# Iqtisodiy protsessual kodeksi — 203-modda. Bayonnoma yuzasidan fikr-mulohazalar > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/IPK/203 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Iqtisodiy sud ishlarini yuritish ishtirokchilari sud majlisi bayonnomasi bilan tanishib chiqishga va u imzolangan kundan eʼtiboran besh kun ichida bayonnoma yuzasidan bayonnomada yoʻl qoʻyilgan xatoliklarni yoki undagi maʼlumotlarning toʻliq emasligini koʻrsatgan holda yozma fikr-mulohazalar berishga haqli. Bayonnoma yuzasidan berilgan fikr-mulohazalarni raislik qiluvchi koʻrib chiqadi va ushbu fikr-mulohazalarga qoʻshilsa, ularning toʻgʻriligini tasdiqlaydi hamda sud majlisining bayonnomasiga qoʻshib qoʻyadi. Raislik qiluvchi berilgan fikr-mulohazalarga qoʻshilmasa, ular sud majlisida koʻrib chiqiladi. Berilgan fikr-mulohazalar barcha hollarda ishga qoʻshib qoʻyilishi kerak. Bayonnoma yuzasidan bildirilgan fikr-mulohazalar ular berilgan kundan keyin yetti kun ichida ishda ishtirok etuvchi shaxslar xabardor qilingan holda koʻrib chiqilishi kerak. Biroq ularning kelmaganligi bayonnoma yuzasidan bildirilgan fikr-mulohazalarni koʻrib chiqishga toʻsqinlik qilmaydi. Sud majlisining bayonnomasi yuzasidan sudga besh kunlik muddatni oʻtkazib taqdim etilgan yozma fikr-mulohazalar sud tomonidan koʻrib chiqilmaydi va ishga qoʻshib qoʻyiladi, bu haqda yozma fikr-mulohazalar bergan shaxsga maʼlum qilinadi. Iqtisodiy sud ishlarini yuritish ishtirokchilari sud majlisining audio- yoki videoyozuvlari bilan tanishish huquqiga ega. Sud majlisining audio- yoki videoyozuvlarining koʻchirma nusxalari iqtisodiy sud ishlarini yuritish ishtirokchilariga ishni koʻrib chiqqan sudning ruxsati bilan beriladi. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/IPK)