Davlat budjetining qoʻshimcha manbalari Davlat budjetining har bir darajasidagi budjetlarida alohida-alohida shakllantiriladi va quyidagilardan tashkil topadi:
Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining, Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining har yil boshida aniqlanadigan erkin qoldiq mablagʻlaridan;
Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti, Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlarning viloyat budjetlari, Toshkent shahrining shahar budjeti, tumanlar va shaharlar budjetlari daromadlarining birinchi — uchinchi hisobot choraklari yakunlari boʻyicha aniqlanadigan prognozdan oshirib bajarilishidan;
Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetiga, viloyatlarning viloyat budjetlariga, Toshkent shahrining shahar budjetiga, tumanlar va shaharlar budjetlariga davlat aktivlarini xususiylashtirishdan tushgan mablagʻlardan;
Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan ajratiladigan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi va (yoki) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan kamaytirilishi natijasida maqbullashtirilgan mablagʻlardan;
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi va (yoki) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan qoʻshimcha aniqlangan daromadlardan respublika budjetiga undirilgan mablagʻlardan.
Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetiga, viloyatlarning viloyat budjetlariga, Toshkent shahrining shahar budjetiga, tumanlar va shaharlar budjetlariga elektron savdo maydonchasida yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni sotishdan tushgan mablagʻlar;
ushbu Kodeksning 120-moddasi toʻrtinchi qismiga muvofiq budjetdan ajratiladigan mablagʻlar kamaytirilishi natijasida boʻshab qolgan mablagʻlardan.
Ushbu modda birinchi qismining beshinchi xatboshisida nazarda tutilgan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi va (yoki) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi, tegishli budjet daromadlarini undirishga vakolatli organlar oʻrtasida rasmiylashtiriladigan solishtirma dalolatnomalarga asosan Davlat budjeti darajalari kesimida alohida aniqlanadi.
Har oy yakunlari boʻyicha keyingi oyning 5-sanasiga qadar tegishli moliya yilida Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetida shakllangan qoʻshimcha manbalar miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan birgalikda tasdiqlangan holda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritib boriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining, Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining erkin qoldiq mablagʻlari ularning shaxsiy gʻazna hisobvaraqlaridagi budjet mablagʻlari qoldigʻining ushbu budjetlar uchun joriy moliya yiliga tasdiqlangan aylanma kassa mablagʻlari miqdoridan oshgan summasi sifatida aniqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar viloyat budjetlari, Toshkent shahri shahar budjeti, tumanlar va shaharlar budjetlari daromadlari prognozining oshirib bajarilishi birinchi — uchinchi hisobot choraklari uchun haqiqatda tushgan tushumlarning tegishli hisobot choraklari uchun soliqlar, yigʻimlar, davlat bojlari va soliq boʻlmagan toʻlovlar boʻyicha daromadlarning aniqlangan prognozidan ortiq summasi sifatida qonunchilikda belgilangan tartibda aniqlanadi.
Quyi turuvchi budjetlar daromadlari prognozining oshirib bajarilishi summalarini yuqori turuvchi budjetda markazlashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetiga, viloyatlarning viloyat budjetlariga, Toshkent shahrining shahar budjetiga, tumanlar va shaharlar budjetlariga elektron savdo maydonchasida yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni sotishdan tushadigan mablagʻlarning miqdorlari qonunchilikda belgilangan tartibda aniqlanadi.
Davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining qoʻshimcha manbalari quyidagilardir:
yil boshidagi holatga koʻra davlat maqsadli jamgʻarmalarining shaxsiy gʻazna hisobvaraqlaridagi mablagʻlarning yil boshiga tasdiqlangan mablagʻlar miqdoridan ortiq boʻlgan qoldiqlari;
davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarini ijro etish jarayonida joriy yil daromadlari prognozining birinchi — uchinchi hisobot choraklari yakunlari boʻyicha, ushbu moddaning beshinchi qismida belgilangan tartibda aniqlanadigan oshirib bajarilishi;
davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarini ijro etish jarayonida ularning xarajatlari iqtisod qilinishi natijasida boʻshab qolgan mablagʻlar.