FPK · 129-modda

129-modda. Daʼvoning bahosi

Daʼvoning bahosi quyidagicha belgilanadi:

1) pul undirish toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha — undiriladigan summaga qarab;

2) mol-mulkni talab qilib olish toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha — talab qilinayotgan mol-mulkning qiymatiga qarab;

3) bir nechta mustaqil talabdan iborat daʼvolar boʻyicha — barcha talablarning umumiy summasiga qarab;

4) aliment undirish toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha — bir yillik toʻlovlarning yigʻindisiga qarab;

5) muddatli toʻlovlar va pul berish toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha — toʻlovlarning yoki beriladigan pullarning yigʻindisiga, lekin koʻpi bilan uch yillik yigʻindisiga qarab;

6) muddatsiz yoki umrbod toʻlovlar va pul berish toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha — toʻlovlarning yoki pullarning uch yil ichidagi yigʻindisiga qarab;

7) toʻlovlarni yoki pul berishni kamaytirish yoxud koʻpaytirish toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha — toʻlovlar yoki beriladigan pullar kamaytiriladigan yoki koʻpaytiriladigan summaga, lekin koʻpi bilan bir yillik summaga qarab;

8) toʻlovlarni yoki pul berishni toʻxtatish toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha — qolgan toʻlovlar yoki pullar yigʻindisiga, lekin koʻpi bilan bir yillik yigʻindisiga qarab;

9) mol-mulk ijarasi shartnomasini muddatidan ilgari bekor qilish haqidagi daʼvolar boʻyicha — shartnoma amal qilishining qolgan muddatida mulkdan foydalanish uchun toʻlanadigan toʻlovlarning yigʻindisiga, lekin koʻpi bilan uch yil ichidagi toʻlovlarning yigʻindisiga qarab;

10) xususiy mulk huquqi asosida fuqarolarga tegishli imoratlarga egalik huquqi toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha — imoratning bozor qiymatiga qarab, lekin bu miqdor kadastr qiymatidan, bunday baho boʻlmaganida esa, majburiy sugʻurta bahosidan kam boʻlmasligi kerak, tashkilotlarga qarashli imoratlar boʻyicha esa — imoratlarning haqiqiy bahosidan kam boʻlmasligi kerak.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.