FPK · 419-6-modda

419-6-modda. Taftish tartibida shikoyat (protest) berish tartibi va muddati

Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudining, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼatida, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudida taftish tartibida koʻrilishi lozim boʻlgan shikoyat (protest) mazkur sudlar nomiga yoʻllanadi, biroq hal qiluv qarorini qabul qilgan sudga beriladi.

Hal qiluv qarorini qabul qilgan sud shikoyat (protest) kelib tushgan kundan eʼtiboran besh kunlik muddatda shikoyatni (protestni) ishni taftish tartibida koʻradigan sudga ish bilan birga yuborishi shart.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼatida taftish tartibida koʻrilishi lozim boʻlgan shikoyat (protest) bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga beriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatiga taftish tartibidagi protesti bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga beriladi.

Taftish tartibidagi shikoyat (protest) birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori, ajrimi, qarori qonuniy kuchga kirgan kundan eʼtiboran bir yil ichida beriladi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudiga, viloyatlar va Toshkent shahar sudlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudiga taftish tartibida shikoyat (protest) berish muddati kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan ajrim chiqarilguniga qadar oʻtgan taqdirda, shikoyat (protest) kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan ajrim qabul qilingan kundan eʼtiboran uch oy ichida berilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga taftish tartibida shikoyat (protest) berish muddati Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi tomonidan taftish tartibida ajrim chiqarilguniga qadar oʻtgan taqdirda, shikoyat (protest) ushbu sudlar tomonidan ishni taftish tartibida koʻrish natijalari boʻyicha ajrim qabul qilingan kundan eʼtiboran uch oy ichida berilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining protesti ushbu Kodeks 419-4-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar murojaat qilgan kundan eʼtiboran uch oy ichida, lekin Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼati tomonidan ishni taftish tartibida koʻrish natijalari boʻyicha ajrim qabul qilingan kundan eʼtiboran olti oydan ortiq boʻlmagan muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatiga kiritilishi mumkin.

Taftish tartibidagi shikoyat (protest) berishning oʻtkazib yuborilgan muddati shikoyat (protest) bergan shaxsning iltimosnomasi boʻyicha sud (sudya) tomonidan, agar iltimosnoma shikoyatni (protestni) berish muddati oʻtgan kundan eʼtiboran uch oy ichida berilgan va shikoyatni (protestni) berish muddati oʻtkazib yuborilishining sabablari uzrli deb topilgan boʻlsa, tiklanishi mumkin.

Ushbu moddaning toʻqqizinchi qismida koʻrsatilgan muddat oʻtgandan keyin berilgan taftish tartibidagi shikoyat (protest) koʻrib chiqilmaydi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.