# Fuqarolik kodeksi (birinchi qism) — 28-modda. Emansipatsiya > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/FK/28 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Oʻn olti yoshga toʻlgan voyaga yetmagan shaxs mehnat shartnomasi boʻyicha ishlayotgan boʻlsa yoki ota-onasi, farzandlikka oluvchilari yoxud homiysining roziligiga binoan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan boʻlsa, u toʻla muomalaga layoqatli deb eʼlon qilinishi mumkin. Voyaga yetmagan shaxsni toʻla muomalaga layoqatli deb eʼlon qilish (emansipatsiya) ota-onaning, farzandlikka oluvchilarning yoki homiyning roziligi bilan vasiylik va homiylik organining qaroriga muvofiq yoxud, bunday rozilik boʻlmagan taqdirda, sudning qarori bilan amalga oshiriladi. Ota-ona, farzandlikka oluvchilar va homiy emansipatsiya qilingan voyaga yetmaganning majburiyatlari boʻyicha, xususan, u yetkazgan zarar oqibatida kelib chiqqan majburiyatlar boʻyicha javobgar boʻlmaydilar. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/FK)