# Iqtisodiy protsessual kodeksi — 232-11-modda. Mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi arizaning shakli va mazmuni > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/IPK/232-11 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ariza yozma shaklda yoki elektron hujjat tarzida beriladi va arizachi yoki uning vakili tomonidan imzolanishi kerak. Mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi arizada quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak: 1) ariza berilayotgan iqtisodiy sudning nomi; 2) mediativ kelishuv tuzgan taraflarning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), joylashgan yeri (pochta manzili) yoki yashash joyi; 3) mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi talab. Mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi arizada telefonlar, fakslar raqamlari, elektron pochta manzillari va boshqa maʼlumotlar koʻrsatilishi mumkin. Mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi arizaga quyidagilar ilova qilinadi: 1) mediativ kelishuvning asli yoki tegishli tarzda tasdiqlangan koʻchirma nusxasi; 2) belgilangan tartibda hamda miqdorda davlat boji va pochta xarajatlari toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar; 3) mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi arizaning koʻchirma nusxasi mediativ kelishuvning boshqa tarafiga topshirilganligi haqidagi xabarnoma yoki uning yuborilganligini tasdiqlovchi boshqa hujjat. Agar mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ariza mediativ kelishuv tuzgan manfaatdor tarafning vakili tomonidan berilgan boʻlsa, unga ishonchnoma yoki vakilning vakolatini tasdiqlovchi boshqa hujjat ilova qilinishi kerak. Mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ariza mediativ kelishuvni ixtiyoriy ijro etish muddati tugagan kundan eʼtiboran olti oydan kechiktirmay berilishi mumkin. Mazkur muddat iqtisodiy sud tomonidan uzrli deb topilgan sabablarga koʻra oʻtkazib yuborilgan taqdirda, oʻtkazib yuborilgan muddat tiklanishi mumkin. Ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklash rad etilgan taqdirda, mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi arizani qabul qilish ushbu Kodeksning 154-moddasida nazarda tutilgan qoidalar boʻyicha rad etiladi. Ushbu Kodeks 37-moddasining oltinchi qismida, ushbu moddaning birinchi, ikkinchi, toʻrtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan talablarga rioya etilmagan, shuningdek ariza olti oylik muddat tugagach berilgan va oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklash toʻgʻrisida iltimosnoma mavjud boʻlmagan taqdirda, mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ariza ushbu Kodeksning 155-moddasida nazarda tutilgan qoidalar boʻyicha arizachiga qaytariladi. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/IPK)