# Fuqarolik kodeksi (ikkinchi qism) — 426-modda. Tovarning ommaviy ofertasi > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/FK2/426 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Chakana oldi-sotdi shartnomasining barcha muhim shartlarini oʻz ichiga olgan holda tovar reklamasi, kataloglar, shuningdek tovarning nomuayyan shaxslar doirasiga qaratilgan boshqa taʼriflari orqali tovar taklif qilish ommaviy oferta deb hisoblanadi (ushbu Kodeks 369-moddasining ikkinchi qismi). Tovarlarni koʻrgazmaga qoʻyish, ularning namunalarini namoyish qilish yoki savdo boʻlayotgan joyda sotilayotgan tovarlar haqida maʼlumotlar (taʼriflar, kataloglar, fotosuratlar va hokazolar) berish, sotuvchi tegishli tovarlar sotishga moʻljallanmaganligini aniq belgilagan hollardan tashqari, narxi va oldi-sotdi shartnomasining boshqa muhim shartlari koʻrsatilgan-koʻrsatilmaganidan qatʼi nazar, ommaviy oferta deb hisoblanadi. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/FK2)