# Bojxona kodeksi — 218-modda. Tovarlarni va (yoki) transport vositalarini bojxona nazorati ostida tashish talablari hamda shartlari > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/BJK/218 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Bojxona nazorati ostida turgan tovarlar va (yoki) transport vositalari joʻnatuvchi bojxona organidan tovar kelib tushadigan bojxona organiga ushbu tovarlarni va (yoki) transport vositalarini tashish uchun qabul qilgan tashuvchining javobgarligi ostida tashiladi. Tovar kelib tushadigan bojxona organiga topshirilishi lozim boʻlgan hujjatlar qaysi tovarlarga va (yoki) transport vositalariga tegishli boʻlsa, oʻsha tovarlar va (yoki) transport vositalari bilan bir xil tartibda yetkazib beriladi va taqdim qilinadi. Bojxona nazorati ostida tashiladigan tovarlar va (yoki) transport vositalari: tovar kelib tushadigan bojxona organiga joʻnatuvchi bojxona organi belgilagan muddatlarda va yoʻnalishlar boʻyicha, agar ular ushbu moddaning oltinchi qismiga muvofiq belgilangan boʻlsa, tashuvchi tomonidan yetkazib berilishi; tovar kelib tushadigan bojxona organiga taqdim etilishi; tabiiy eskirish yoki normal tashish va saqlash sharoitlarida kamayish oqibatidagi oʻzgarishlarni istisno etganda, oʻzgarmas holatda qolishi hamda tashishdan boshqa biror maqsadda foydalanilmasligi lozim. Tovar kelib tushadigan bojxona organiga tovarlarni yetkazib berishning eng koʻp muddati quyidagi hisob-kitob bilan belgilanadigan muddatdan oshmasligi kerak: havo transporti uchun — uch kalendar kundan; avtomobil va suv transporti uchun — oʻn kalendar kundan; temir yoʻl transporti uchun — ikki ming kilometr uchun oʻttiz kalendar kundan. Bojxona nazorati ostida tashilayotgan tovarlar uchun yetkazib berish muddati tashuvchining arizasidan, tovarlarni tashishning odatiy muddatidan, transport vositasining turi va imkoniyatlaridan, arizachi tomonidan belgilangan harakat yoʻnalishi va boshqa tashish shartlaridan kelib chiqqan holda, ushbu moddaning toʻrtinchi qismida belgilangan muddat doirasida joʻnatuvchi bojxona organi tomonidan belgilanadi. Bojxona nazorati ostida tashilayotgan tovarlar va (yoki) transport vositalari uchun belgilangan yetkazib berish muddatlari tashuvchi tomonidan buzilgan taqdirda, yetkazish punktidagi bojxona organi tomonidan tashuvchidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan miqdorda yigʻim undiriladi. Bojxona nazorati ostida turgan ayrim tovarlarni bojxona hududi boʻylab tashish yoʻnalishlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Vakolatli shaxsning yoki tashuvchining asoslangan soʻroviga koʻra oraliq bojxona organi tovarlarni tovar kelib tushadigan bojxona organiga yetkazib berishning dastlab belgilangan muddatini uzaytiradi. Avtomobil transportida tashilayotganda bojxona nazorati ostida turgan tovarlarni hamda bojxona nazorati ostida turmagan boshqa tovarlarni bitta transport vositasiga joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Tovarlarning ayrim turlarini tashiyotgan tashuvchilar uchun qonunchilik bilan qoʻshimcha talablar belgilanishi mumkin. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/BJK)