IPK · 232-6-modda

232-6-modda. Arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi arizaning shakli va mazmuni

Arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza yozma shaklda beriladi va arbitraj muhokamasining tarafi yoki ishda ishtirok etishga jalb etilmagan, huquq va majburiyatlari toʻgʻrisida arbitrajning hal qiluv qarori qabul qilingan shaxslar yoki ularning vakili tomonidan imzolanadi.

Arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi arizada quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak:

1) ariza berilayotgan iqtisodiy sudning nomi;

2) arbitraj sudining nomi, arbitrajning joyi va tarkibi;

3) arbitraj muhokamasi taraflarining nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), ularning joylashgan yeri (pochta manzili) yoki yashash joyi;

4) arbitrajning hal qiluv qarori qabul qilingan sana;

5) arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat etgan taraf shikoyat qilinayotgan hal qiluv qarorini olgan sana;

6) arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi talab va ushbu qaror ustidan qanday asoslar boʻyicha shikoyat qilinayotganligi.

Arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi arizada taraflarning telefonlari, fakslari raqamlari, elektron manzili va boshqa maʼlumotlari koʻrsatilishi mumkin.

Arbitraj muhokamasi tarafining arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi arizasiga quyidagilar ilova qilinadi:

1) arbitraj hal qiluv qarorining tasdiqlangan koʻchirma nusxasi. Doimiy arbitraj muassasasi hal qiluv qarorining koʻchirma nusxasi ushbu arbitraj muassasasining rahbari tomonidan tasdiqlanadi, muayyan nizoni hal qilish uchun tashkil etilgan arbitraj sudi hal qiluv qarorining koʻchirma nusxasidagi arbitr imzosi notarial tartibda tasdiqlangan boʻlishi kerak;

2) arbitraj kelishuvining asl nusxasi yoki uning tegishli tarzda tasdiqlangan koʻchirma nusxasi;

3) arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi talabni asoslash uchun taqdim etiladigan hujjatlar;

4) belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji hamda pochta xarajatlari toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar;

5) arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi arizaning va unga ilova qilingan hujjatlarning koʻchirma nusxalari arbitraj muhokamasining boshqa tarafiga yuborilganligini tasdiqlovchi hujjat.

Chet tilida tuzilgan hujjatlar iqtisodiy sudga taqdim etilayotganda, ushbu hujjatlarga ularning davlat tilidagi yoki iqtisodiy sud ishlari yuritilayotgan tildagi tegishli tarzda tasdiqlangan tarjimasi qoʻshib topshirilishi kerak.

Ishda ishtirok etishga jalb etilmagan, huquqlari va majburiyatlari toʻgʻrisida arbitrajning hal qiluv qarori qabul qilingan shaxsning arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi arizasiga ushbu modda toʻrtinchi qismining 3, 4 va 5-bandlarida koʻrsatilgan hujjatlar ilova qilinadi.

Agar arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza arbitraj muhokamasi tarafining vakili yoki ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, huquq va majburiyatlari toʻgʻrisida arbitrajning hal qiluv qarori qabul qilingan shaxsning vakili tomonidan berilgan boʻlsa, arizaga vakilning arizani imzolashga boʻlgan vakolatini tasdiqlovchi ishonchnoma ilova qilinadi.

Ushbu Kodeks 232-5-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan talablarga rioya etilmagan taqdirda, ushbu Kodeksning 154-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga koʻra arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi arizani qabul qilish rad etilishi lozim.

Ushbu Kodeks 37-moddasining beshinchi qismida, mazkur moddaning birinchi, ikkinchi, toʻrtinchi — yettinchi qismlarida nazarda tutilgan talablarga rioya etilmagan taqdirda, arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza ushbu Kodeksning 155-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga koʻra arizachiga qaytariladi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.