Bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimi ushbu Kodeksning 47-moddasiga muvofiq belgilangan tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash muddati tugaydigan kundan kechiktirmay quyidagi usullarning biri orqali tugallanadi:
qayta ishlash mahsulotlarini erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirish;
olib chiqilgan tovarni yoki uning qoldigʻini reimport bojxona rejimiga joylashtirish;
olib chiqilgan tovarni yoki uning qoldigʻini amalda bojxona organiga taqdim etmasdan, ushbu Kodeksda belgilangan talablar va shartlarga rioya etgan holda eksport bojxona rejimiga joylashtirish, bundan bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq olib chiqilgan tovar yoki uning qoldigʻi majburiy tartibda reimport qilinishi shart boʻlgan hollar mustasno.
Qayta ishlash mahsulotlari bittadan ortiq turkumda olib kirilayotganda, qayta ishlash mahsulotlari miqdorining bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash ruxsatnomasida koʻrsatilgan miqdorga muvofiqligini tekshirib koʻrish vaqti-vaqti bilan, lekin uch oyda kamida bir marta va qayta ishlash mahsulotlarining oxirgi turkumi import qilingan kundan eʼtiboran oʻttiz kalendar kundan kechiktirmay amalga oshirilishi mumkin.
Qayta ishlash mahsulotlari miqdorining bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash ruxsatnomasida koʻrsatilgan miqdorga muvofiqligini tekshirib koʻrish natijalari boʻyicha bojxona organi ruxsatnoma olgan shaxs bilan birgalikda dalolatnoma tuzadi. Agar olib kirilgan qayta ishlash mahsulotlarining miqdori tekshirib koʻrish natijasida ruxsatnomada koʻrsatilgan miqdordan ortiqligi aniqlangudek boʻlsa, bojxona organi qoʻshimcha bojxona toʻlovlari toʻlash zarurligi toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Bunday holda bojxona organi ruxsatnoma olgan shaxsga qaror qabul qilingan kunning ertasidan kechiktirmay yozma shaklda xabar qilishi shart. Agar bunday toʻlovlarni toʻlash yozma xabar olingan kundan eʼtiboran oʻn ish kuni ichida amalga oshirilsa, ularning summalariga penya hisoblanmaydi.
Tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirgan shaxs bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimi qoʻllanilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni qayta ishlash muddati tugagan kundan eʼtiboran oʻttiz kalendar kun ichida solishtirib chiqishi shart.
Qayta ishlash mahsulotlari bojxona hududiga qaytarilmagan taqdirda, bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash uchun olib chiqilgan tovarga nisbatan mazkur tovar eksport bojxona rejimiga joylashtirilganda boʻlgani kabi bojxona bojlari va soliqlar qoʻllaniladi. Bunda tovar bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirilgan kundagi bojxona bojlari va soliqlar stavkalari qoʻllaniladi.
Bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimini tugallashda tovarning bojxona rasmiylashtiruvi bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirgan bojxona organi tomonidan yoki vakolatli shaxsning arizasiga koʻra, ushbu tovarning oʻziga xos xususiyatidan kelib chiqqan holda, zarur hajmda, bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish imkoniyatiga ega boʻlgan boshqa bojxona organi tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Arizani topshirishda vakolatli shaxs bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimida tovarni olib chiqishga doir bojxona yuk deklaratsiyasini taqdim etishi kerak.