IPK · 222-modda

222-modda. Huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ish boʻyicha hal qiluv qarori

Huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ish boʻyicha sudning hal qiluv qarori ushbu Kodeksning 21-bobida belgilangan qoidalarga koʻra sud tomonidan qabul qilinadi.

Ishni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha sud huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisida yoki bildirilgan talabni qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida hal qiluv qarori qabul qiladi.

Huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisida bildirilgan talab qanoatlantirilgan taqdirda, sud hal qiluv qarorining xulosa qismida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:

1) huquqiy taʼsir chorasi qoʻllanilgan shaxsning nomi;

2) huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash uchun asos boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar;

3) qoʻllanilgan huquqiy taʼsir chorasining turi, moliyaviy jazo chorasi qoʻllanilgan taqdirda esa — uning miqdori; zimmasiga moliyaviy jazo chorasi summasini undirish yuklatilgan nazorat qiluvchi organning nomi;

4) faoliyat cheklanadigan, toʻxtatib turiladigan va taqiqlanadigan muddat; litsenziyaning (ruxsatnomaning) amal qilishi toʻxtatib turiladigan muddat; amal qilishi toʻxtatib turilgan litsenziyaning (ruxsatnomaning), shuningdek bekor qilingan litsenziyaning (ruxsatnomaning) hamda tugatilgan, xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyat (harakat) uchun olingan tasdiqnomaning nomi, raqami, berilgan sanasi va boshqa rekvizitlari haqidagi hamda litsenziyani (ruxsatnomani) bergan, xabardor qilingan organ toʻgʻrisidagi maʼlumotlar; faoliyat qanday shartlar bajarilguniga qadar cheklanayotganligi, toʻxtatib turilayotganligi va taqiqlanayotganligi; banklardagi hisobvaraqlar boʻyicha operatsiyalar qanday shartlar bajarilguniga qadar toʻxtatib qoʻyilganligi.

Sudning huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ish boʻyicha hal qiluv qarori, agar apellyatsiya shikoyati (protesti) berilmagan boʻlsa, u qabul qilinganidan keyin oʻn kun oʻtgach qonuniy kuchga kiradi.

Apellyatsiya shikoyati (protesti) berilgan taqdirda sudning hal qiluv qarori, agar u bekor qilinmagan boʻlsa, apellyatsiya instansiyasi sudining qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.

Huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ish boʻyicha hal qiluv qarorining koʻchirma nusxasi hal qiluv qarori qabul qilinganidan keyin uch ish kuni ichida sud tomonidan ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yuboriladi yoki tilxat olib topshiriladi, ushbu shaxslarning elektron manzillari mavjud boʻlgan taqdirda esa hal qiluv qarori elektron hujjat tarzida yuborilishi mumkin.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.