# Bojxona kodeksi — 15-modda. Ushbu Kodeksda qoʻllaniladigan boshqa tushunchalar > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/BJK/15 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Ushbu Kodeksda qoʻllaniladigan boshqa tushunchalar: bojxona brokeri — bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha operatsiyalarni deklarantning yoki vakolatli shaxsning topshirigʻiga binoan va uning nomidan shartnoma asosida amalga oshiradigan, Oʻzbekiston Respublikasi yuridik shaxsi; bojxona ishi — iqtisodiy, tartibga solish va huquqni muhofaza qilish maqsadlariga erishishga qaratilgan, bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishini taʼminlaydigan usullar va vositalar majmui; bojxona hamrohligida kuzatib borish — avtotransport vositalarining bojxona organlari tomonidan bojxona nazorati ostida kuzatib borilishi; bojxona operatsiyasi — tovarlarning va transport vositalarining bojxona rasmiylashtiruvida tovarlarga va transport vositalariga nisbatan bojxona organlarining mansabdor shaxsi va (yoki) vakolatli shaxs tomonidan amalga oshiriladigan harakat; bojxona rejimi — bojxona chegarasi orqali olib oʻtiladigan tovarlarning va transport vositalarining maqomini bojxona maqsadlari uchun belgilovchi qoidalar majmui; bojxona tartib-taomili — bojxona maqsadlari uchun amalga oshiriladigan bojxona operatsiyalarining majmui; deklarant — tovarlarni va (yoki) transport vositalarini oʻz nomidan deklaratsiyalovchi shaxs yoxud uning nomidan tovarlar va (yoki) transport vositalari deklaratsiyalanayotgan shaxs; deklaratsiyalash — bojxona chegarasi orqali olib oʻtilayotgan va (yoki) bojxona nazorati ostida turgan tovarlar va (yoki) transport vositalari toʻgʻrisidagi zarur maʼlumotlarni bojxona organlariga maʼlum qilish; iqtisodiy siyosat choralari — tovarlarni va (yoki) transport vositalarini bojxona hududiga olib kirishga va ushbu hududdan olib chiqishga doir cheklovlar boʻlib, ular kvota belgilashni, litsenziyalashni, shuningdek mamlakat iqtisodiyotining jahon xoʻjaligi bilan oʻzaro hamkorligini tartibga solishning boshqa chora-tadbirlarini oʻz ichiga oladi; tashuvchi — bojxona nazorati ostida turgan tovarlar tashilishini amalga oshiruvchi yoki transport vositasidan foydalanish uchun masʼul shaxs; tovar turkumi — bitta oluvchining manziliga bitta transport hujjati boʻyicha kelayotgan yoki bitta pochta yuk xati bilan joʻnatilayotgan yoxud bojxona chegarasi orqali oʻtayotgan bitta jismoniy shaxsning qoʻl yukida va bagajida olib oʻtilayotgan tovar yoki uning bir qismi; tovarlarni va (yoki) transport vositalarini bojxona chegarasi orqali olib oʻtish — tovarlarni va (yoki) transport vositalarini bojxona hududiga olib kirish yoxud ushbu hududdan olib chiqish; tovarlarning erkin muomalasi — bojxona hududida tovarlarning belgilangan taqiqlar va cheklovlarsiz aylanishi; tovarni chiqarib yuborish — bojxona organlarining bojxona rasmiylashtiruvini yakunlovchi va maʼlum qilingan bojxona rejimi shartlaridan kelib chiqqan holda tovarlardan foydalanishga va (yoki) ularni tasarruf etishga ruxsat berilganligini ifodalovchi harakati; yuk operatsiyalari — bojxona nazorati ostida turgan tovarlarni va (yoki) transport vositalarini tashish, yuklash, tushirish, qayta yuklash, ularning buzilgan oʻrovlarini toʻgʻrilash, ularni oʻrash, qayta oʻrash va tashish uchun qabul qilish; Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi (bojxona organlarining axborot tizimi) — bojxona chegarasi orqali olib oʻtiladigan tovarlarning va transport vositalarining bojxona nazoratini amalga oshirish uchun ularga doir hujjatlar va maʼlumotlarning kiritilishini, hisobga olinishini hamda monitoring qilinishini nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining avtomatlashtirilgan tizimi. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/BJK)