# Fuqarolik protsessual kodeksi — 270-3-modda. Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalarining qarorlari va ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan nizolashish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasining shakli hamda mazmuni > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/FPK/270-3 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalarining qarorlari va ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan nizolashish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi ushbu Kodeksning 189-moddasida nazarda tutilgan talablarga muvofiq boʻlishi kerak. Daʼvo arizasida quyidagilar ham koʻrsatilishi kerak: 1) nizolashilayotgan qarorni qabul qilgan korxona, muassasa, tashkilot, jamoat birlashmasining nomi yoki nizolashilayotgan harakatlarni (harakatsizlikni) sodir etgan mansabdor shaxsning familiyasi va ism-sharifining bosh harflari; 2) nizolashilayotgan qarorning nomi, raqami, qabul qilingan sanasi, nizolashilayotgan harakatlar (harakatsizlik) sodir etilgan sana va joy; 3) daʼvogarning fikriga koʻra, nizolashilayotgan qaror, harakatlar (harakatsizlik) tufayli buzilayotgan oʻz huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar; 4) daʼvogarning fikriga koʻra, nizolashilayotgan qaror, harakatlar (harakatsizlik) qaysi qonunchilikka zid boʻlsa, oʻsha qonunchilik; 5) daʼvogarning qarorni haqiqiy emas, harakatlarni (harakatsizlikni) qonunga xilof deb topish toʻgʻrisidagi talabi. Daʼvo arizasiga ushbu Kodeksning 191-moddasida koʻrsatilgan hujjatlar, shuningdek nizolashilayotgan qarorning matni ilova qilinadi. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/FPK)