# Iqtisodiy protsessual kodeksi — 136-modda. Sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizaning shakli va mazmuni > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/IPK/136 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi ariza sudga yozma shaklda, sudlovga tegishlilikning umumiy qoidalari boʻyicha beriladi. U kreditor yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Arizada quyidagilar koʻrsatilishi kerak: 1) ariza berilayotgan sudning nomi; 2) kreditorning, qarzdorning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), joylashgan yeri (pochta manzili) yoki yashash joyi; 3) kreditorning qonunchilikka asoslangan talabi; 4) talabga asos boʻlgan holatlar va ularni tasdiqlovchi dalillar; 5) undiriladigan summaning hisob-kitobi, undiruv qarzdorning majburiyatlari bajarilishining taʼminoti sifatida turgan koʻchar mol-mulkka qaratilgan taqdirda esa, undirilayotgan koʻchar mol-mulkning tavsifi va toʻlanmagan toʻlovlar summasining hisob-kitobi; 6) undirilayotgan qarzdorlik vujudga kelgan davr; 7) ilova qilinayotgan hujjatlarning roʻyxati. Arizada kreditorning yoki uning vakilining telefonlari, fakslari raqamlari, elektron manzili koʻrsatilishi mumkin. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/IPK)