# Budjet kodeksi — 140-modda. Budjet ssudasi shaklidagi budjetlararo transfert > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/BK/140 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Budjet ssudasi shaklidagi budjetlararo transfert (budjet ssudasi) budjet manbalarining toʻliq safarbar qilinishi tegishli budjetlarda nazarda tutilgan xarajatlar qoplanishini taʼminlamagan taqdirda, qaytarish sharti bilan foizsiz yoki foiz toʻlash sharti bilan beriladi. Budjet ssudasi: bir moliya yilida prognoz qilingan daromadlar va rejalashtirilgan xarajatlar oʻrtasidagi rejali vaqtinchalik kassa uzilishini qoplash uchun — toʻqqiz oygacha boʻlgan muddatga foizsiz asosda; daromadlar tushumlari va xarajatlarni amalga oshirish oʻrtasida kutilayotgan vaqtinchalik kassa uzilishlarini qoplash uchun — tegishli moliya yili yakunigacha boʻlgan muddatga foizsiz asosda hamda bir moliya yilidan ortiq muddatga yillik ikki foizli miqdorda beriladi. Rejali budjet ssudasi daromadlarning prognoz qilingan tushumlari, nazarda tutilgan budjetlararo transfertlar, aylanma kassa mablagʻlaridan va yil boshidagi erkin qoldiqlardan vaqtinchalik mablagʻ jalb qilish, tegishli tasdiqlangan budjetlarda nazarda tutilgan ayrim choraklardagi xarajatlarning qoplanishini taʼminlamagan hollarda beriladi. Budjet ssudasi: Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari hisobidan — Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetiga, viloyatlarning viloyat budjetlariga, Toshkent shahrining shahar budjetiga, davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlariga; Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlarning viloyat budjetlari, Toshkent shahrining shahar budjeti mablagʻlari hisobidan — tumanlar va shaharlar budjetlariga ularning daromadlari hamda xarajatlari oʻrtasidagi rejali yoki kutilayotgan vaqtinchalik kassa uzilishini qoplash uchun beriladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetiga, viloyatlarning viloyat budjetlariga, Toshkent shahrining shahar budjetiga, tumanlar va shaharlar budjetlariga, davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlariga daromadlar toʻliq tushmagan yoki ularning moliya yili uchun tegishli budjetlarda nazarda tutilgan xarajatlarni muddatidan oldin amalga oshirish zarurati yuzaga kelgan, tegishli budjet daromadlari va xarajatlarini muvozanatlashtirish boʻlmagan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalariga yozma yoki elektron shaklda murojaat qilish budjet ssudasi ajratilishi uchun asos boʻlishi mumkin. Ajratiladigan budjet ssudalarining miqdorlari kelgusi moliya yili uchun alohida choraklardagi daromadlar va xarajatlar oʻrtasida yuzaga keladigan rejali vaqtinchalik kassa uzilishini qoplash uchun tegishli budjetning yillik rejali daromadlari hamda xarajatlari har chorakda qayta taqsimlanayotganda belgilanadi. Budjet ssudalarini berishning majburiy sharti ulardan belgilangan maqsadda foydalanish, shuningdek budjet ssudasini ajratish toʻgʻrisidagi shartnomada belgilangan muddatga muvofiq ularni oʻz vaqtida qoplashdan iboratdir. Budjet ssudasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va tegishli hokimliklarning, davlat maqsadli jamgʻarmasini taqsimlovchi organ rahbarining budjet ssudasiga boʻlgan ehtiyojni asoslovchi hisob-kitoblar ilova qilingan soʻrovi asosida beriladi. Budjet ssudasi olish toʻgʻrisidagi soʻrovda soʻralayotgan budjet ssudasining miqdori va u soʻralayotgan davr, shuningdek budjet ssudasini qaytarishning kafolatlangan manbalari koʻrsatiladi. Budjet ssudasini berish toʻgʻrisidagi soʻrovni koʻrib chiqishda iqtisodiyot va moliya organi qaror qabul qilish uchun zarur boʻlgan axborot va hisob-kitoblarni soʻrab olish huquqiga ega. Taqdim etiladigan axborot va hisob-kitoblarda kassa uzilishi sabablarining quyidagi batafsil tahlili keltiriladi: a) tegishli budjetning yil boshidan oxirgi hisobot davrigacha boʻlgan ijrosi toʻgʻrisidagi axborot; b) hisobot davri uchun kassa uzilishlarining yuzaga kelishiga sabab boʻluvchi daromadlarning belgilangan prognoz koʻrsatkichlari; v) soliq toʻlovlari boʻyicha budjet oldidagi qarzdorlik miqdori va uning shakllanish sabablari, hudud boʻyicha qarzdorlikning oʻsib borishi; g) tegishli davr uchun budjetda nazarda tutilgan budjet tasnifining tegishli kodlari boʻyicha birinchi navbatdagi xarajatlar miqdori; d) kutilayotgan daromadlar tushumi, shu jumladan soliq turlari boʻyicha va tegishli hisobot davri uchun kutilayotgan xarajatlar; e) kassa uzilishi yuzaga kelishi sabablarining izohi, soʻrovning asoslanganligi va budjet ssudasining oʻz vaqtida qaytarilishini taʼminlovchi chora-tadbirlar rejasi. Budjet ssudasini berish toʻgʻrisidagi murojaat tegishli iqtisodiyot va moliya organi tomonidan murojaat olingan sanadan eʼtiboran besh ish kuni ichida koʻrib chiqiladi va uning natijasi toʻgʻrisida murojaat etuvchiga xabar qilinadi. Budjet ssudasini olish toʻgʻrisidagi soʻrovni koʻrib chiqish natijasi ijobiy boʻlgan taqdirda tegishli iqtisodiyot va moliya organi bir ish kuni ichida arizachini ajratiladigan budjet ssudasining miqdori, uni ajratishdan maqsad va belgilangan qaytarib berish muddatlari toʻgʻrisida xabar qiladi. Budjet ssudasini berish rad etilgan taqdirda tegishli iqtisodiyot va moliya organi bir ish kuni ichida budjet ssudasi berish rad etilganligi toʻgʻrisida aniq sabablar va asoslarni koʻrsatgan holda arizachiga xabar qiladi. Axborot va hisob-kitoblar taqdim etilmagan yoki toʻliq taqdim etilmagan taqdirda budjet ssudasini olish uchun soʻrov koʻrib chiqilmaydi hamda budjet ssudasini berish rad etilganligi toʻgʻrisida arizachiga ikki ish kuni ichida xabar qilinadi. Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan beriladigan budjet ssudasini ajratish uchun taqdim etiladigan axborot va hisob-kitoblar: hududiy iqtisodiyot va moliya organlari hamda soliq boshqarmalari tomonidan tayyorlanadi hamda tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari yoki ularning birinchi oʻrinbosarlari tomonidan imzolanadi; davlat maqsadli jamgʻarmalarini taqsimlovchi organlar tomonidan tayyorlanadi va ularning rahbarlari tomonidan imzolanadi. Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan, Toshkent shahrining shahar budjetidan budjet ssudasini ajratish uchun taqdim etiladigan axborot hamda hisob-kitoblar tumanlar va shaharlar hokimlari yoki ularning birinchi oʻrinbosarlari tomonidan imzolanadi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va tegishli hokimliklarning, davlat maqsadli jamgʻarmasini taqsimlovchi organ rahbarining soʻrovini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha besh ish kuni ichida quyidagilardan: Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan budjet ssudasini berish toʻgʻrisidagi qaror — Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri tomonidan; Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan, Toshkent shahrining shahar budjetidan budjet ssudasini berish toʻgʻrisidagi qaror — tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari boshliqlari tomonidan qabul qilinadi. Budjet ssudasini ajratish budjet ssudasini berayotgan iqtisodiyot va moliya organi va budjet ssudasini oluvchi iqtisodiyot va moliya organi (davlat maqsadli jamgʻarmalarini taqsimlovchi organ) oʻrtasida tuziladigan budjet ssudasini ajratish toʻgʻrisidagi shartnoma bilan rasmiylashtiriladi. Budjet ssudasini qaytarish muddatlarini uzaytirish budjet ssudasini oluvchida uni belgilangan muddatlarda oʻz vaqtida toʻlash imkoniyatini istisno etadigan moliyaviy qiyinchiliklar yuzaga kelgan hollarda amalga oshiriladi. Budjet ssudasini qaytarish muddatlarini uzaytirish budjet ssudasini berish uchun ushbu moddada belgilangan tartibda va shartlarda amalga oshiriladi. Budjet ssudalarini qaytarish muddatlari kelgusi moliya yiliga uzaytirilganda, budjet ssudalarining qaytarilmagan qismidan yillik ikki foiz miqdorida toʻlov belgilanadi va budjet ssudalari qaysi tegishli budjetlardan berilgan boʻlsa, oʻsha budjetlarga yoʻnaltiriladi. Budjet ssudasini oluvchi tegishli iqtisodiyot va moliya organiga budjet ssudasini toʻlash muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi soʻrov bilan uni toʻlash muddati tugashidan kamida besh ish kuni oldin murojaat qiladi. Budjet ssudasini toʻlash budjet ssudasini ajratish toʻgʻrisidagi shartnomada belgilangan muddatlarda: mablagʻlarni oʻtkazish; quyi turuvchi budjetlarga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga oʻtkazilishi lozim boʻlgan budjetlararo transfertlar evaziga oʻzaro hisobga olish; ish haqini toʻlash, ijtimoiy ehtiyojlarga ajratmalar, stipendiyalar, pensiyalar, kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam, kompensatsiya toʻlovlari va nafaqalar toʻlash xarajatlari qoplanganidan keyin quyi turuvchi budjetlarning hamda davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining shaxsiy gʻazna hisobvaraqlaridan mablagʻlarni soʻzsiz undirib olish yoʻli bilan amalga oshiriladi. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/BK)