FK2 · 929-modda

929-modda. Sugʻurta shartnomasining muhim shartlari

Mulkiy sugʻurta shartnomasi tuzishda sugʻurta qildiruvchi bilan sugʻurtalovchi oʻrtasida quyidagilar toʻgʻrisida kelishuvga erishilishi lozim:

sugʻurta obyekti boʻlgan muayyan mol-mulk yoxud boshqa mulkiy manfaat toʻgʻrisida;

yuz berishi ehtimol tutilib sugʻurta amalga oshirilayotgan voqea (sugʻurta hodisasi)ning xususiyati toʻgʻrisida;

sugʻurta summasi miqdori toʻgʻrisida;

sugʻurta tovoni miqdorini aniqlash tartibi toʻgʻrisida, agar shartnomada uni sugʻurta summasidan oz miqdorda toʻlash mumkinligi nazarda tutilgan boʻlsa;

sugʻurta mukofotining miqdori va uni toʻlash muddati (muddatlari) toʻgʻrisida;

shartnomaning amal qilish muddati toʻgʻrisida.

Shaxsiy sugʻurta shartnomasi tuzishda sugʻurta qildiruvchi bilan sugʻurtalovchi oʻrtasida quyidagilar toʻgʻrisida kelishuvga erishilishi lozim:

sugʻurtalangan shaxs toʻgʻrisida;

sugʻurtalangan shaxs hayotida yuz berishi ehtimol tutilib sugʻurta amalga oshirilayotgan voqea (sugʻurta hodisasi)ning xususiyati toʻgʻrisida;

sugʻurta summasi miqdori toʻgʻrisida;

sugʻurta mukofotining miqdori va uni toʻlash muddati (muddatlari) toʻgʻrisida;

shartnomaning amal qilish muddati toʻgʻrisida.

Taraflarning kelishuviga binoan shartnomaga boshqa shartlar ham kiritilishi mumkin. Agar sugʻurta shartnomasi sugʻurta qildiruvchi, sugʻurtalangan shaxs yoki naf oluvchi hisoblangan fuqaroning ahvolini qonunchilikda belgilangan qoidalarga nisbatan yomonlashtiradigan shartlarni oʻz ichiga olsa, shartnomaning ana shu shartlari oʻrniga qonunchilikning tegishli qoidalari qoʻllaniladi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.