# Bojxona kodeksi — 16-modda. Tovarlarni va (yoki) transport vositalarini bojxona chegarasi orqali olib oʻtish shartlari > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/BJK/16 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Tovarlarni va (yoki) transport vositalarini bevosita bojxona chegarasi orqali olib oʻtishga qaratilgan harakatlar jumlasiga quyidagilar kiradi: bojxona chegarasini kesib oʻtayotgan jismoniy shaxsning bojxona nazorati zonasiga kirishi; transport vositasining bojxona chegarasini kesib oʻtish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktiga kirishi; bojxona hududiga yoʻllash yoki ushbu hududdan tashqariga joʻnatish uchun tovarlarni transport tashkilotlariga yoxud xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarini pochta aloqasi operatorlari va provayderlariga topshirish; jismoniy shaxsning qonunchilikka muvofiq belgilanmagan joylardan tovarlar va (yoki) transport vositalari bilan bojxona chegarasini amalda kesib oʻtishga qaratilgan harakatlari. Tovarlarni va (yoki) transport vositalarini bojxona hududiga olib kirish shartlari tovarlar va (yoki) transport vositalari bilan bojxona chegarasini amalda kesib oʻtishdan hamda ushbu tovarlar va (yoki) transport vositalari bilan ushbu Kodeksda nazarda tutilgan keyingi barcha harakatlarni ular bojxona organlari tomonidan chiqarib yuborilguniga qadar amalga oshirishdan iborat. Tovarlar va (yoki) transport vositalari bojxona hududiga olib kirilayotganda tashuvchi ularni tayinlangan bojxona organi joylashgan yerga yoki boshqa joyga ushbu Kodeksning 218-moddasida belgilangan muddatlarda yetkazib berishi shart. Bunda tovarlarning holatini oʻzgartirishga yoki ularning oʻrovini buzishga, shuningdek qoʻyilgan plombalarga, muhrlarga va bojxona identifikatsiyasining boshqa vositalariga shikast yetkazilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Bojxona deklaratsiyasini berish yoki ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatib oʻtilgan, tovarlarni va (yoki) transport vositalarini mazkur hududdan bevosita olib chiqishga qaratilgan boshqa harakatlarni amalga oshirish, shuningdek tovarlar va (yoki) transport vositalari bilan ushbu Kodeksda nazarda tutilgan keyingi barcha harakatlarni ular amalda bojxona chegarasini kesib oʻtguniga qadar bajarish tovarlarni va (yoki) transport vositalarini bojxona hududidan olib chiqish shartlari hisoblanadi. Tovarlarni bojxona hududidan olib chiqishga ular ushbu Kodeksga muvofiq olib chiqilayotgan tovarlarga nisbatan qoʻllaniladigan tegishli bojxona rejimiga joylashtirilganidan soʻng yoʻl qoʻyiladi. Tovarlar va (yoki) transport vositalari bojxona nazoratidan oʻtkazilmasdan mazkur hududdan olib chiqilishi mumkin emas. Bojxona nazorati tashuvchining tovarlarni va (yoki) transport vositalarini olib chiqish niyati borligidan oldindan xabardor qilish asosida bojxona organi tomonidan oʻtkazilishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasini hamda valyuta boyliklarini bojxona chegarasi orqali olib oʻtish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/BJK)