BK · 166-1-modda

166-1-modda. Budjet jarayonining ochiqligini taʼminlash tartibi

Birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar, ikkinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar, hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar, davlat maqsadli jamgʻarmalari, Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi har chorak yakunlari boʻyicha keyingi chorak birinchi oyining 25 sanasiga qadar oʻzining rasmiy veb-saytlariga:

oʻz tasarrufidagi budjet tashkilotlari kesimida budjet mablagʻlarining taqsimoti;

davriy moliyaviy hisobotlar;

davlat maqsadli jamgʻarmalaridan subsidiyalar va kredit oluvchilar;

kapital qoʻyilmalar hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarning ijrosi;

oʻtkazilgan tanlovlar (tenderlar) va amalga oshirilgan davlat xaridlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni joylashtiradi.

Hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning rasmiy veb-saytlari mavjud boʻlmagan taqdirda ular tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklarining rasmiy veb-saytlariga ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan maʼlumotni joylashtiradi.

Davlat moliyaviy nazorat organlari moliya yilining birinchi oyida moliya yili uchun ish rejalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, har chorak yakunlariga koʻra esa nazorat tadbirlari natijalari boʻyicha aniqlangan moliyaviy huquqbuzarliklar va ijobiy natijalar haqidagi maʼlumotlarni chorakdan keyingi oyning 25 sanasidan kechiktirmay oʻz rasmiy veb-saytlariga joylashtiradi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining, tumanlar va shaharlar budjetlarining qoʻshimcha manbalari hisobidan xarid qilingan tovarlar hamda xizmatlar, qurilish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari olib borilayotgan obyektlar roʻyxati, shuningdek qurilish-taʼmirlash ishlarining moliyalashtirilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar har chorak yakunlari boʻyicha keyingi chorak birinchi oyining 10 sanasiga qadar tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan majburiy tartibda oʻz rasmiy veb-saytlarida joylashtiriladi.

Budjet mablagʻlarini tegishli taqsimlovchilar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlarining ijro etilishi toʻgʻrisidagi axborotni birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar kesimida oʻz rasmiy veb-saytlariga har chorak yakunlariga koʻra, chorakdan keyingi oyning 25 sanasidan kechiktirmay joylashtiradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi soliq va bojxona imtiyozlari roʻyxatini, shuningdek soliq toʻlovchilar kesimida taqdim etilgan soliq va bojxona imtiyozlarining miqdori toʻgʻrisidagi axborotni oʻz rasmiy veb-saytlariga har chorakda chorakdan keyingi oyning 25 sanasidan kechiktirmay, yil yakunlariga koʻra esa kelgusi yilning 1-apreliga qadar joylashtiradi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklari tegishli mahalliy budjetlar qoʻshimcha mablagʻlaridan foydalanilishiga doir qarorlarni (farmoyishlarni) ular qabul qilinganidan soʻng uch ish kuni ichida majburiy tartibda oʻz rasmiy veb-saytlariga hamda “Ochiq budjet” axborot portaliga joylashtiradi.

Tumanlar va shaharlar hokimliklari jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirish boʻyicha maʼlumotlarni har chorak yakunlari boʻyicha keyingi chorak birinchi oyining 25-sanasiga qadar oʻz rasmiy veb-saytlariga hamda “Ochiq budjet” axborot portaliga joylashtiradi.

Maʼlumotni ushbu moddaning birinchi — sakkizinchi qismlarida koʻrsatilgan tegishli tashkilotlarning rasmiy veb-saytlariga joylashtirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan belgilanadi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.