# Fuqarolik kodeksi (birinchi qism) — 282-modda. Garov bilan taʼminlangan majburiyatni muddatidan ilgari bajarish va undiruvni garovga qoʻyilgan mol-mulkka qaratish > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/FK/282 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Garovga oluvchi garov bilan taʼminlangan majburiyatni quyidagi hollarda muddatidan ilgari bajarishni talab qilishga haqli: 1) agar garov narsasi garovga qoʻyuvchida qoldirilgan boʻlib, garov toʻgʻrisidagi shartnoma buzilgan holda uning egaligidan chiqqan boʻlsa; 2) garovga qoʻyuvchi garov narsasini almashtirish qoidalarini buzgan boʻlsa (ushbu Kodeksning 276-moddasi); 3) garov narsasi garovga oluvchi javob bermaydigan vaziyatlarda yoʻqolgan boʻlsa, agar garovga qoʻyuvchi ushbu Kodeks 276-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqdan foydalanmagan boʻlsa. Garovga oluvchi quyidagi hollarda garov bilan taʼminlangan majburiyatni muddatidan ilgari bajarishni talab qilishga, agar uning talabi qondirilmasa, undiruvni garov narsasiga qaratishga haqli: 1) garovga qoʻyuvchi navbatdagi garov qoidasini buzgan boʻlsa (ushbu Kodeksning 273-moddasi); 2) garovga qoʻyuvchi garovga qoʻyilgan mol-mulkni saqlash va asrash yuzasidan ushbu Kodeks 274-moddasi birinchi qismining 1 va 2-bandlarida hamda ikkinchi qismida nazarda tutilgan burchlarni bajarmasa; 3) garovga qoʻyuvchi garovga qoʻyilgan mol-mulkni tasarruf etish qoidalarini buzsa (ushbu Kodeks 277-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlari); 4) boshqa kreditorlar tomonidan undiruv garovga qoʻyilgan mol-mulkka qaratilganda, shu jumladan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari majburiy ijro etilganda. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/FK)