BJK · 342-modda

342-modda. Bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash sifatida tovarlar garovini qoʻllash

Bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash sifatida garov toʻgʻrisidagi shartnoma asosida tovarlar garovi qoʻllanilishi mumkin.

Har qanday tovar garov narsasi boʻlishi mumkin, bundan quyidagilar mustasno:

elektr, issiqlik energiyasi va energiyaning boshqa turlari;

korxonalar, binolar, qurilmalar, inshootlar, yer uchastkalari, fazoviy obyektlar;

boshqa majburiyatlarni taʼminlash uchun garovga qoʻyib boʻlingan tovarlar;

intellektual mulk obyektlari;

bojxona hududiga olib kirilishi taqiqlangan tovarlar;

tez buziladigan tovarlar;

jonivorlar;

Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida boʻlgan tovarlar;

realizatsiya qilish imkoniyati cheklangan tovarlar;

joylashgan yeri va foydalanilishi ustidan bojxona organi doimiy nazoratni taʼminlay olmaydigan tovarlar;

qonunchilikka muvofiq erkin realizatsiya qilinishi taqiqlangan ishlab chiqarish mahsulotlari va chiqindilari.

Bojxona chegarasi orqali olib oʻtiladigan va sertifikatlanishi yoki davlatning boshqa organlari nazoratida boʻlishi lozim boʻlgan tovarlar sertifikatlar, ruxsatnomalar va tovarlar chiqarib yuborilayotganda zarur boʻlgan boshqa hujjatlar boʻlgan taqdirdagina garov narsasi boʻlishi mumkin.

Garov narsasining bozor qiymatini aniqlash uchun uning baholanishi garovga qoʻyuvchi hisobidan baholash faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga muvofiq amalga oshiriladi.

Garov narsasining bozor qiymati toʻlanishi garov narsasi bilan taʼminlanadigan bojxona toʻlovlariga doir majburiyatlar, shu jumladan tovarlarning ularni saqlash va realizatsiya qilish boʻyicha zarur xarajatlarning oʻrnini qoplash uchun bozor qiymatidan oʻn besh foizi qoʻshib hisoblangandagi majburiyatlar miqdoridan kam boʻlmasligi kerak.

Ushbu Kodeksning 93 va 235-moddalarida nazarda tutilgan hollarda, shuningdek bojxona ombori, boj olinmaydigan savdo doʻkoni va erkin ombor faoliyatini litsenziyalashda bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash sifatida tovarlarni garovga qoʻyish qoʻllanilmaydi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.