HK · 9-modda

9-modda. Samoviy hududdan foydalanishdagi ustuvorlik

Samoviy hududning barcha foydalanuvchilari Oʻzbekiston Respublikasi hududida samoviy hududdan foydalanish bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshirishda teng huquqlardan foydalanadilar va bir xilda javobgar boʻladilar.

Samoviy hududdan foydalanishdan manfaatdor boʻlganlar ikkita va bundan ortiq boʻlsa, samoviy hududning maʼlum qismidan foydalanish huquqi quyidagi ustuvorlik boʻyicha beriladi:

a) havo hujumini daf etish yoki Oʻzbekiston Respublikasi davlat chegarasi buzilishining oldini olish va chegara buzilishini toʻxtatish, Oʻzbekiston Respublikasi suvereniteti, hududiy butunligi, siyosiy mustaqilligi va jamoat xavfsizligiga qarshi qaratilgan kuch ishlatishni yoki kuch ishlatish tahdidini bartaraf qilish uchun;

b) odamlarning hayoti va sogʻligʻiga xavf soluvchi yoki katta iqtisodiy zarar yetkazish xavfini tugʻdiruvchi tabiiy hamda boshqa ofatlarda, falokatlar, avariyalar, favqulodda holatlarda yordam koʻrsatish uchun;

v) kosmik apparatlar va ularning ekipajlarini uchirish, qoʻndirish, qidirish va evakuatsiya qilish uchun;

g) samoviy hududdan foydalanish tartibi buzilishining oldini olish yoki tartib buzilishini toʻxtatish uchun;

d) havo kemalarining qatnovi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan amalga oshiriladigan oʻzga faoliyat uchun;

e) havo kemalarining qatnovi yoki Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro bitimlariga binoan amalga oshiriladigan boshqa faoliyat uchun;

j) yoʻlovchilarni muntazam tashish uchun;

z) Oʻzbekiston Respublikasi, shuningdek oʻzga davlatlar davlat aviatsiyasining maxsus qoidalar asosida amalga oshiriladigan parvozlari uchun;

i) eksperimental va ilmiy-tadqiqot ishlari uchun;

k) yuk va pochtani muntazam tashish uchun;

l) yuklarni nomuntazam tashish uchun, xalq xoʻjaligi manfaatlarini koʻzlab aviatsiya ishlarini va boshqa yumushlarni amalga oshirish uchun;

m) oʻquv, koʻrgazmali, madaniy-maʼrifiy hamda boshqa tadbirlarni amalga oshirish uchun;

n) fuqarolarning shaxsiy ehtiyojlarini qondirish bilan bogʻliq faoliyat uchun;

o) boshqa faoliyatlar uchun.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.