# Bojxona kodeksi — 162-modda. Jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda olib oʻtiladigan tovarlarni deklaratsiyalash > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/BJK/162 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Jismoniy shaxslar qoʻl yukida va kuzatib borilayotgan bagajida notijorat maqsadlarda olib oʻtayotgan tovarlarni deklaratsiyalash jismoniy shaxslar tomonidan ular bojxona chegarasi orqali oʻtayotganda tovarni taqdim etish bilan bir vaqtda amalga oshiriladi. Oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxsning qoʻl yukida va kuzatib borilayotgan bagajida olib oʻtilayotgan tovarlar ularni kuzatib borayotgan shaxs tomonidan deklaratsiyalanadi. Jismoniy shaxslar tomonidan olib oʻtilayotgan tovarlarni deklaratsiyalash maqsadida bojxona hududiga kirib kelish yoki ushbu hududdan chiqib ketish joylarida ikki yoʻlakli tizim qoʻllanilishi mumkin. Ikki yoʻlakli tizimning qoʻllanilishi bojxona operatsiyalarini bajarish uchun notijorat maqsadlardagi tovarlarni deklaratsiyalash shakli sifatida “yashil” yoki “qizil” yoʻlakning bojxona chegarasi orqali oʻtayotgan jismoniy shaxs tomonidan mustaqil ravishda tanlanishini nazarda tutadi. “Yashil” yoʻlak kirib kelish va chiqib ketish joylarida maxsus belgilangan, jismoniy shaxslarning notijorat maqsadlardagi qoʻl yuki va kuzatib borilayotgan bagajidagi tovarlarini bojxona chegarasidan olib oʻtishi uchun moʻljallangan joy hisoblanadi. Mazkur tovarlar ogʻzaki tarzda deklaratsiyalanadi, bundan olib kirilishi yoki olib chiqilishi qonunchilikka muvofiq taqiqlangan yoxud cheklangan tovarlar, shuningdek qiymati va (yoki) miqdori qonunchilikda belgilangan bojsiz olib kirish normasidan oshib ketgan tovarlar mustasno. Jismoniy shaxsning “yashil” yoʻlak orqali oʻtishi bojxona maqsadlari uchun ushbu shaxsda yozma ravishda deklaratsiyalanishi lozim boʻlgan tovarlar yoʻqligini bojxona organiga maʼlum qilish deb qaraladi. “Qizil” yoʻlak kirib kelish va chiqib ketish joylarida maxsus belgilangan, jismoniy shaxslarning yozma shaklda deklaratsiyalanishi lozim boʻlgan qoʻl yuki va kuzatib borilayotgan bagajidagi tovarlarini, shuningdek deklaratsiyalanishi jismoniy shaxsning ixtiyoriga koʻra amalga oshiriladigan tovarlarni bojxona chegarasidan olib oʻtishi uchun moʻljallangan joy hisoblanadi. “Yashil” yoʻlakda bojxona nazorati ayrim shakllarining qoʻllanilmasligi jismoniy shaxslar bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etish majburiyatidan ozod etilganligini anglatmaydi. Bojxona chegarasidan oʻtkazish punktlarida ikki yoʻlakli tizim qoʻllanilishining talablari va tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Jismoniy shaxsning alohida bagajda notijorat maqsadlarda olib oʻtilayotgan tovarlari ularni olib oʻtayotgan shaxs yoki ishonchnoma asosida ish olib boruvchi boshqa shaxs tomonidan deklaratsiyalanishi mumkin. Bojxona organiga maʼlum qilinadigan maʼlumotlarning toʻgʻriligi uchun javobgarlik tovarlarni deklaratsiyalayotgan shaxsning zimmasida boʻladi. Oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxsning alohida ketayotgan bagajidagi tovarlar uning ota-onasi, vasiylari yoki homiylari tomonidan yoxud ota-onasi, vasiylari yoki homiylarining ishonchnomasiga binoan ish olib boruvchi shaxslar tomonidan deklaratsiyalanishi kerak. Jismoniy shaxslar tomonidan ishlab chiqarish yoki tijorat maqsadlari uchun moʻljallangan tovarlarni, shuningdek ularning manziliga kelayotgan notijorat maqsadlardagi tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib oʻtishda (bundan pochta va kuryerlik joʻnatmalari mustasno) ushbu Kodeksda belgilangan bojxona rasmiylashtiruvining umumiy qoidalari qoʻllaniladi. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/BJK)