# Fuqarolik protsessual kodeksi — 129-modda. Daʼvoning bahosi > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/FPK/129 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Daʼvoning bahosi quyidagicha belgilanadi: 1) pul undirish toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha — undiriladigan summaga qarab; 2) mol-mulkni talab qilib olish toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha — talab qilinayotgan mol-mulkning qiymatiga qarab; 3) bir nechta mustaqil talabdan iborat daʼvolar boʻyicha — barcha talablarning umumiy summasiga qarab; 4) aliment undirish toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha — bir yillik toʻlovlarning yigʻindisiga qarab; 5) muddatli toʻlovlar va pul berish toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha — toʻlovlarning yoki beriladigan pullarning yigʻindisiga, lekin koʻpi bilan uch yillik yigʻindisiga qarab; 6) muddatsiz yoki umrbod toʻlovlar va pul berish toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha — toʻlovlarning yoki pullarning uch yil ichidagi yigʻindisiga qarab; 7) toʻlovlarni yoki pul berishni kamaytirish yoxud koʻpaytirish toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha — toʻlovlar yoki beriladigan pullar kamaytiriladigan yoki koʻpaytiriladigan summaga, lekin koʻpi bilan bir yillik summaga qarab; 8) toʻlovlarni yoki pul berishni toʻxtatish toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha — qolgan toʻlovlar yoki pullar yigʻindisiga, lekin koʻpi bilan bir yillik yigʻindisiga qarab; 9) mol-mulk ijarasi shartnomasini muddatidan ilgari bekor qilish haqidagi daʼvolar boʻyicha — shartnoma amal qilishining qolgan muddatida mulkdan foydalanish uchun toʻlanadigan toʻlovlarning yigʻindisiga, lekin koʻpi bilan uch yil ichidagi toʻlovlarning yigʻindisiga qarab; 10) xususiy mulk huquqi asosida fuqarolarga tegishli imoratlarga egalik huquqi toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha — imoratning bozor qiymatiga qarab, lekin bu miqdor kadastr qiymatidan, bunday baho boʻlmaganida esa, majburiy sugʻurta bahosidan kam boʻlmasligi kerak, tashkilotlarga qarashli imoratlar boʻyicha esa — imoratlarning haqiqiy bahosidan kam boʻlmasligi kerak. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/FPK)