-193-son Farmoniga1a-ILOVA
Barqaror ish oʻrinlarini yaratish va aholi daromadlarini oshirish boʻyicha tuman (shahar) shtablarining
1. Har bir ehtiyojmand oila va ishsiz fuqaro boʻyicha ishga joylashtirish, kasbga oʻqitish, tadbirkorlikka jalb qilish yoki boshqa daromad manbasini yaratishga qaratilgan individual rejani (manzilli roʻyxatni) tasdiqlash.
2. Subsidiya, foizsiz ssuda, kompensatsiya, kafolat va boshqa davlat koʻmagini ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qilish.
3. Lider tadbirkorlar bilan kooperatsiya asosida amalga oshiriladigan loyihalar va ularga biriktiriladigan oilalarning manzilli roʻyxatini tasdiqlash.
4. Tadbirkorlik infratuzilmasi loyihalarining tashabbuskori va bevosita buyurtmachisini belgilash, ularning loyihalashtirilishi, qurilishi, sifat nazorati va foydalanishga topshirilishini tashkil etish.
5. “Mahalla yettiligi”, hokim yordamchilari va mahalla bankirlarining ishini muvofiqlashtirish, har bir loyiha boʻyicha masʼul shaxsni belgilash va natijagacha kuzatib borish.
6. Shtabga ajratilgan resurslar hisobidan yil yakuniga qadar kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boʻyicha aniq majburiyatlarni qabul qilish hamda ularning bajarilishini taʼminlash.
7. Samaradorligi past loyihalarni toʻxtatish yoki qayta koʻrib chiqishni taklif qilish.
8. Vakolatlari doirasida hal etish imkoni boʻlmagan tizimli masalalar va ularni bartaraf etish yuzasidan takliflarni hududiy shtablarga kiritib borish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-sentabrdagi PF-193-son Farmoniga2-ILOVA
Vaucher orqali taqdim etiladigan davlat ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralarining