# Iqtisodiy protsessual kodeksi — 155-modda. Daʼvo arizasini qaytarish > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/IPK/155 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Sudya daʼvo arizasini va unga ilova qilingan hujjatlarni quyidagi hollarda qaytaradi, agar: 1) daʼvo arizasining ushbu Kodeks 149-moddasida belgilangan shakli va mazmuniga rioya qilinmagan boʻlsa; 1-1) daʼvogar sudyaning ushbu Kodeks 152-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan koʻrsatmasini belgilangan muddatda bajarmagan boʻlsa; 2) daʼvo arizasi imzolanmagan boʻlsa yoki uni imzolash huquqiga ega boʻlmagan shaxs yoxud mansab mavqeyi yoki familiyasi, ismi, otasining ismi koʻrsatilmagan shaxs tomonidan imzolangan boʻlsa; 3) ish mazkur sudning sudloviga tegishli boʻlmasa; 4) oʻzaro bogʻliq boʻlgan bir nechta talab birlashtirilgan boʻlib, ularning ayrimlari fuqarolik ishlari boʻyicha sudga yoki maʼmuriy sudga, boshqalari esa iqtisodiy sudga taalluqli boʻlsa; 5) javobgarga va uchinchi shaxslarga daʼvo arizasining hamda unga ilova qilingan hujjatlarning koʻchirma nusxalari yuborilganligini tasdiqlovchi dalillar taqdim etilmagan boʻlsa; 6) davlat boji va pochta xarajatlari belgilangan tartibda hamda miqdorda toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilmagan boʻlsa, davlat boji toʻlashni kechiktirish, boʻlib-boʻlib toʻlash mumkinligi qonunda nazarda tutilgan hollarda esa bu haqda iltimosnoma mavjud boʻlmasa yoxud iltimosnoma rad etilgan boʻlsa; 7) mazkur toifadagi nizolar uchun qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan hollarda javobgar bilan nizoni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibiga rioya etilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni daʼvogar taqdim etmagan boʻlsa; 7-1) daʼvogar nizoni javobgar bilan mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish orqali hal qilish tartibiga rioya etilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etmagan boʻlsa, basharti bu mazkur toifadagi nizolar uchun qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa; 8) bitta daʼvo arizasida bir yoki bir nechta javobgarga nisbatan oʻzaro bogʻliq boʻlmagan bir nechta talab birlashtirilgan boʻlsa; 9) qonunchilikka yoki shartnomaga koʻra qarz bank yoki boshqa kredit tashkiloti orqali olinishi kerak boʻlganda qarzni javobgardan olish uchun bankka yoxud boshqa kredit tashkilotiga murojaat qilinganligiga doir dalillar taqdim etilmagan boʻlsa; 10) daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisida ajrim chiqarilguniga qadar uni qaytarib olish toʻgʻrisida ariza kelib tushgan boʻlsa. Sud ushbu Kodeks 160-moddasining ikkinchi qismi talablariga muvofiq boʻlmagan qarshi daʼvoni qaytaradi. Daʼvo arizasini qaytarish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin. Ajrim bekor qilingan taqdirda, daʼvo arizasi sudga dastlabki murojaat qilingan kunda berilgan hisoblanadi. Daʼvo arizasining qaytarilishi yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar bartaraf etilganidan keyin daʼvo arizasi bilan sudga umumiy tartibda takroran murojaat etishga toʻsqinlik qilmaydi. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/IPK)