Bojxona tashuvchisi quyidagilarga haqli:
1) bojxona nazorati ostida turgan tovarlarni bojxona hamrohligida kuzatib borishni qoʻllamagan holda tashishga;
2) quyidagi hollarda tovarlarni va transport vositalarini tashish uchun qabul qilmaslikka, agar:
tovarning kuzatuv hujjatlari belgilangan tartibni buzgan holda rasmiylashtirilgan boʻlsa;
avtotransport vositasiga va tovarlar oʻroviga qoʻyilgan bojxona identifikatsiyalash vositalari tashilayotgan tovarlarga shunday taʼminlov choralarini buzmasdan tegish imkoniyatini istisno etmasa.
Bojxona tashuvchisi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Bojxona tashuvchisi:
bojxona nazorati ostida tashiladigan tovarlarning hisobini yuritishi va bojxona organlariga shunday tovarlarni tashish toʻgʻrisida hisobot taqdim etishi;
bazaviy hisoblash miqdori oshgan taqdirda, ushbu Kodeks 235-moddasi birinchi qismining uchinchi xatboshisida belgilangan talablarni bajarishni bazaviy hisoblash miqdori oshgan kundan eʼtiboran bir oy ichida taʼminlashi;
tovarlarni joʻnatuvchidan, qabul qiluvchidan olingan, davlat sirlarini va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etadigan axborotni oshkor etmasligi, undan shaxsiy maqsadlari uchun foydalanmasligi, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno;
tovarlarni joʻnatuvchi bojxona organi tomonidan belgilangan joyga, yoʻnalishda va muddatlarda, ularning oʻrovini yoki holatini oʻzgartirmasdan, bundan tabiiy eskirish yoxud normal tashish va saqlash sharoitlarida kamayish oqibatidagi oʻzgarishlar mustasno, yetkazib berishdan boshqa maqsadlarda foydalanmasdan yetkazib berishi;
tovarlarni va ularga oid hujjatlarni tovar kelib tushadigan bojxona organiga taqdim etishi, ushbu bojxona organi mansabdor shaxslarining talabiga koʻra esa tovarlarni tovar kelib tushadigan bojxona organiga amalda taqdim etishi;
bitta avtotransport vositasida bojxona nazorati ostida turgan tovarlar bilan bir vaqtda boshqa tovarlarni tashimasligi;
tashilayotgan tovarlarning but saqlanishini taʼminlashi;
belgilangan joyga bojxona organining ish vaqtidan tashqari paytda keltirilgan tovarlarni bojxona nazorati zonasiga joylashtirishi;
tovarlar yetkazib berilganidan keyin ularni tovar kelib tushadigan bojxona organiga xabar bermagan holda toʻxtash joyida qarovsiz qoldirmasligi, tovarlarni oʻramasligi va qayta oʻramasligi, bojxona identifikatsiyalash vositalarini oʻzgartirmasligi, olib tashlamasligi va yoʻq qilmasligi. Agar bojxona tashuvchisi transport vositasi ekipajining hayoti va sogʻligʻiga haqiqiy xavf tahdid solganligini, tovarlarning yoki transport vositasining yoʻq qilinishi, qaytarib boʻlmas holatda yoʻqotilishi yoki jiddiy buzilishi xavfi mavjud boʻlganligini isbotlasa, ushbu majburiyatning buzilishi bojxona tashuvchisining javobgarligiga olib kelmaydi. Mazkur holatlar toʻgʻrisida bojxona tashuvchisi eng yaqin bojxona organini darhol xabardor qilishi shart;
oʻz xodimlariga tovarlarni bojxona nazorati ostida tashish qoidalarini oʻrgatishi;
avtotransport vositalarini tegishli texnik holatda saqlab turishi hamda ularning ushbu Kodeksning 227 va 235-moddalari belgilangan talablarga muvofiqligini taʼminlashi;
oʻz kuchi yoki shartnoma asosida boshqa tashkilotlarning kuchi bilan tovarlar oʻz avtotransport vositalariga ortilishini yoki qayta ortilishini, shu avtotransport vositalaridan tushirilishini yoki qayta ortilishini taʼminlashi;
tovar kelib tushadigan bojxona organining talabiga koʻra, bojxona organi tomonidan belgilangan muddatda tovarlarning toʻxtash, tushirish va qayta ortish joyini oʻzgartirishni, tovarlarning va transport vositalarining dastlabki turgan joyi oʻzgartirilishini, bojxona identifikatsiyalash vositalari oʻzgartirilishi, olib tashlanishi yoki yoʻq qilinishini taʼminlashi;
avariya yoki yengib boʻlmas kuch taʼsiri chogʻida tovarlarning va transport vositalarining but saqlanishini taʼminlash hamda ulardan biror-bir tarzda foydalanilishiga yoʻl qoʻymaslik uchun zarur choralarni koʻrishi. Bunda avariya yoki yengib boʻlmas kuch taʼsirining holatlari, tovarlar va oʻzining transport vositalari turgan joy toʻgʻrisida eng yaqin bojxona organiga darhol xabar berishi, tovarlarning va transport vositalarining eng yaqin bojxona organiga tashilishini taʼminlashi hamda ushbu bojxona organi tomonidan bojxona nazoratini taʼminlash uchun belgilanadigan boshqa choralarni koʻrishi;
ushbu Kodeks 235-moddasi birinchi qismining uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi xatboshilarida belgilangan maʼlumotlar oʻzgarganligi toʻgʻrisida shunday oʻzgartishlar kiritilgan sanadan eʼtiboran besh ish kuni ichida bojxona organini xabardor qilishi shart.
Bojxona tashuvchisining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.