Fiskal strategiya Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanganidan keyin besh ish kuni ichida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi kelgusi moliya yili uchun:
birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga, Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan moliyalashtiriladigan budjet tashkilotlariga va budjet mablagʻlarini oluvchilarga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ikkinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga — Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan ajratiladigan budjet mablagʻlarining cheklangan miqdorlarini, shuningdek obyektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun kapital qoʻyilmalar boʻyicha xarajatlarning cheklangan miqdorlarini;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga — Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga ajratiladigan budjetlararo transfertlarning cheklangan miqdorlarini, shuningdek obyektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun kapital qoʻyilmalar boʻyicha xarajatlarning cheklangan miqdorlarini;
davlat maqsadli jamgʻarmalarini taqsimlovchi organlarga — Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan davlat maqsadli jamgʻarmalariga ajratiladigan transfertlarning cheklangan miqdorlarini yetkazadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan taqdim etilgan kelgusi moliya yili uchun Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan ajratiladigan budjetlararo transfertlarning cheklangan miqdorlari asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari besh ish kuni ichida tegishli budjetlarning budjet soʻrovlarini tuzish hamda ularni taqdim etish muddatlarini belgilash toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining budjet soʻrovlarini tuzish hamda ularni taqdim etish muddatlarini belgilash haqida qaror qabul qilinganidan keyin Qoraqalpogʻiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari:
tumanlar va shaharlar hokimliklariga Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan ajratiladigan budjetlararo transfertlarning cheklangan miqdorlarini;
Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan moliyalashtiriladigan hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga — kelgusi moliya yili uchun ajratiladigan budjet mablagʻlarining cheklangan miqdorlarini yetkazadi.
Tumanlar va shaharlar hokimlari Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan ajratiladigan budjetlararo transfertlarning cheklangan miqdorlarini olganidan keyin uch ish kuni ichida tegishli budjetlarning budjet soʻrovlarini tuzish hamda ularni taqdim etish muddatlarini belgilash toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi.
Tumanlar va shaharlar iqtisodiyot va moliya boʻlimlari tegishli budjetlarning budjet soʻrovlarini tuzish va ularni taqdim etish muddatlarini belgilash haqidagi qarorlarni olganidan keyin kelgusi moliya yili uchun ajratiladigan budjet mablagʻlarining cheklangan miqdorlarini tumanlar va shaharlar budjetlaridan moliyalashtiriladigan hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga yetkazadi.