Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Davlat budjetining ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
Oʻzbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan budjetining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobotni hamda zarur materiallarni hisobot yilidan keyingi yilning 15-mayidan kechiktirmay Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining xulosasi bilan birga;
Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining birinchi chorakdagi, yarim yillik va toʻqqiz oylik ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarni hamda zarur materiallarni Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining tezkor xulosasi bilan birga, ushbu tezkor xulosa olingan kundan eʼtiboran ikki kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga taqdim etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan budjetining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobot, Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining birinchi chorakdagi, yarim yillik, toʻqqiz oylik ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarida va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalarida dastlabki tarzda muhokama qilinadi.
Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi masalalarni koʻrib chiqish davomida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari Davlat budjeti daromad qismining ijrosi, ajratilgan mablagʻlarning oʻzlashtirilish holati toʻgʻrisida tegishli organlardan qoʻshimcha axborotni, shuningdek ularning maqsadli sarflanishi hamda ulardan samarali foydalanilishi haqidagi maʼlumotlarni talab qilib olishi mumkin. Bunda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari joylarda budjet mablagʻlarining maqsadli sarflanishi va ulardan samarali foydalanilishi masalalarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining tegishli qoʻmitalari tomonidan oʻrganish tashabbusi bilan chiqishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan budjetining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobot, shuningdek Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi yarim yillik hisobot dastlabki tarzda muhokama qilinganidan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining majlisida koʻrib chiqiladi. Uni koʻrib chiqish vaqtida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining fikrlari va takliflari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi masʼul qoʻmitasining xulosasi eshitiladi, muhokama oʻtkaziladi hamda hisobot Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qarori bilan tasdiqlanadi.
Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining birinchi chorakdagi va toʻqqiz oylik ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi masʼul qoʻmitasining majlisida koʻrib chiqiladi hamda uning qarori bilan tasdiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasining, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Davlat budjeti daromadlari prognozining bajarilishi toʻgʻrisidagi hisobotlarini har chorak yakunlari boʻyicha eshitib boradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning va davlat maqsadli jamgʻarmalarini taqsimlovchi organlarning oʻzlariga ajratilgan budjet mablagʻlaridan va budjetdan tashqari mablagʻlardan samarali foydalanilishi, shuningdek erishilgan natijalar toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitish huquqiga ega.
Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti ijrosi toʻgʻrisidagi yillik, shuningdek Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining birinchi chorakdagi, yarim yillik va toʻqqiz oylik ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlar tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining masʼul qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanganidan keyin uch ish kuni ichida tegishli hisobotlarga doir axborot Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.