IPK · 273-modda

273-modda. Apellyatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha ish yuritishni tugatish

Apellyatsiya instansiyasi sudi apellyatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha ish yuritishni quyidagi hollarda tugatadi, agar:

1) apellyatsiya shikoyati (protesti) ushbu Kodeksga muvofiq apellyatsiya tartibida shikoyat qilinmaydigan ajrim ustidan berilgan va u apellyatsiya instansiyasi sudi tomonidan xatoga yoʻl qoʻyilib, ish yuritishga qabul qilingan boʻlsa;

2) apellyatsiya shikoyati (protesti) apellyatsiya tartibida koʻrilgan sud hujjati ustidan berilgan va u apellyatsiya instansiyasi sudi tomonidan xatoga yoʻl qoʻyilib, ish yuritishga qabul qilingan boʻlsa;

3) apellyatsiya shikoyati sud hujjati ustidan shikoyat qilish huquqiga ega boʻlmagan shaxs tomonidan berilgan boʻlsa;

4) apellyatsiya shikoyati ish yuritishga qabul qilinganidan soʻng shikoyat bergan shaxs tomonidan shikoyatdan voz kechish toʻgʻrisida ariza kelib tushgan boʻlsa;

5) apellyatsiya protesti ish yuritishga qabul qilinganidan soʻng protest keltirgan prokuror yoki yuqori turuvchi prokuror tomonidan protestni chaqirib olish toʻgʻrisida ariza kelib tushgan boʻlsa;

6) apellyatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha sud hujjati qabul qilinguniga qadar ishda taraf boʻlgan yuridik shaxs tugatilgan boʻlsa;

7) apellyatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha sud hujjati qabul qilinguniga qadar ishda taraf boʻlgan fuqaro vafot etsa, nizoli huquqiy munosabat esa huquqiy vorislikka yoʻl qoʻymasa.

Agar apellyatsiya shikoyatida (protestida) shikoyat qilinayotgan (protest keltirilayotgan) hal qiluv qarorini qabul qilgan birinchi instansiya sudida koʻrib chiqish predmeti boʻlmagan yangi talablar bildirilgan boʻlsa, apellyatsiya instansiyasi sudi apellyatsiya shikoyatining (protestining) bu talablarga taalluqli qismi boʻyicha ish yuritishni tugatadi.

Apellyatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha ish yuritishni tugatish toʻgʻrisida sud ajrim chiqaradi, uning koʻchirma nusxalari ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ushbu Kodeksning 197-moddasida nazarda tutilgan tartibda yuboriladi.

Apellyatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha ish yuritishni tugatish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan taftish tartibida shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.

Apellyatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha ish yuritish tugatilgan taqdirda ayni bir shaxsning ayni shu asoslar boʻyicha apellyatsiya shikoyati (protesti) bilan sudga takroran murojaat qilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.