IPK · 279-modda

279-modda. Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish asoslari

Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun quyidagilar asos boʻladi:

1) ish uchun ahamiyatli holatlarning toʻliq aniqlanmaganligi;

2) sud aniqlangan deb hisoblagan, ish uchun ahamiyatli boʻlgan holatlarning isbotlanmaganligi;

3) hal qiluv qarorida bayon qilingan xulosalarning ish holatlariga muvofiq emasligi;

4) moddiy va (yoki) protsessual huquq normalarining buzilganligi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilganligi.

Moddiy huquq normalarining buzilishi yoki notoʻgʻri qoʻllanilishi quyidagilardan iborat:

1) qoʻllanilishi lozim boʻlgan qonunchilik hujjatining qoʻllanilmaganligi;

2) qoʻllanilishi mumkin boʻlmagan qonunchilik hujjatining qoʻllanilganligi;

3) qonunchilik hujjatining notoʻgʻri talqin qilinganligi.

Protsessual huquq normalarining buzilganligi yoki notoʻgʻri qoʻllanilganligi, agar bu notoʻgʻri hal qiluv qarori qabul qilinishiga olib kelgan boʻlsa yoki olib kelishi mumkin boʻlsa, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoxud bekor qilish uchun asos boʻladi.

Sudning hal qiluv qarori quyidagi hollarda bekor qilinishi mumkin, agar:

1) sud ishi yuritilayotgan til toʻgʻrisidagi qoida ishni koʻrish chogʻida buzilgan boʻlsa;

2) sud majlisining bayonnomasi imzolanmagan yoki ushbu Kodeks 202-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilganidan boshqa shaxslar tomonidan imzolangan yoxud, agar sud majlisining audio- yoki videoyozuvi amalga oshirilgan boʻlsa, audio- va videoyozuvning elektron yoki boshqa manbalari sud majlisi bayonnomasiga qoʻshib qoʻyilmagan boʻlsa;

3) sudyalar maslahatining sir saqlanishi toʻgʻrisidagi qoida buzilgan boʻlsa.

Protsessual huquq normalarining buzilganligi yoki notoʻgʻri qoʻllanilganligi munosabati bilan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini har qanday holda bekor qilish uchun quyidagilar asos boʻladi:

1) sud tomonidan ishning qonunga xilof tarkibda koʻrilganligi;

2) ishning ishda ishtirok etuvchi, sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor qilinmagan biror-bir shaxs yoʻqligida koʻrilganligi;

3) ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslarning huquq va majburiyatlari toʻgʻrisida sud tomonidan hal qiluv qarori qabul qilinganligi;

4) hal qiluv qarorining sudya tomonidan imzolanmaganligi yoxud hal qiluv qarorida koʻrsatilganidan boshqa sudya tomonidan imzolanganligi;

5) ishda sud majlisi bayonnomasining mavjud emasligi;

6) bildirilgan talab boʻyicha sud tomonidan hal qiluv qarori qabul qilinmaganligi;

7) ishning sudga taalluqlilik qoidalari buzilgan holda koʻrilganligi.

Apellyatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini, agar taraflar oʻrtasida kelishuv bitimi tuzilgan va u apellyatsiya instansiyasi sudi tomonidan tasdiqlangan boʻlsa, bekor qiladi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.