# Bojxona kodeksi — 329-modda. Bojxona toʻlovlarini kechiktirib va boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyatini berish shartlari > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/BJK/329 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Bojxona organining qaroriga asosan toʻlovchiga bojxona toʻlovlarini kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati berilishi mumkin. Bojxona toʻlovlarini toʻlash muddatining qoʻshimcha davrga uzaytirilishi bojxona toʻlovlarini kechiktirib toʻlashdir. Bojxona toʻlovlarini toʻlash muddatini qoʻshimcha davrga uzaytirib, toʻlanishi lozim boʻlgan bojxona toʻlovlari summasini shu davr ichida qismlarga boʻlib toʻlash bojxona toʻlovlarini boʻlib-boʻlib toʻlashdir. Bojxona toʻlovlarini kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib toʻlash bojxona deklaratsiyasi qabul qilingan kundan eʼtiboran oltmish kalendar kundan oshmasligi, lekin oʻn toʻrt kalendar kundan kam boʻlmasligi kerak, bundan ushbu moddaning beshinchi va oʻn birinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar mustasno. Bojxona deklaratsiyasi qabul qilingan kundan eʼtiboran bir yuz yigirma kalendar kun muddatga kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati quyidagilar boʻyicha beriladi: ishlab chiqaruvchi korxonalarga mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan, bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlar uchun bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha; moddiy ishlab chiqarish va xizmatlar koʻrsatish sohasidagi mikrofirmalar hamda kichik korxonalarga, fermer xoʻjaliklariga, shuningdek yuridik shaxs tashkil etgan holdagi dehqon xoʻjaliklariga oʻz ehtiyojlari uchun olib kirilayotgan tovarlar uchun bojxona bojini toʻlash boʻyicha. Bojxona toʻlovlarini kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati bojxona toʻlovlarining bitta yoki bir nechta turiga, shuningdek toʻlanishi lozim boʻlgan butun summaga yoki uning bir qismiga nisbatan berilishi mumkin. Bojxona toʻlovlarini kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyatini berish toʻgʻrisidagi qaror ushbu Kodeksning 330-moddasida nazarda tutilgan zarur hujjatlar taqdim etilgan kundan eʼtiboran besh ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatda bojxona organi tomonidan qabul qilinadi. Bojxona organining qarorida bojxona toʻlovlarini kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati berilayotgan muddat, bunday imkoniyat berish rad etilgan taqdirda esa rad etish sabablari koʻrsatiladi. Bojxona toʻlovlarini kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati ushbu Kodeksning 47-bobida nazarda tutilgan tartibda bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash sharti bilan beriladi. Tovarlarni import qilish bilan uch yildan ortiq vaqtdan buyon shugʻullanayotgan, bojxona toʻlovlari boʻyicha majburiyatlarini yaxshi (yoki oʻz vaqtida) bajarib kelgan, lekin moliyaviy ahvoliga koʻra toʻlovlarni belgilangan muddatda toʻlash imkoniyatiga ega boʻlmagan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga bojxona toʻlovlarini boʻlib-boʻlib toʻlash huquqi beriladi. Bunda bojxona toʻlovlarini boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati oxirgi uch yil davomida toʻlangan bojxona toʻlovlari summasining ellik foizidan oshmaydigan summa miqdorida, olti oy muddatga bojxona toʻlovlarini taʼminlash qoʻllanilmagan holda berilishi mumkin. Bojxona toʻlovlarini kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan uzoqroq muddatlarga va bojxona toʻlovlari toʻlanishi taʼminlanmagan holda berilishi mumkin. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/BJK)