# Iqtisodiy protsessual kodeksi — 280-modda. Apellyatsiya instansiyasi sudining qarori > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/IPK/280 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Apellyatsiya instansiyasi sudi apellyatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari boʻyicha qaror qabul qiladi, qaror ishni koʻrgan sudyalar tomonidan imzolanadi. Apellyatsiya instansiyasi sudining qarorida quyidagilar koʻrsatiladi: 1) apellyatsiya instansiyasi sudining nomi, qarorni qabul qilgan sud tarkibi, sud majlisi kotibi; 2) ishning raqami, qaror qabul qilingan sana va joy; 3) apellyatsiya shikoyatini (protestini) bergan shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), uning protsessual holati; 4) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning, shuningdek ular vakillarining va sud protsessi boshqa ishtirokchilarining nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi); 5) nizo predmeti; 6) birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori qabul qilingan sana, uni qabul qilgan sudyaning familiyasi, ism-sharifining bosh harflari; 7) ish boʻyicha qabul qilingan hal qiluv qarori mazmunining qisqacha bayoni; 8) apellyatsiya shikoyatida (protestida) keltirilgan hal qiluv qarorining qonuniyligini va asosliligini tekshirish toʻgʻrisida talab bildirilishiga doir asoslar; 9) apellyatsiya shikoyati (protesti) yuzasidan yozma fikrda bayon qilingan vajlar; 10) ishda ishtirok etuvchi va sud majlisida hozir boʻlgan shaxslarning tushuntirishlari; 11) apellyatsiya instansiyasi sudi tomonidan aniqlangan ish holatlari; sudning ushbu holatlar toʻgʻrisidagi xulosalari uchun asos boʻlgan dalillar; sud qarorni qabul qilishda amal qilgan qonunlar hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar; sudning u yoki bu dalillarni rad etishiga va ishda ishtirok etuvchi shaxslar havola qilgan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni qoʻllamaganligiga doir sabablar; 12) agar birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori toʻliq yoki qisman oʻzgartirilgan boʻlsa, apellyatsiya instansiyasi sudi uning xulosalariga qoʻshilmaganligining sabablari; 14) apellyatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari toʻgʻrisidagi xulosalar. Apellyatsiya instansiyasi sudining qarorida ishda ishtirok etuvchi shaxslar oʻrtasida sud xarajatlarining taqsimlanishi koʻrsatiladi. Apellyatsiya instansiyasi sudi qarorining koʻchirma nusxasi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga u qabul qilingan kundan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay ushbu Kodeksning 188-moddasida nazarda tutilgan tartibda yuboriladi. Apellyatsiya instansiyasi sudining qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/IPK)