Farzandlikka olish toʻgʻrisidagi arizaga quyidagilar ilova qilingan boʻlishi kerak:
nikohda turgan shaxslar (shaxs) tomonidan farzandlikka olinganda — farzandlikka oluvchilarning (oluvchining) nikoh tuzilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomasining koʻchirma nusxasi;
er-xotindan biri tomonidan farzandlikka olinganda — boshqasining roziligi. Agar er-xotin oilaviy munosabatlarni tugatgan, bir yildan ortiq birga yashamayotgan boʻlsa va erning (xotinning) yashash (turgan) joyi nomaʼlum boʻlsa, shuningdek bu holatlarni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlsa, farzandlikka olishda uning roziligi talab qilinmaydi;
nikohda turmagan shaxs tomonidan farzandlikka olinganda — farzandlikka oluvchi pasportining yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasining koʻchirma nusxasi va nikohda turmasligi haqidagi maʼlumotnoma;
farzandlikka oluvchilarning (oluvchining) sogʻligʻi holati toʻgʻrisidagi tibbiy xulosa (psixiatriya, sil kasalligiga qarshi kurash va narkologiya muassasalaridan, shuningdek OITSga qarshi kurash markazidan maʼlumotnomalar);
fuqaro farzandlikka olishga nomzod sifatida hisobga qoʻyilganligi toʻgʻrisidagi hujjat, bundan Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksi 154-moddasining ikkinchi — beshinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollar mustasno;
farzandlikka oluvchilarning (oluvchining) ish joyidan egallab turgan lavozimi va ish haqi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma yoki boshqa daromad manbalari haqidagi maʼlumotnoma;
turar joyga boʻlgan mulk huquqini yoki turar joydan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjat.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining boshqa davlat fuqarosi boʻlgan bolani farzandlikka olish toʻgʻrisidagi arizasiga ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan hujjatlardan tashqari quyidagilar ilova qilinadi:
farzandlikka olinayotgan bolaning Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashashi uchun Oʻzbekiston Respublikasi vakolatli organining roziligi;
farzandlikka olinayotgan bola qonuniy vakilining va bola qaysi davlat fuqarosi boʻlsa, oʻsha davlat vakolatli organining roziligi;
farzandlikka olinayotgan bolaning tugʻilganlik toʻgʻrisidagi dalolatnoma yozuvidan koʻchirma;
farzandlikka olinayotgan bolaning sogʻligʻi holati, jismoniy va aqliy rivojlanishi haqidagi tibbiy xulosa;
oʻn yoshga toʻlgan farzandlikka olinayotgan bolaning farzandlikka olinishiga, shuningdek familiyasi, ismi, otasining ismi oʻzgartirilishi mumkinligiga va farzandlikka oluvchilarning (oluvchining) uning ota-onasi (otasi yoki onasi) sifatida qayd etilishiga roziligi, bundan Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 156-moddasida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Ushbu modda ikkinchi qismining uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi xatboshilarida koʻrsatilgan hujjatlar belgilangan tartibda legalizatsiya qilinishi yoxud ularga belgilangan tartibda apostil qoʻyilgan boʻlishi kerak. Bunda taqdim etiladigan hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasining davlat tiliga tarjima qilingan va notarial tasdiqlangan boʻlishi kerak. Agar ushbu modda ikkinchi qismining beshinchi xatboshisida koʻrsatilgan hujjat Oʻzbekiston Respublikasi hududida berilgan boʻlsa, legalizatsiya qilinishi yoki apostil qoʻyilishi hamda tarjima qilingan boʻlishi toʻgʻrisidagi talablar ushbu hujjatga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida doimiy yashovchi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan bolani farzandlikka olish toʻgʻrisidagi arizasiga ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan hujjatlar, shuningdek farzandlikka oluvchilar qaysi davlat fuqarosi boʻlsa, oʻsha davlat (bola Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida doimiy yashovchi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan farzandlikka olinayotganda — ushbu shaxslar qaysi davlatda doimiy yashash joyiga ega boʻlsa, oʻsha davlat) vakolatli organining ularning yashash sharoitlari haqidagi va farzandlikka oluvchi boʻla olish imkoniyatlari toʻgʻrisidagi xulosasi, tegishli davlat vakolatli organining farzandlikka olinayotgan bolaning ushbu davlatga kirishi va mazkur davlat hududida doimiy yashashi uchun ruxsatnomasi, farzandlikka oluvchilarning (oluvchining) Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonasi vakillariga farzandlikka olingan bola haqida axborot berish va bola bilan muloqot qilish imkoniyatini berish toʻgʻrisidagi notarial tasdiqlangan majburiyati ilova qilinadi.
Chet el fuqarolari boʻlgan yoki fuqaroligi boʻlmagan farzandlikka oluvchi shaxslar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar belgilangan tartibda legalizatsiya qilinishi yoxud ularga belgilangan tartibda apostil qoʻyilgan boʻlishi kerak. Bunda taqdim etiladigan hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasining davlat tiliga tarjima qilingan va notarial tasdiqlangan boʻlishi kerak.
Ushbu moddaning birinchi, ikkinchi va toʻrtinchi qismlarida koʻrsatilgan hujjatlar sudga ikki nusxada taqdim etiladi.