Tashkilotlarning ushbu Kodeksda belgilangan tartibda kelgusi moliya yil uchun tasdiqlangan xarajatlar smetalari va shtat jadvallari ular iqtisodiyot va moliya organlarida roʻyxatdan oʻtkazilganidan keyin amalga kiritiladi.
Joriy yilning 25-dekabrigacha:
budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning tasdiqlangan jamlanma xarajatlar smetalari va jamlanma shtat jadvallari, shuningdek xarajatlar smetalari va shtat jadvallari — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligida;
Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlarning tasdiqlangan xarajatlar smetalari va shtat jadvallari — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligida, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalarida;
tumanlar va shaharlar budjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlarning tasdiqlangan xarajatlar smetalari va shtat jadvallari — tumanlar va shaharlar iqtisodiyot va moliya boʻlimlarida roʻyxatdan oʻtkazilishi kerak.
Tashkilotlarning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining tumanlar va shaharlar budjetining zaxira jamgʻarmalari, shuningdek tegishli budjetning qoʻshimcha manbalari mablagʻlari hisobidan xarajatlari tegishli iqtisodiyot va moliya organi tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilgan xarajatlar smetasi asosida amalga oshiriladi.
Xarajatlar smetalarini va shtat jadvallarini roʻyxatdan oʻtkazishdan oldin iqtisodiyot va moliya organlari:
budjet tashkilotlari xodimlarining xarajatlar smetalari boʻyicha tasdiqlangan ish haqi summalarining shtat jadvallari boʻyicha tasdiqlangan ish haqiga muvofiqligini;
shtat jadvalida nazarda tutilgan lavozimlar nomlarining va xodimlar sonining, mehnatga haq toʻlash razryadlarining, bazaviy miqdorlarining belgilangan normativlarga muvofiqligini;
Budjet tashkilotlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish maxsus jamgʻarmasining toʻgʻri shakllantirilganligini;
umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional davlat taʼlim tashkilotlarining direktor jamgʻarmasi toʻgʻri shakllantirilganligini;
xarajatlar smetasida tasdiqlangan stipendiyalar uchun xarajatlar summasining xarajatlar smetasiga doir hisob-kitoblarga muvofiqligini;
toʻrtinchi guruhning moddalar boʻyicha yoyilmasidagi xarajatlar summasining xarajatlar smetasida tasdiqlangan summaga muvofiqligini tekshiradi.