Sud majlisi bayonnomasida ish muhokamasining yoki alohida protsessual harakatlarni amalga oshirishning barcha muhim jihatlari aks ettirilishi kerak. Sud majlisi bayonnomasida quyidagilar koʻrsatiladi:
1) sud majlisi boʻlib oʻtgan yil, oy, kun va joy;
2) sud majlisi boshlangan va tamomlangan vaqt;
3) ishni koʻrayotgan sudning nomi, sudyaning familiyasi, ismi va otasining ismi, hamda sud majlisining kotibi;
4) ishning nomi va raqami;
5) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning va odil sudlovga koʻmaklashayotgan shaxslarning kelgan-kelmaganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
6) sudning taraflar va protsessning boshqa ishtirokchilariga ularning protsessual huquq va majburiyatlarini tushuntirganligi;
7) ushbu moddaning 5-bandida koʻrsatilgan shaxslarga sud chaqiruv qogʻozlari va boshqa xabarnomalar topshirilganligi toʻgʻrisidagi hamda ular sud majlisiga kelmaganligining sabablari haqidagi maʼlumotlar;
8) raislik qiluvchining barcha farmoyishlari va sudning alohida xonaga (maslahatxonaga) chiqmasdan chiqargan ajrimlari;
9) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning arizalari;
10) sudga taqdim etilgan barcha ashyoviy, yozma va raqamli dalillar, ekspertlarning yozma xulosalari, mutaxassislarning maslahatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
11) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlari, guvohlarning koʻrsatuvlari, ekspertlarning oʻz xulosalarini ogʻzaki tushuntirishlari, mutaxassislarning tushuntirishlari, ashyoviy, yozma va raqamli dalillarni koʻzdan kechirishga oid maʼlumotlar;
12) sud muzokaralarining mazmuni va prokurorning fikri;
13) sudning hal qiluv qarori, ajrimi yoki qarori oʻqib eshittirilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
Sud majlisi bayonnomasida boshqa maʼlumotlar ham koʻrsatilishi mumkin.
Sud majlisi audio- yoki videoyozuvga olingan taqdirda, sud majlisi bayonnomasiga sud majlisida yozib olish texnika vositalaridan foydalanilganligi toʻgʻrisida belgi qoʻyiladi.
Sud majlisining bayonnomasi audio- va videoyozuv vositalaridan foydalangan holda toʻxtovsiz yozib boriladi.
Audio- va videoyozuv saqlanayotgan elektron yoki boshqa manbalar sud majlisi bayonnomasiga yoki alohida protsessual harakatlarni bajarish haqidagi bayonnomaga qoʻshib qoʻyiladi, unga tegishli yozuv kiritiladi.
Sud majlisi videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilgan taqdirda, sud majlisi bayonnomasida ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilganlardan tashqari:
sud majlisi videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi;
sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazishda koʻmaklashayotgan sudning nomi haqidagi;
ishda ishtirok etuvchi shaxslar va sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazishga koʻmaklashayotgan, sudga kelgan sud protsessining boshqa ishtirokchilari toʻgʻrisidagi;
sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilishiga koʻmaklashayotgan sudning va ishni koʻrayotgan sudning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha xodimlari haqidagi maʼlumotlar ham koʻrsatilishi kerak.