Tashuvchi parvoz chogʻida yoʻlovchining oʻlimi yoki sogʻligining yomonlashuviga olib kelgan zarar uchun, agar bu zararning oldini olish uchun tashuvchi barcha zarur choralarni koʻrganligini yoki bunday choralarni koʻrishning iloji boʻlmaganligini isbotlab bera olmasa, mulkiy javobgar boʻladi.
Agar yoʻlovchining oʻlimi yoki sogʻligining yomonlashuvi qaytarib boʻlmas kuch natijasida sodir boʻlgan boʻlsa, tashuvchi, agar yetkazilgan zarar yoki zararning koʻpayishi jabrlanuvchining qoʻpol ehtiyotsizligi natijasi ekanligini isbotlab bera olmasa, belgilanganiga muvofiq javobgar boʻladi.
Yetkazilgan zarar yoki zararning koʻpayishi jabrlanuvchining qoʻpol ehtiyotsizligi natijasi ekanligini tashuvchi isbotlab bergan boshqa hollarda fuqarolikka doir qonunchilikning umumiy meʼyorlariga muvofiq zarar uchun toʻlanadigan tovonning miqdori kamaytirilishi mumkin yoki zararni qoplashdan xalos etilishi mumkin.
Tashuvchi yoʻlovchining oʻlimi yoki sogʻligʻi shikastlanganligi uchun yetkazilgan zararning oʻrni Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari hamda fuqarolik qonunchiligida belgilangan tartibda va miqdorlarda qoplanishini taʼminlashi shart.