Hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ariza yozma shaklda, shu jumladan elektron hujjat tarzida beriladi va hal qiluv qarori hakamlik muhokamasi taraflaridan qaysi birining foydasiga qabul qilingan boʻlsa, oʻsha taraf yoki uning vakili tomonidan imzolanishi kerak.
Hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi arizada quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak:
1) ariza berilayotgan fuqarolik ishlari boʻyicha sudning nomi;
2) hal qiluv qarorini qabul qilgan hakamlik sudining nomi va tarkibi, joylashgan yeri;
3) hakamlik muhokamasi taraflarining familiyasi, ismi, otasining ismi (nomi), yashash joyi yoki turgan joyi (pochta manzili), shuningdek, agar ariza vakil tomonidan berilayotgan boʻlsa, vakilning familiyasi, ismi, otasining ismi va yashash joyi;
4) hakamlik sudining hal qiluv qarori qabul qilingan sana;
5) ariza bilan murojaat etgan hakamlik muhokamasi tarafi hakamlik sudining hal qiluv qarorini olgan sana;
6) hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi talab.
Hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi arizada telefonlar, fakslar raqamlari, elektron pochta manzili va boshqa maʼlumotlar koʻrsatilishi mumkin.
Hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish toʻgʻrisidagi arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
1) hakamlik sudi hal qiluv qarorining tasdiqlangan koʻchirma nusxasi. Doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudi hal qiluv qarorining koʻchirma nusxasi mazkur hakamlik sudining raisi tomonidan tasdiqlanadi, muvaqqat hakamlik sudi hal qiluv qarorining koʻchirma nusxasidagi hakamlik sudyasining imzosi notarial tartibda tasdiqlangan boʻlishi kerak;
2) hakamlik bitimining tegishli tarzda tasdiqlangan koʻchirma nusxasi;
3) belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji va pochta xarajatlari toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat.
Hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ariza qarzdorlarning soniga qarab koʻchirma nusxalar bilan birga sudga beriladi, bundan elektron hujjat tarzida yuboriladigan ariza mustasno.
Agar hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ariza hakamlik muhokamasi tarafining vakili tomonidan berilgan boʻlsa, unga ishonchnoma yoki vakilning vakolatini tasdiqlovchi boshqa hujjat ilova qilinishi kerak.
Hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ariza hakamlik sudining hal qiluv qarorini ixtiyoriy ijro etish muddati tugagan kundan eʼtiboran olti oydan kechiktirmay berilishi mumkin. Mazkur muddat fuqarolik ishlari boʻyicha sud tomonidan uzrli deb topilgan sabablarga koʻra oʻtkazib yuborilgan taqdirda, oʻtkazib yuborilgan muddat tiklanishi mumkin.
Agar hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ariza ushbu Kodeksning 354-moddasida nazarda tutilgan talablar, shuningdek ushbu modda qoidalari buzilgan holda berilgan boʻlsa, fuqarolik ishlari boʻyicha sud ushbu Kodeksning 194-moddasida nazarda tutilgan qoidalar boʻyicha bunday arizani qabul qilishni rad etadi.