# Fuqarolik kodeksi (ikkinchi qism) — 827-modda. Boshqa shaxsning manfaatini koʻzlab topshiriqsiz harakat qiluvchi shaxsning majburiyatlari > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/FK2/827 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Boshqa shaxsning manfaatlarini koʻzlab, uning topshirigʻisiz harakat qiluvchi shaxs birinchi imkoniyat tugʻilishi bilanoq, bu haqda manfaatdor shaxsga xabar berishi shart. Agar manfaatdor shaxs bu harakatlarni maʼqullasa, shundan keyin topshiriq shartnomasi toʻgʻrisidagi qoidalar taraflarning munosabatlariga nisbatan qoʻllanadi. Mazkur harakatlar maʼqullanmagan taqdirda ular boʻyicha javobgarlik topshiriqsiz harakat qilgan shaxs zimmasiga yuklatiladi. Manfaatdor shaxsni xabardor qilish mumkin boʻlmasa, harakatlarni topshiriqsiz boshlagan shaxs ularni oxiriga yetkazishi, manfaatdor shaxs uchun salbiy mulkiy oqibatlarning oldini olish boʻyicha oʻziga bogʻliq boʻlgan hamma choralarni koʻrishi shart. Bunda topshiriqsiz harakat qilgan shaxs ishni yuritish bilan bogʻliq boʻlgan hamma narsani, shu jumladan tuzilgan bitimlar boʻyicha majburiyatlarni ham oʻz zimmasiga olishi shart. Agar boshqa shaxsning manfaatlarini koʻzlab uning topshirigʻisiz harakat qilayotgan shaxs birinchi imkoniyat tugʻilishi bilanoq bu haqda manfaatdor shaxsni xabardor qilmasa, u qilingan xarajatlarni qoplashni talab qilishga haqli emas. Boshqa shaxsning manfaatini koʻzlab topshiriqsiz harakat qilayotgan shaxs tegishli faoliyatning amalga oshirilishidan manfaatdor boʻlgan fuqaro vafot etgan yoki yuridik shaxsning faoliyati toʻxtatilgan taqdirda ham manfaatdor shaxsning merosxoʻrlari (qonuniy vorislari) uning oʻrnini olgunlaricha boshlangan faoliyatni davom ettirishi shart. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/FK2)