BK · 70-modda

70-modda. Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining xarajatlari

Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan quyidagi xarajatlar amalga oshiriladi:

1) ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash xarajatlari, shu jumladan:

maktabgacha taʼlim, umumiy oʻrta taʼlim, oʻrta maxsus, professional taʼlim, oliy taʼlim, oliy taʼlimdan keyingi taʼlim, qoʻshimcha taʼlim, kadrlarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tashkilotlari, bolalar uylari, davlat taʼlim tashkilotlarini axborot-uslubiy jihatdan taʼminlash muassasalari, vazirliklar va idoralar tasarrufidagi davlat taʼlim tashkilotlari, boshqa yordamchi muassasalarni saqlab turish, shuningdek qonunchilikda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan moliyalashtirilishi nazarda tutilgan taʼlim tizimi tadbirlarining xarajatlari;

respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi, OITSga qarshi kurashish respublika markazi, Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati, karantin va oʻta xavfli infeksiyalar profilaktikasi, ilmiy-tadqiqot institutlari va davlat oliy taʼlim tashkilotlarining klinikalari, qon quyish xizmati va sud-tibbiyot ekspertizasi respublika muassasalari, respublika vazirliklari va idoralari tasarrufidagi boshqa davolash-profilaktika muassasalari hamda yordamchi tashkilotlarni saqlab turish, shuningdek qonunchilikda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan moliyalashtirilishi nazarda tutilgan xizmatlar haqini toʻlash xarajatlari;

qonunchilikka muvofiq ayrim toifadagi fuqarolarga tibbiy xizmatlar koʻrsatilganligi uchun respublika ixtisoslashtirilgan markazlari xarajatlarining oʻrnini qoplash (subsidiyalar);

qabul qilingan davlat dasturlariga muvofiq fuqarolarning sogʻligʻini saqlash tadbirlarini amalga oshirish xarajatlari;

respublika vazirliklari va idoralari tasarrufidagi madaniyat, jismoniy tarbiya va sport muassasalarini saqlab turish, tele- va radiodasturlar yaratish hamda ularni tarqatishga doir xizmatlar taʼminoti va ularga haq toʻlash, hukumatning alohida qarorlariga koʻra ommaviy axborot vositalarini saqlab turish, kino- va videomahsulotlar yaratish, madaniy meros obyektlarida restavratsiya ishlarini bajarish, tasdiqlangan kalendar rejalarga muvofiq madaniyat va sportni rivojlantirish boʻyicha qonunchilikda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan moliyalashtirilishi nazarda tutilgan maqsadli tadbirlar xarajatlari;

fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsiya ishlarining davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida grantlar boʻyicha amalga oshiriladigan ilmiy-texnik loyihalar, noyob ilmiy obyektlarni va fanga xizmat koʻrsatuvchi muassasalarni saqlab turish, ilmiy loyihalar ekspertizasini oʻtkazish hamda qonunchilikka muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti hisobidan amalga oshiriladigan fanga doir alohida tadbirlar xarajatlari;

davlat arxivlarini saqlab turish xarajatlari;

respublika vazirliklari va idoralari tasarrufidagi urush hamda mehnat faxriylari uchun pansionatlar va sanatoriylarni, aholini ijtimoiy muhofaza qilish muassasalarini saqlab turish, shuningdek qonunchilikda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan moliyalashtirilishi nazarda tutilgan, aholini ijtimoiy muhofaza qilishga doir maqsadli tadbirlar xarajatlari;

davlat mukofotlari, davlat pul mukofotlari bilan taqdirlanganligi munosabati bilan bir yoʻla beriladigan davlat pul mukofotlari va mukofotlarini toʻlash xarajatlari;

bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxslarga va bola tugʻilganda beriladigan nafaqalarni, qonunchilikda ayrim toifadagi shaxslarga belgilangan kompensatsiyalarni toʻlash uchun vakolatli organga mablagʻlar ajratish xarajatlari;

Chernobil AES halokati oqibatlarini tugatishda ishtirok etgan shaxslarni va radiatsiya-yadro obyektlarida harbiy xizmatni oʻtagan pensiya yoshidagi shaxslarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ayrim toifadagi shaxslarga qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va kompensatsiyalarni toʻlash xarajatlari jamoat ishlarini moliyalashtirish;

kam taʼminlangan oilalarga toʻlanadigan ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam.

2) davlat grantlari, subsidiyalar va ijtimoiy buyurtma shaklida nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash xarajatlari;

3) iqtisodiyot xarajatlari, shu jumladan:

agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi sohasidagi respublika nazorat organlarining xarajatlari, suv va oʻrmon xoʻjaligi xarajatlari, qishloq xoʻjaligi ekinlari zararkunandalariga qarshi kurashish muassasalarining xizmatlariga va ularni saqlab turishga haq toʻlash xarajatlari;

hosildorligi past yerlarda davlat ehtiyojlari uchun qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash xarajatlari;

qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilari tomonidan toʻlanadigan yagona yer soligʻi boʻyicha tushumlarga muvofiq budjetdan ajratiladigan mablagʻlar va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamgʻarmasining har yili tasdiqlanadigan asosiy parametrlari doirasida budjetdan ajratiladigan maqsadli mablagʻlar;

qonunchilikda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan moliyalashtirilishi nazarda tutilgan standartlashtirish va sertifikatlashtirish, topografiya-geodeziya, kartografiya va kadastr, shuningdek geologiya qidiruv ishlari, davlat shaharsozlik kadastrini yuritish xarajatlari, chegaradosh davlatlarga haq evaziga yerdan foydalanish toʻlovi, gidrometeorologiya xizmati muassasalarini saqlab turish xarajatlari;

atrof muhit va landshaftning muhofaza qilinishini, biologik xilma-xillikning himoya qilinishini taʼminlash bilan bogʻliq xarajatlar;

ichimlik suvi bilan taʼminlash tizimini rivojlantirish bilan bogʻliq xarajatlar.

4) respublika vazirliklari va idoralari buyurtmachi boʻlgan markazlashtirilgan investitsiyalarni moliyalashtirish xarajatlari;

5) davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarini, adliya va prokuratura organlarini saqlab turish xarajatlari, shu jumladan:

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarini;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasini;

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasini;

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudini;

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasini;

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Devonini;

qonunchilikda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlaridan saqlab turilishi nazarda tutilgan davlat boshqaruvi organlarini;

Oʻzbekiston Respublikasining chet ellardagi muassasalarini saqlab turish xarajatlari;

adliya va prokuratura organlarini.

6) sudlarni saqlab turish xarajatlari;

7) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasini shakllantirish xarajatlari;

8) boshqa xarajatlar:

siyosiy partiyalarga ularning ustavida belgilangan faoliyatini moliyalashtirish uchun ajratiladigan mablagʻlar;

Oʻzbekiston Respublikasi ishtirokchi boʻlgan xalqaro tashkilotlarga aʼzolik badallarini toʻlash va ularni moliyalashtirishda ishtirok etish xarajatlari;

davlat qarzi boʻyicha foiz toʻlovlari va davlat kafolatini bajarish bilan bogʻliq xarajatlar;

davlat buyurtmasi boʻyicha statistika ishlariga haq toʻlash;

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining saylovlar va referendumlarga tayyorgarlik koʻrish hamda ularni oʻtkazish boʻyicha xarajatlari, shu jumladan okrug va uchastka saylov komissiyalarini, siyosiy partiyalarni moliyalashtirish;

davlat zaxiralari va strategik zaxiralarni vujudga keltirish, saqlab va yangilab turish bilan bogʻliq xarajatlar;

mudofaaga, jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlashga, bojxona organlariga ajratiladigan mablagʻlar, shu jumladan harbiy xizmatni, ichki ishlar organlarida, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasida, bojxona organlarida xizmatni oʻtagan shaxslar hamda ularning oilalariga pensiyalar va nafaqalar uchun xarajatlar, shuningdek qonunchilikka muvofiq faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan moliyalashtiriladigan muassasalar, tashkilotlar va idoralarga ajratiladigan mablagʻlar;

qonunchilikka muvofiq boshqa xarajatlar.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.