# Budjet kodeksi — 165-2-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/BK/165-2 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobot budjet tasnifiga muvofiq muayyan davr uchun tegishli budjet daromadlari va xarajatlarining ijrosi natijalaridan iborat boʻladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisoboti quyidagilarni oʻz ichiga oladi: budjet ijrosining balansini; budjet daromadlarining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni; budjet xarajatlarining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni; budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni; budjet tashkilotlarining debitorlik va kreditorlik qarzlari toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani; budjetdan moliyalashtiriladigan budjet tashkilotlari boʻyicha tarmoqlarga, shtatlarga va kontingentga doir rejaning bajarilishi toʻgʻrisidagi hisobotni; budjet tashkilotlarining nomoliyaviy aktivlari harakati toʻgʻrisidagi hisobotni. Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi choraklik hisobot budjet tasnifiga muvofiq muayyan davr uchun tegishli budjet daromadlari va xarajatlarining ijrosi natijalaridan iborat boʻladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi choraklik hisobot quyidagilarni oʻz ichiga oladi: budjet daromadlarining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni; budjet xarajatlarining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni; budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni. Tumanlar va shaharlar boʻyicha gʻaznachilik xizmati boʻlinmalari tegishli tumanlar hamda shaharlar iqtisodiyot va moliya boʻlimlariga tumanlar va shaharlar budjetlarining kassa ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni taqdim etadi. Tumanlar va shaharlar iqtisodiyot va moliya boʻlimlari hisobot davri uchun tumanlar va shaharlar budjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobotni Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan belgilangan shakllar boʻyicha: yuqori turuvchi iqtisodiyot va moliya organlariga — hisobot yilidan keyingi yilning 1-fevraligacha; tegishli hokimliklarga — tumanlar va shaharlar budjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni yuqori turuvchi Iqtisodiyot va moliya organlariga taqdim etilganidan keyin bir ish kuni ichida taqdim etadi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar gʻaznachilik xizmati boshqarmalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining kassa ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalariga taqdim etadi. Gʻaznachilik boʻlinmalari tomonidan tegishli budjetlarning kassa ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarni iqtisodiyot va moliya organlariga taqdim etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan belgilanadi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari: a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobotni: Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan belgilangan shakllar boʻyicha, hisobot yilidan keyingi yilning 10-fevraligacha Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga; mahalliy budjet ijrosining borishi toʻgʻrisidagi yillik hisobotni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga va tegishli hokimliklarga Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etilganidan keyin bir ish kuni ichida taqdim etadi; b) hisobot davri uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi choraklik hisobotni Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan belgilangan shakllar boʻyicha: Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga — hisobot davridan keyingi oyning 25-sanasigacha; Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi choraklik hisobot Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etilganidan keyin bir ish kuni ichida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga hamda tegishli hokimliklarga taqdim etiladi. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/BK)